Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sulhga kelishgan Hamas–Isroil, Xitoyda yangicha senzura va Afg‘oniston bo‘yicha “Moskva formati”ning talabi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Hamas–Isroil sulhga kelishdi
Isroil va HAMAS uzoq kutilgan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Misrda o‘tkazilgan bilvosita muzokaralar Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasining dastlabki bosqichi bo‘yicha kelishuvga olib keldi.
«Men faxr bilan e’lon qilamanki, Isroil va Hamas bizning Tinchlik rejamizning birinchi bosqichini imzoladi. Bu bilan barcha garovdagilar tez orada ozod qilinadi, Isroil esa kelishilgan chiziqqacha qo‘shinlarini orqaga tortadi, bu esa mustahkam va abadiy tinchlik yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘ladi», deb yozdi Tramp. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Yaqin Sharqqa yakshanba kuni safar qilishi mumkinligini bildirdi.
Bitim muvaffaqiyatli amalga oshsa, bu Tramp uchun yirik tashqi siyosiy yutuq bo‘ladi. U saylovoldi kampaniyasida global mojarolarga tinchlik olib kelishni va’da qilgan, biroq na G‘azoda, na Ukrainadagi urushda tez natijaga erisha olmagan edi.
Hamas ham urushni tugatish bo‘yicha bitimga erishilganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, kelishuv Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqish va garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashtirishni o‘z ichiga oladi.
«Xalqimizning qurbonlari befoyda ketmaydi. Biz erkinlik, mustaqillik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga erishmaguncha xalqimizning milliy huquqlaridan voz kechmaymiz», — deyiladi Hamas bayonotida.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu payshanba kuni hukumatni yig‘ib, kelishuvni rasman tasdiqlashini aytdi.
«Rejaning birinchi bosqichi ma’qullangach, barcha garovdagilar uylariga qaytadi», — dedi u bayonotida. «Bu diplomatik yutuq, shuningdek, Isroil davlati uchun milliy va ma’naviy g‘alabadir».
Bitim haqidagi xabarlar G‘azoda ham, Isroilda ham quvonch bilan kutib olindi. «Men yolg‘iz emasman — butun G‘azo, butun arab xalqi va butun dunyo bu tinchlikdan xursand», deya g‘azoliklardan birini so‘zini keltirmoqda Reuters.
Hamas manbasiga ko‘ra, tirik garovdagilar Isroil hukumati bitimni tasdiqlaganidan 72 soat o‘tib topshiriladi. O‘lik garovdagilarning jasadlarini topish esa uzoqroq davom etadi. Tramp Fox Newsʼga bergan intervyusida garovdagilar «dushanba kuni ozod qilinadi» degan.
Hamas avvalroq garovdagilar va Isroilda qamoqda saqlanayotgan falastinliklarning ro‘yxatini topshirganini bildirgan edi. Hamas Isroilning «qurolni topshirish» talabini rad etmoqda. Falastin manbasiga ko‘ra, bu masala Isroil bosqini tugamaguncha muhokama qilinmaydi.
Moskva Afg‘onistondagi xorijiy harbiy bazalarga qarshi chiqdi
Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning Moskva formatiga a’zo davlatlar ushbu mamlakatda uchinchi davlatlarning harbiy ishtirokiga qarshi chiqdi. Bu haqda 7 oktyabr kuni Rossiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan MMF yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.
Moskva formatidagi yig‘ilishda birinchi marta Afg‘oniston delegatsiyasi to‘laqonli ishtirokchi sifatida qatnashdi, unga «Tolibon» hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy boshchilik qildi. Ishtirokchilar orasida an’anaviy ravishda Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari bor edi.
«Mamlakatlarning Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarda o‘z harbiy infratuzilma obektlarini joylashtirishga urinishlari nomaqbul deb topildi, chunki bu mintaqaviy tinchlik va barqarorlik manfaatlariga mos kelmaydi», deyiladi bayonotda.
Hujjatda qaysi mamlakatlar Afg‘onistonda harbiy infratuzilma obektlarini joylashtirishga urinayotganiga aniqlik kiritilmadi. Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Afg‘onistondagi Bagrom aviabazasini qaytarish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
Xitoyda yangi senzura kampaniyasi
Sentyabr oyi oxirida Xitoy kibermakon boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarni «salbiy va pessimistik kayfiyatlarni haddan tashqari bo‘rttiradigan» va «tushkunlik»ni ilgari suruvchi, masalan, «astoydil ishlash befoyda» kabi kontentdan tozalash bo‘yicha ikki oylik kampaniyani e’lon qildi. Kampaniya haqida The New York Times xabar berdi.
Oqibatda bir nechta taniqli blogerlarning akkauntlari bloklandi. Ular orasida minimalist hayot tarzini va martaba ambitsiyalaridan voz kechishni targ‘ib qilgan ikki bloger ham bor. Shuningdek, G‘arbdagi hayot sifati Xitoyga qaraganda yuqori ekanidan shikoyat qilgan sharhlovchi ham bloklandi. Bloklangan blogerlarning ba’zilari o‘n millionlab auditoriyaga ega edi.
Xitoyning turli shaharlarida mahalliy hokimiyatning buyrug‘i bilan ijtimoiy tarmoqlardagi shahar muhiti sifati va uy-joy narxidan shikoyat qiluvchi akkauntlar bloklanmoqda. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida 1200 dan ortiq akkaunt mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasi holati haqida «mish-mishlar tarqatgani» uchun bloklandi.
Xitoyda kambag‘al oilalardan chiqqanlarning ijtimoiy harakatchanlik imkoniyatlari pastligi haqida gapiradigan va yozadiganlar ham senzuraga uchradi: tanishlari bo‘lmasa, ular IT yoki moliya kabi nufuzli sohalarda martaba qila olmaydi.
Nihoyat ular Xitoyda umidsizlik va ehtimol psixiatrik yordamning yetishmasligi tufayli sodir etilgan zo‘ravonlik jinoyatlari haqidagi yangiliklarni muhokama qilishni ham chekladi. Masalan, 2024 yilda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan bir qator jinoyatlarda umumiy motiv bor edi: hayot istiqbollari yo‘qligi uchun «jamiyatdan o‘ch olish» istagi.
Shu bilan birga, davlat ommaviy axborot vositalari «tushuntirish ishlari» olib bormoqda. Targ‘ibotga ko‘ra, davlat «eng tushkun voqealarni» aytib beradigan «hissiy yirtqichlar» bilan kurashmoqda.
Makron yangi bosh vazir topishi kerak
Fransiyaning iste’fodagi bosh vaziri Sebastyan Lekornu prezident Emmanuel Makron ikki kun ichida yangi hukumat rahbarini tayinlashi mumkinligini aytdi. Bu bayonot uning shu haftaning boshida bergan iste’fosidan so‘ng bildirildi.
Lekornu so‘nggi ikki kun davomida siyosiy partiyalar bilan muzokaralar o‘tkazganini va «fransuzlar rahbarlaridan murosaga kelishni xohlayotganini» ta’kidladi.
«Yana bosh vazir lavozimiga qaytish ehtimoli bormi?» degan savolga, u shunday javob berdi:
«Bugun kechga borib, o‘z missiyamni yakunlangan deb hisoblayman. Menimcha, vaziyat prezidentga 48 soat ichida yangi bosh vazirni tayinlash imkonini beradi».
Lekornu yangi hukumat 2027 yilgi prezidentlik sayloviga emas, balki yaqin siyosiy va iqtisodiy muammolarga e’tibor qaratishi kerakligini urg‘uladi. Unga ko‘ra, Makron yangi bosh vazir chap qanotdan bo‘lishi yoki bo‘lmasligi haqida o‘zi qaror qiladi. Shuningdek, u pensiya islohoti bo‘yicha oldinga siljish zarurligini va 2026 yil budjeti bo‘yicha siyosiy boshi berk ko‘chaga kirib qolmaslik kerakligini aytdi.
So‘nggi oylar davomida budjet masalasidagi kelishmovchiliklar Fransiyada siyosiy beqarorlikni kuchaytirgan. Moliya islohotlari bo‘yicha ishonchsizlik ovozlaridan so‘ng Mishel Barne va Fransua Bayru boshchiligidagi ketma-ket hukumatlar qulagandi.
Qozog‘istonda pedofillar bichiladi
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyruqqa o‘zgartirishlar kiritdi.
Hujjatga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan kimyoviy kastratsiya (bichish) ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin qo‘llanadi. Bunda kastratsiya majburlov chorasi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan muassasa ma’muriyati jazoni o‘tash muddati tugashidan kamida 12 oy oldin mahbusda ruhiy nuqsonlar va jinsiy zo‘ravonlikka moyillik mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlash uchun materiallarni sudga yuboradi.
Qozog‘istonda bolalarni zo‘rlaganlarga nisbatan kimyoviy kastratsiya qo‘llash 2018 yildan boshlab joriy etilgan. Muolaja faqat sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etishga moyil deb topilgan shaxslarga nisbatan sud hukmi bilan amalga oshiriladi.
O‘tgan yilning fevral oyida qozog‘istonlik deputatlar bolalarni zo‘rlaganlarni jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilishni taklif qilgan edi. Ammo tashabbus hozircha amalga oshirilmadi.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025