Jahon | 14:42 / 12.10.2025
12030
5 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi

Bu Pokiston o‘z hududida harakat qiluvchi jangarilar yetakchisini o‘ldirish uchun Kobulga aviazarba yo‘llashi ortidan ro‘y berdi.

«Tolibon» hukumati mamlakatning shimolidagi tog‘li hududlarda Pokiston qo‘shinlariga zarbalar yo‘llaganini tasdiqladi.

Qurbonlar soni hozircha noma’lum. «Tolibon» o‘z harakatlarini Pokiston Afg‘oniston havo hududini buzib kirgani va Kobulga zarba berganiga javoban o‘tkazilgan amaliyot deb atadi.

Pokiston ichki ishlar vaziri Muhsin Nakvi afg‘onlarning hujumlarini asossiz hujum deb atab, ularni tinch aholini o‘qqa tutishda aybladi. U Pokiston kuchlari Afg‘oniston zarbalariga javob qaytarishi haqida ogohlantirdi.

Islomobod Kobulni Pokiston hududida hujum uyushtirayotgan jangarilarni yashirishda ayblamoqda. «Tolibon» bu ayblovlarni rad etmoqda. Bu eskalatsiya Afg‘oniston TIV rahbarining Hindistonga tarixiy tashrifi fonida yuz berdi.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala tomon ham Pokistonning Xurram okrugida o‘qotar qurol va artilleriyadan foydalangan.

Nakvi «Tolibon»ning hujumlarini qoralab, «afg‘on kuchlari tomonidan tinch aholiga qarata o‘q uzish – xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi» ekanini ta’kidladi.

«Afg‘oniston olov va qon bilan o‘ynashmoqda», – deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Pokiston armiyasi vakili mamlakat fuqarolari hayoti va mulklarini himoyalash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini xabar qilgan.

Pokiston armiyasi hozircha rasmiy bayonot bermadi, biroq BBC’ning xavfsizlik kuchlaridagi manbasi Pokiston-Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab Angur-Ada, Bajaur, Xurram, Dir, Chitral va Bahromcha kabi bir necha nuqtada otishmalar bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

Xurram tumanidagi to‘qnashuv joyiga yaqin bo‘lgan politsiya xodimining BBC’ga aytishicha, Afg‘oniston tomonidan og‘ir qurollardan o‘t ochish mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida (Grinvich bo‘yicha 17:00) boshlangan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, chegaraning turli nuqtalaridan shiddatli otishmalar bo‘layotgani haqida xabarlar kelib tushgan.

Payshanba kuni kechga yaqin Kobulda ikkita portlash sodir bo‘lganidan keyin «Tolibon» hukumati Pokistonni Afg‘onistonning «suveren hududi»ni buzishda ayblagandi.

Juma kuni Afg‘oniston mudofaa vazirligi Pokiston mamlakat janubi-sharqidagi chegaradosh Paktika viloyatidagi fuqarolik bozorini bombardimon qilganini ma’lum qildi. Mahalliy aholi BBC’ning Afg‘oniston xizmatiga ko‘plab do‘konlar vayron bo‘lganini aytgan.

Pokistonning yuqori martabali generali o‘shanda Afg‘onistonni o‘z hududidan «Pokistonga qarshi terrorchilik operatsiyalari uchun baza» sifatida foydalanishda ayblagandi.

Pokiston uzoq vaqtdan beri Afg‘onistondagi «Tolibon»ni Pokistondagi «Tolibon» jangarilariga o‘z hududida qat’iy islomiy boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida Islomobodga qarshi kurash olib borishga ruxsat berishda ayblab keladi.

Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati buni har doim inkor etib kelgan.

Hozirgi eskalatsiya Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning Hindistonga bir haftalik tashrifi fonida yuz berdi. Diplomatik iliqlik doirasida Dehli Kobulda to‘rt yil oldin, «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan keyin yopilgan elchixonasini qayta ochish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Afg‘oniston Pokistonga boshqa yomon niyat bilan qarashga jur’at etmasligi uchun Hindiston kabi munosib javob oladi», – deya tahdid qildi Pokiston IIV rahbari.

O‘tgan oyda Pokiston bilan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan Saudiya Arabistoni Islomobod va Kobul o‘rtasidagi keskinlikka yo‘l qo‘ymaslik va vazminlikka chaqirdi.

Qatar ham bayonot berib, Pokiston-Afg‘oniston chegarasidagi keskinlikdan xavotir bildirgan hamda har ikki tomonni «muloqot, diplomatiya va vazminlikka ustuvorlik berish»ga chaqirgan.

Mavzuga oid