Jahon | 12:45 / 13.10.2025
1190
2 daqiqa o‘qiladi

GFR Suriyaga boshpana bo‘yicha rad javobi olganlarni chiqarib yubormoqchi

Germaniya ichki ishlar vaziri Dobrindt suriyaliklarning boshpana bo‘yicha murojaatlarini qayta ko‘rib chiqishni, bunda «mehnatga layoqatli yosh erkaklar»ga ustuvor ahamiyat berishni buyurdi. Rad javobi olganlar deportatsiya qilinadi.

Foto: Andreas Arnold/dpa/picture alliance

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Migratsiya va qochqinlar bo‘yicha federal idoraga (BAMF) suriyaliklarning boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni qaytadan boshlash haqida ko‘rsatma berdi. Rad etilganlar deportatsiya qilinadi, deya xabar beradi dpa axborot agentligi va Bild tabloidi 12 oktyabr, yakshanba kuni.

«Birinchi navbatda mehnatga layoqatli yosh erkaklar»ning arizalari ustuvor bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu toifadagi ariza beruvchilarga ustuvorlik berilishi sababi aniqlashtirilmagan. Rad javobi vatanini tark etganidan so‘ng u yerga borib kelgan suriyaliklarga ham beriladi.

Mamlakatda Bashar Asad tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida fuqarolik urushi avj olgach, 2012 yildan beri Germaniya Suriya fuqarolarini o‘z vatanlariga deportatsiya qilmadi. Hozirda Germaniya rasmiylari Suriya tomoni bilan nafaqat jinoyatchilar, balki boshpana berish rad etilganlarni ham deportatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilmoqda. «Biz Suriya bilan deportatsiya qilish imkoniyatini yaratish uchun kelishuv ustida ishlayapmiz. Biz jinoyatchilardan boshlamoqchimiz», — deydi Dobrindt Bild nashriga. Sentyabr oyida vazir 2025 yil oxirigacha bunday kelishuvni tuzishni maqsad qilganini aytgandi.

O‘tgan yil oxirida Asad rejimi ag‘darilgach, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari Suriya fuqarolarining boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. 2025 yil iyul holatiga ko‘ra, Germaniyada taxminan 955 ming suriyalik istiqomat qiladi. To‘xtatilganiga qaramay, yanvar va avgust oylari orasida Suriya fuqarolari Germaniyadan boshpana so‘rab 17 500 dan ortiq ariza topshirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid