Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga yangi raketalar, «Tolibon»–Pokiston mojarosi va Isroilga kelgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Hamas–Isroil sulhi
Bugun, 13 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil parlamentida qahramonona kutib olinishi va nutq so‘zlashi kutilmoqda. Chunki u vositachilik qilgan G‘azo sulhi tomonlarda katta umid uyg‘otmoqda.
Tramp Vashingtondan Isroilga uchayotgan paytida jurnalistlarga: «urush tugadi. Menimcha, endi mintaqa normal holatga qaytadi», dedi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, insonparvarlik yordami oshmoqda — mart oyidan beri ilk bor G‘azoga gazballonlari kiritilgan, oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazish kengaygan.
Endi jarayon Tramp boshchiligida Misrda o‘tkaziladigan, 20 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etadigan sammitda tasdiqlanishi kutilayotgan global majburiyatlarga bog‘liq.
Axios nashriga ko‘ra, Falastin prezidenti Mahmud Abbos sammitda qatnashadi, biroq Isroil rasmiylari bormaydi.
Isroil tomoni bugun qolgan garovdagilarni bosqichma-bosqich qaytarishni kutmoqda: dastlab 20 nafar tirik garovdagilar, keyin esa 28 kishi (26 nafari halok bo‘lgan, 2 nafari bedarak) topshiriladi.
Isroil Adliya vazirligi turli «jinoyatlar» uchun sudlangan 250 nafar falastinlikning ismini e’lon qildi. Ular almashuv doirasida ozod qilinadi. Ammo ro‘yxatda HAMASning yuqori martabali komandirlari: Marvon Barg‘utiy va Ahmad Sa’dat kabi figurantlar yo‘q.
Tramp rejasining keyingi bosqichi «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi xalqaro organ tuzishni nazarda tutadi, unga Tramp rahbarlik qiladi. Tramp ilgari sobiq Britaniya bosh vaziri Toni Blerni ushbu kengash a’zosi sifatida tilga olgan, ammo yakshanba kuni Iroq urushidagi roli sababli Blerning nomzodi bahsli bo‘lishi mumkinligini aytdi.
KXDRning yangi gipertovushli quroli
10 oktyabr kuni Shimoliy Koreya hukumati Koreya Mehnat partiyasi tashkil topganining 80 yilligini harbiy parad bilan nishonladi, unda yangi gipertovushli planer bloki va qit’alararo ballistik raketalar, jumladan, yangi «Xvason-20» qit’alararo ballistik raketasi ham namoyish etildi. Paradni KXDR yetakchisi bilan birga Rossiyaning sobiq prezidenti, mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham kuzatib bordi.
«Xvason-11Ma» gipertovushli quroli va «Xvason-20» qit’alararo ballistik raketasi davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan Shimoliy Koreyaning «eng kuchli yadroviy strategik qurol tizimi» sifatida ta’riflandi.
Sentyabr oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat yangi «maxfiy» qurolga ega bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Ekspertlar fikricha, o‘shanda u aynan «Xvason-20» raketasini nazarda tutgan.
«Xvason-11» seriyasidagi qurollar Rossiyaning «Iskander» raketalari asosida yaratilgan qisqa masofali ballistik raketalardir. U gipertovushli deb ataladi, chunki tovush tezligidan besh baravar yuqori tezlikda harakatlanib, manyovrlarni amalga oshira oladi.
BBC’ning Seuldagi muxbiri xabar berishicha, paradda ulkan raketaning paydo bo‘lishi mushakbozlik va olqishlar bilan kechgan. Raketaning hajmi shuni ko‘rsatadiki, u ko‘plab yadroviy kallaklarni olib yurishga qodir va nazariy jihatdan AQSh hududining istalgan nuqtasiga zarba bera oladi, deya ta’kidlaydi muxbir.
«Tolibon» va Pokiston mojarosi
Afg‘oniston rasmiylari yakshanba kuni o‘z xavfsizlik kuchlari Pokiston chegarasidagi harbiy postlarga «javob zarbalari»ni yo‘llaganini bildirdi. Kobulning aytishicha, bu o‘tgan hafta Pokiston tomonidan Afg‘onistonga uyushtirilgan havo hujumlariga javob bo‘lgan. Pokiston armiyasiga ko‘ra, shanba kungi janglarda kamida 23 nafar askar halok bo‘lgan, 29 nafari yaralangan. «Tolibon» hukumati esa 9 nafar afg‘on askari o‘lganini va kamida 16 nafari yaralanganini ma’lum qildi.
Ushbu kechagi jang ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaroni kengroq qurolli to‘qnashuvga aylanishi mumkinligidan xavotir uyg‘otdi. «Tolibon» 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan buyon Kobul va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar tobora sovuqlashib bormoqda.
«Tolibon» hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid yakshanba kuni jurnalistlarga jang yarim tunda to‘xtaganini, bunga Qatar va Saudiya Arabistoni aralashuvi sabab bo‘lganini aytdi. U Pokistonni ogohlantirib: «Afg‘oniston suverenitetini buzadigan har qanday harakat javobsiz qolmaydi», - dedi.
Pokiston armiyasi bayonotida aytilishicha, Afg‘oniston hujumi tunda og‘ir o‘t ochish va Pokiston hududiga kirib amalga oshirilgan reydlarni o‘z ichiga olgan. Pokiston bunga javoban Afg‘oniston ichkarisida artilleriya va havo zarbalari bilan javob berganini bildirdi. Har ikki tomon ham o‘nlab qurbonlar borligini da’vo qilgan, biroq chegaradagi hududlarga kirish cheklangani sabab bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif yakshanba kuni oxirgi to‘qnashuvga bevosita izoh bermagan bo‘lsa-da, o‘z armiyasini «chegaradagi afg‘on provokatsiyalariga kuchli va samarali javob bergani» uchun olqishladi.
So‘nggi yillarda Afg‘oniston va Pokiston hukumati munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgan bo‘lsa-da, harbiy to‘qnashuvlar va diplomatik tarangliklar davom etmoqda. Avgust oyida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Xitoy hamkasbi bilan uchrashgan, biroq Pokiston hanuz «Tolibon» hukumatini Afg‘onistonning qonuniy hokimiyati sifatida tan olmagan.
Tramp: Kiyevga Tomahawk'ni berishim mumkin
Agar Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni tinch yo‘l bilan hal qilishdan bosh torsa, Kiyev Amerikaning Tomahawk qanotli raketalarini olishi mumkin, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp 13 oktyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Air Force One bortida. Uning aniqlik kiritishicha, 11 va 12 oktyabr kunlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bu masalani muhokama qilgan va bu chora «tajovuzkorlikning yangi qadami» bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
«Balki rossiyaliklar bilan Tomahawk haqida gaplashishim kerakdir. Ular Tomahawk o‘zi tomon uchishini xohlaydimi? Men bunday deb o‘ylamayman», - dedi Tramp.
Agar qaror qabul qilinsa, AQSh raketalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga emas, balki ularni Kiyevga topshirishi mumkin bo‘lgan NATO mamlakatlariga sotadi.
«Tomahawk — aql bovar qilmaydigan qurol, juda hujumkor qurol. Ochig‘ini aytsam, bu Rossiyaga kerak emas. Men ularga aytishim mumkinki, agar bu urush hal etilmasa, biz buni hal qilamiz. Biz buni qilmasligimiz yoki qilishimiz mumkin», deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muxbir Pavel Zarubin bilan intervyusida bu haqda munosabat bildirdi.
«Haqiqatan ham ko‘p bayonotlar yangramoqda, ularning har birini hali tahlil qilish kerak. Biz barchasini diqqat bilan qayd etyapmiz. Tomahawk mavzusi bizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Prezident Putin ham bu haqda gapirgan edi», - dedi Kreml vakili.
Peskovning ta’kidlashicha, «Tomahawk — jiddiy qurol, ammo u frontlardagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi», - dedi Peskov.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Ukraina mojarosini tartibga solish masalasi «nihoyatda dramatik bosqichga kirganini», turli tomondan keskinlik oshirilayotganini qayd etdi.
Tojikiston Putinni hibsga olmadi
Yevropa Ittifoqi Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun berilgan order bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda aybladi.
Tegishli bayonot Yevropa tashqi aloqalar xizmati tomonidan tarqatildi. Tojikiston XJS Rim statutiga a’zo davlat hisoblanadi.
«Yevropa Ittifoqi Ukrainada XJS prokurori tomonidan olib borilayotgan tergovlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va barcha davlatlarni hamkorlikka chaqiradi», deyiladi bayonotda.
Putin 9-10 oktyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etgandi.
XJS 2023 yil mart oyida Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan. Rossiya Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025