Jahon | 15:55 / 14.10.2025
6962
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi tarixiy kun, AQShni ikki standartlikda ayblagan Xitoy va migrantlarni chiqarib yubormoqchi bo‘lgan Rossiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning «tarixiy sammiti» va noaniq kelajak

13 oktyabr kuni AQSh vositachiligida tuzilgan rejaning birinchi, hal qiluvchi bosqichiga ko‘ra, Hamas 20 nafar tirik isroillik garovdagini ozod qildi. Shu bilan birga Isroil 1 700 nafar ayblovsiz hibsda saqlangan falastinlikni hamda 250 nafar umrbod qamalgan mahbusni qo‘yib yubordi. Ulardan qariyb 100 nafari G‘arbiy sohilga qaytarildi, 154 kishi Misrga deportatsiya qilindi, oz qismi esa Sharqiy Quddusga jo‘natildi.

Ramalloh va Xon Yunusda ozod etilgan falastinliklarni minglab odamlar bayroqlar bilan kutib oldi. Hamas hozircha faqat to‘rt nafar halok bo‘lgan garovdagining jasadini qaytarishini ma’lum qildi, chunki barcha qabr joylarini aniqlash vaqt talab etadi. Isroil armiyasi esa jasadlarning shaxsini sud-tibbiy tekshiruv orqali tasdiqlamoqda.

Dushanba kuni amalga oshgan almashinuv ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga yetib keldi va Knessetda tarixiy nutq so‘zladi. «Osmon tinch, qurollar jim, sirenalar to‘xtagan — muqaddas yerda nihoyat tinchlik quyoshi porlayapti», dedi Tramp parlament a’zolari oldida. Uning nutqi zalda olqishlar bilan kutib olindi, bir deputat esa «Falastinni tan oling» degan yozuvni ko‘targani uchun zaldan chiqarib yuborildi.

Shundan so‘ng Tramp Misrning Sharm ash-Shayx shahrida o‘tgan sammitda ishtirok etdi. U yerda AQSh, Misr, Qatar va Turkiya rahbarlari ikki yillik urushga chek qo‘yish haqida deklaratsiya imzoladi. Tramp hujjatni «tarixiy burilish» deb atadi, ammo na Isroil va na Hamas yig‘ilishda qatnashdi.

New York Times'ning yozishicha, «keng qamrovli» deb ta’riflangan bu hujjatning asl mazmuni ochiqlanmagan. Tramp uni imzolash oldidan «juda ko‘p qoidalar va mexanizmlarni o‘z ichiga olgan mukammal hujjat» deb ta’rifladi, ammo aniq tafsilotlar keltirmadi. Misr prezidenti idorasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, «kelishuvning keyingi bosqichlarida G‘azoni boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash va qayta qurish» masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar boshlanadi.

Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasiga ko‘ra, G‘azo avval vaqtinchalik falastinlik texnokratlar qo‘mitasi tomonidan boshqariladi va bu qo‘mita «Tinchlik kengashi» nazoratida ishlaydi. Keyinchalik hokimiyat isloh qilinganidan so‘ng Falastin ma’muriyatiga topshiriladi.

Biroq keyingi bosqichlarga o‘tish oson bo‘lmaydi. Asosiy ziddiyatlar — Isroil qo‘shinlarini chiqarish jadvali, Hamasning qurolsizlanishi va G‘azo boshqaruvining kelajagi. Hamas ilgari «Falastin davlati tuzilmas ekan, qurolsizlanmaymiz» degan pozitsiyada qolmoqda, Isroil esa Falastin ma’muriyatining kelajakdagi ishtirokini rad etmoqda.

Xitoy AQShni ikki tomonlama standartlarda aybladi

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yangi yirik bojlar e’lon qilinishi ortidan Xitoy Vashingtonni ikki tomonlama standartlarda aybladi. «Trampning tariflar haqidagi e’loni ikki tomonlama standartlarning odatiy namunasidir», deya ma’lum qildi Xitoy Savdo vazirligi 12 oktyabr, yakshanba kuni. «Yuqori tariflarning doimiy tahdidlari Xitoy bilan munosabatlarga to‘g‘ri yondashuv emas», - deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Juma kuni Tramp Xitoyning nodir metallar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishiga javoban Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik tariflarni e’lon qildi. Ushbu tariflar 1 noyabrdan kechikmay kuchga kiradi va bojxona cheklovlari joriy qilingan tovarlarga nisbatan qo‘llanadi. Prezident, shuningdek, Xitoyga «muhim dasturiy ta’minot» eksportini cheklash niyatida ekanini ma’lum qildi va Xitoy rahbari Si Jinping bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor etish bilan tahdid qildi.

Nodir elementlar Pekin va Vashington o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligida asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Payshanba kuni Xitoy Savdo vazirligi ushbu materiallarni qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq texnologiyalar bo‘yicha qat’iy eksport nazoratini e’lon qildi. Endilikda kompaniyalar nodir tuproq metallarini ishlab chiqarishda qo‘llanadigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni eksport qilishdan oldin ruxsat olishi kerak.

Pekin bu qarorni milliy xavfsizlikni himoya qilish uchun zarur deb tushuntirdi, chunki nodir yer elementlari harbiy maqsadlarda ham qo‘llanadi.

Meksikada halokatli yomg‘irlar

Meksikada jala yomg‘irlar keltirib chiqargan toshqinlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 47 nafarga yetdi, yana 38 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.

Mamlakatning Fuqarolik mudofaasi milliy koordinatsiyasi ma’lum qilishicha, tabiiy ofat Verakrus, Puebla, Idalgo, Keretaro va San-Luis-Potosi shtatlarini qamrab olgan. Qutqaruv ishlari ushbu hududlarda «to‘xtovsiz» tarzda davom etmoqda.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum toshqindan eng ko‘p zarar ko‘rgan Verakrus, Puebla va Idalgo shtatlariga borib, vaziyatni o‘rganib chiqdi. Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi hamda hukumat aholiga yordam ko‘rsatish uchun barcha resurslarni safarbar etishga tayyorligini ta’kidladi.

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik toshqindan 200 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rgan, 50 mingga yaqin uylarga zarar yetkazilgan.

Ba’zi shaharlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan, asosiy avtomagistrallar suv toshqini sababli yopilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda uylar suv ostida qolganini, ayrim fuqarolar esa yordam kutib, tomlarga chiqib olganini ko‘rish mumkin.

Rossiya yuz minglab migrantlarni chiqarib yubormoqchi

1 sentabr holatiga ko‘ra, Rossiya IIV nazorat ostidagi shaxslar reyestrida 770 ming migrant bor, ularning uchdan bir qismi ayollar va bolalardir. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi quyi palata raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi. «Endi ularga nisbatan yangi migratsiya rejimi – mamlakatdan chiqarib yuborish rejimi amal qiladi», dedi Volodin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Federal sud ijrochilari xizmati tomonidan joriy yilning 8 oyi davomida migratsiya qonunchiligini buzgan 35 mingga yaqin xorijlik mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Volodin 10 sentabr kuni nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lish muddati tugaganini eslatdi.

Rossiyada 2025 yil 5 fevraldan boshlab migratsiya qoidalarini buzgan xorijliklarni maxsus reyestrga kiritish boshlangan edi. Volodinning aniqlik kiritishicha, ro‘yxatga fuqarolik yoki migratsiya maqomini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlarni taqdim etmagan, patent, ishlash uchun ruxsatnoma yoki mehnat shartnomasi muddati o‘tgan migrantlar ham kiritiladi.

Rossiyada ushbu ro‘yxatga kiritilganlarning bir qator huquqlari cheklanadi: haydovchilik guvohnomasini ololmaydi, transport vositasini boshqara olmaydi, bankda hisobraqami ocholmaydi va o‘z mablag‘larini tasarruf eta olmaydi.

Uning aytishicha, o‘z xohishi bilan ketmaganlar jarima bilan majburiy chiqarib yuboriladi va 5 yillik kirish taqiqi oladi.

Zelenskiy AQShga boradi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan juma kuni Vashingtonda uchrashuv o‘tkazishini ma’lum qildi. Uchrashuvda Ukraina havo mudofaasi va uzoq masofali zarba berish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Ikki rahbar shanba va yakshanba kunlari telefon orqali suhbatlashgan. Bu suhbatlar davomida AQSh tomonidan Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasi faol muhokama qilindi. Shuningdek, bosh vazir Yuliya Sviridenko boshchiligidagi ukrainalik delegatsiya juma kungi uchrashuvdan avval Vashingtonga tashrif buyuradi.

Kiyev AQSh ishlab chiqargan, Moskva hududigacha uchib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan raketalarni olish uchun faol lobbi qilmoqda. Ukrainalik rasmiylar bu qurollar faqat harbiy nishonlarga qarshi ishlatilishini ta’kidlasa, Moskva bunday qadamni «jiddiy eskalatsiya» deb atadi.

«Rostini aytsam, biz o‘z qarashlarimizni Tramp bilan allaqachon muhokama qildik... ammo ba’zi masalalarni telefon orqali emas, yuzma-yuz gaplashish kerak. Shuning uchun uchrashamiz», - dedi Zelenskiy.

Tramp esa Ukrainaga raketalarni yuborish masalasini ko‘rib chiqayotganini, lekin bu borada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham suhbat o‘tkazishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid