Jahon | 19:36 / 14.10.2025
4484
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp TIME muqovasidagi suratini tanqid qildi

Oq uy rahbari o‘zi haqidagi maqolani «nisbatan yaxshi» deb atadi, ammo fotosurat, uning so‘zlariga ko‘ra, «ehtimol, eng yomoni» bo‘lgan.

Foto: TIME

Donald Tramp isroillik garovga olinganlar ozod qilinib, G‘azo sektorida tinchlik sulhi tuzilgandan keyin TIME jurnali muqovasiga joylashtirilgan suratini tanqid qildi.

AQSh prezidentiga bag‘ishlangan maqola «Tramp ma’muriyati G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qanday tuzdi» deb nomlanadi.

«G‘azoda garovga olingan tirik isroilliklar Donald Trampning tinchlik rejasining birinchi bosqichi doirasida falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborish bilan bir vaqtda ozod qilindi. Bu kelishuv Trampning ikkinchi muddatidagi asosiy yutug‘i bo‘lishi va Yaqin Sharq uchun strategik burilish yasashi mumkin», deb yozdi TIME.

Tramp o‘zi haqidagi maqolani «nisbatan yaxshi» deb atadi, ammo fotosurat, uning so‘zlariga ko‘ra, «ehtimol, eng yomoni» bo‘lgan.

«Ular sochlarimni «olib tashladi» va boshimning tepasiga uchib yurgan tojga o‘xshash, lekin juda kichkina narsani qo‘ydi. Juda g‘alati! Men hech qachon pastdan yuqoriga qarab suratga olishni yoqtirmaganman, lekin bu ayniqsa muvaffaqiyatsiz va tanqidga loyiq. Ular nima qilyapti va nima uchun?», deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

TIME jurnalining muqovasi jahon ommaviy axborot vositalarining eng nufuzli va taniqli ramzlaridan biridir. Unga tushish xalqaro miqyosda e’tirof etilish, jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lish va ma’lum bir davr tarixiga kirish demakdir. TIME muqovasi shunchaki suratga olish joyi emas, balki shaxsning ta’siri, muvaffaqiyati va ahamiyati belgisidir.

TIME kamdan-kam hollarda muqovani tasodifan tanlaydi: tahririyat joriy vaqtning ruhi va voqealarini kim aniq belgilashini sinchkovlik bilan tahlil qiladi.

Mavzuga oid