AQSh prezidenti Donald Tramp FIFAdan mamlakat milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning qizil kartochkasini bekor qilishni so‘raganini rasman tan oldi. Avvalroq Xalqaro futbol federatsiyasi shov-shuvli tarzda ushbu amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini bir yilga kechiktirgandi va unga Belgiyaga qarshi o‘yinda qatnashish imkonini bergandi.
Prezidentning samimiy iqrori
Tramp 6 iyul kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida jahon chempionatidagi so‘nggi shov-shuvli voqealar yuzasidan bayonot berdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, turnir 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) Balogunni chetlatish uchun hech qanday sabab bo‘lmagan.
«Men epizodni ko‘rdim. O‘zim yaxshi sportchi bo‘lganman, sportni yoqtiraman va uni juda yaxshi tushunaman. U yerda fol yo‘q edi. Shunchaki ikki baquvvat yigit katta tezlikda yugurayotib, o‘zaro to‘qnashib ketgan. Bu hakam esa... uning tarixini surishtiradigan bo‘lsak, savollar tug‘iladi. Bilasizmi, men mojaro keltirib chiqarishni yoqtirmayman, ammo u juda shubhali. U shunday qarorlar chiqarganki, hech kim ishonmagan. Hatto raqib jamoalar ham hayron bo‘lishgan», – dedi Tramp.
U sportdan xabardor ekanini aytganiga qaramay, futboldagi qoidalarni yaxshi tushunmasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
«Ular bu vaziyatni sekinlashtirilgan kadrda qayta ko‘rib chiqmasligi kerak edi. Chunki u yerda barchasi boshqacha ko‘rinadi. Oddiy tezlikda qaraganda esa ikki yigit shunchaki to‘qnashib ketganini ko‘rish mumkin.
Balogun hech qanday yomon ish qilmadi. U – bizning eng yaxshi, juda muhim futbolchilarimizdan. Ular esa unga qizil kartochka ko‘rsatdi...
Men qizil kartochka nimaligini ham bilmasdim. Buni unchalik muhim emas deb o‘ylagandim. Keyin esa menga u keyingi o‘yinda qatnasha olmasligini aytishdi... Bu adolatsizlik bo‘lgan bo‘lardi. Eng yaxshi futbolchingdan o‘yin vaqtida ayrilish, kimnidir o‘yin davomida jazolash – boshqa ish. Ammo hali o‘ynalmagan o‘yin uchun jazolash – haddan tashqari adolatsizlik, bunday qilib bo‘lmaydi», – deya qayd etgan prezident.
Shundan keyin Tramp chindan ham FIFA prezidenti Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilishni so‘raganini tan oldi.
«Shuning uchun, ha, men FIFAdan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radim. Men o‘zim juda hurmat qiladigan odam bilan gaplashdim. Darvoqe, uni endi yanada ko‘proq hurmat qila boshladim. Uni bungacha ham hurmat qilardim, endi esa o‘n karra ko‘proq hurmat qilaman. U AQShda jahon chempionatini o‘tkazish uchun juda ko‘p ish qildi.










