Joel Mokir, Filipp Agon va Piter Xauit 2025 yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Ular texnologik yangiliklar, “bunyodkor buzg‘unchilik” (creative destruction) va ilmiy taraqqiyot doimiy iqtisodiy o‘sishni qanday ta’minlashi mumkinligini ilmiy asoslab berishgan.

Texnologiya tez sur’atlarda rivojlanadi: yangi mahsulotlar va ishlab chiqarish usullari eski tizimlarning o‘rnini egallaydi. Bu insoniyatga yaxshiroq turmush darajasi, sog‘liq va hayot sifatini olib keladi.

Ammo tarixning katta qismda bunday bo‘lmagan – o‘sish emas, turg‘unlik hukm surgan. Yangi kashfiyotlar bo‘lib turgan bo‘lsa-da, ularning ta’siri vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketgan.

Innovatsiyalar uchun fundament kerak

Bu yilgi mukofotning umumiy summasi – 11 million shved kronasi (taxminan 1,2 million AQSh dollari). Uning yarmi Joel Mokirga, qolgan yarmi esa Filipp Agon va Piter Xauitga beriladi.

Mokir tarixiy manbalar orqali nima sababdan sanoat inqilobidan keyin o‘sish odatiy holga aylanganini o‘rgangan. U innovatsiyalar zanjiri o‘z-o‘zidan davom etishi uchun “nimadir ishlaydi” degan bilimning o‘zi yetarli emas, nima uchun ishlashini tushuntirib beradigan ilmiy asos zarur, degan xulosaga kelgan.

Shu bilan birga, Mokir jamiyatning yangi g‘oyalarga ochiqligi va o‘zgarishlarni qabul qilishga tayyorligi ham o‘sishning muhim sharti ekanini ta’kidlaydi.

Agon va Xauitning “bunyodkor buzg‘unchilik” nazariyasi

Fransiyalik Filipp Agon va kanadalik Piter Xauit 1992 yilda chop etilgan maqolalarida “bunyodkor buzg‘unchilik” modelini ilgari surgan. Bu modelga ko‘ra, yangi va samaraliroq mahsulot paydo bo‘lganda eski mahsulotlarni ishlab chiqargan kompaniyalar bozordan chiqib ketadi. Innovatsiya “bunyodkorlik” xususiyatga ega, chunki u taraqqiyot olib keladi, lekin ayni vaqtda “vayronkor” ham, chunki u eski texnologiyalar intihosini anglatadi.

Bu jarayon doimiy o‘sishni ta’minlaydi, biroq u bilan birga, manfaatlar to‘qnashuvi ham yuz beradi. Olimlarning fikricha, agar bu to‘qnashuvlar oqilona boshqarilmasa, yirik kompaniyalar va manfaatdor guruhlar innovatsiyalarga to‘siq bo‘lishi mumkin.

“Laureatlarning ishlari iqtisodiy o‘sishning o‘z-o‘zidan yuz beradigan narsa emasligini ko‘rsatadi. Biz “bunyodkor buzg‘unchilik”ni qo‘llab-quvvatlaydigan mexanizmlarni saqlab qolishimiz kerak, aks holda insoniyat yana turg‘unlik davriga qaytishi mumkin”, deydi mukofot qo‘mitasi raisi Jon Xassler.