Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli Putinni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishiga ishonmoqda – OAV
Oq uy rahbari avvalroq Ukrainadagi urushni tugatish o‘zi o‘ylagandan ko‘ra ancha qiyinroq bo‘lganini bir necha bor ta’kidlagan edi. Biroq, endi G‘azoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha AQSh ma’muriyatining muvaffaqiyatidan so‘ng, Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish mumkin degan fikrda mustahkamlandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi ehtimoliy kelishuvga nisbatan «optimistik» munosabatda bo‘lib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Rossiyadagi katta yo‘qotishlar va iqtisodiy muammolar fonida bosqinni to‘xtatishga ko‘ndirishiga ishonmoqda.
Bu haqda Politico nashriga Oq uydan xabardor manbalar ma’lum qildi. «Prezident optimizmni saqlab qolmoqda va ikkala tomonni ham bema’ni qotilliklarni to‘xtatishga ko‘ndira olishiga ishonmoqda», deb ta’kidlab o‘tgan amerikalik amaldor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Moskvaning harbiy va iqtisodiy pozitsiyalari tufayli muzokaralar stoliga o‘tirish uchun motivatsiyasi borligiga ishonadi. «Prezident ta’kidlaganidek, iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutgan va «deyarli hech narsani qo‘lga kiritmasdan» minglab odamlarni yo‘qotishda davom etayotgan Rossiya uchun urush reja bo‘yicha ketmayapti. Agar ular aqlliroq bo‘lganida, Rossiyaning obro‘siga katta zarar yetkazgan urushga chek qo‘yish, qotilliklarni to‘xtatish va mamlakatni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun tezroq kelishuv tuzgan bo‘lardi», dedi suhbatdosh.
Tramp avvalroq Ukrainadagi urushni tugatish o‘zi o‘ylagandan ko‘ra ancha qiyinroq bo‘lganini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq, endi G‘azoda tinchlik o‘rnatish va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha AQSh ma’muriyatining muvaffaqiyatidan so‘ng, Oq uy Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish mumkin degan fikrda mustahkamlandi.
«Prezident Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga chek qo‘ygani kabi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga chek qo‘yish istagini bildirdi», dedi AQSh ma’muriyati vakili.
Bir kun avval Amerika prezidenti Rossiya iqtisodiyoti qulash arafasida ekanini, oqibatda Rossiyadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida «benzin uchun uzun navbatlar» borligini aytdi. «Rossiyada hozir benzin uchun uzun navbatlar bor, tasavvur qilyapsizmi? Bunday bo‘lishini kim ham tasavvur qila olardi?», dedi Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya iqtisodiyoti «kollapsda» ekanini ta’kidlab. Shuningdek, u Rossiya Ukraina bilan urushda halok bo‘lgan va yaralangan 1,5 millionga yaqin odamini yo‘qotganini aytdi.
AQSh va RF prezidentlarining avgust oyi o‘rtalarida Alyaskada yuzma-yuz uchrashuvi va Trampning Putinga urushni to‘xtatish bo‘yicha bir necha bor qilgan chaqiriqlariga qaramay, Kreml amalda Vashingtonning barcha tinchlik tashabbuslarini e’tiborsiz qoldirib, tinchlik shartnomasi uchun bajarib bo‘lmaydigan shartlarni ilgari surdi.
17 oktyabr kuni Tramp Oq uyda prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi va uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini Kiyevga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kutilmoqda, buning oqibatida Rossiyaning ikki mingga yaqin harbiy obektlari kuchli zarbalar xavfi ostida qoladi.