Qozog‘iston Tsement va beton ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (QazCem) rahbari Yerbol Aqimbayev Forbes Kazakhstan’ga bergan intervyusida O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan «maxfiy hujjat» haqida gapirdi. Aqimbayevga ko‘ra, mazkur «yashirin» qaror Qozog‘istondan eksport hajmining keskin kamayishiga sabab bo‘lyapti.

«O‘zbekistonda Qozog‘istondan keltirilayotgan sementni 300 dollar narxda deklaratsiya qilishni va aynan shu summa asosida soliq to‘lashni majburiy qilib qo‘yishgan. Aslida esa biz sementni 30 dollar narxda olib kiramiz. Demak, soliqlar ham shunga yarasha past bo‘lishi kerak», dedi QazCem rahbari.

Jurnalistning «Bu qonuniymi?» degan savoliga Aqimbayev holat juda nozik ekanligiga urg‘u berib, boshqa davlatning huquqiy hujjatlari qonuniy yoki yo‘qligini baholay olmasligini aytdi.

«Agar hujjat joriy etilgan bo‘lsa, demak, bojxona xodimlari uni bajarishga majbur. Ammo unda o‘zaro savdo hajmini oshirish haqidagi bayonotlar qayerda qoladi? Endi qarang: ular bu buyruqni kiritgach, so‘nggi yetti yil ichida birinchi marta bizning O‘zbekistonga eksportimiz nolga tenglashdi. Avgust oyida biz O‘zbekistonga bir tonna ham sement eksport qilmadik. Chunki ular majbur qilayotgan narxda sementni hech kim sotib olmaydi. Agar O‘zbekiston shunday yo‘l tutayotgan bo‘lsa, demak, Qozog‘iston ham javob choralarini ko‘rishga haqli», dedi QazCem rahbari.

Aqimbayevning iddao qilishicha, bu qaror yashirin tarzda qabul qilingan va uni ochiq manbalarda topishning imkoni yo‘q.

«Afsuski, bizda hozircha ishonchli dalil yo‘q. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining o‘sha qarori ochiq manbalarda topilmayapti. Faqatgina O‘zbekiston bojxonasidagi xodimning telefon ekranidan olingan suratgina bor. Bu go‘yoki «yetti muhr bilan yopilgan sir»ga aylangan. Nega? Chunki agar bu buyruq ochiq e’lon qilinsa, darhol katta shov-shuv ko‘tariladi», dedi u.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga sement import qilish uchun 30 foizlik boj joriy qilingan.

Qozog‘iston sement bozoridagi vaziyat

Yerbol Aqimbayev Qozog‘iston ichki bozori to‘yingani fonida sement zavodlari yopila boshlagani haqida ham gapirdi.

«Bizda ortiqcha ishlab chiqarish inqirozi yuzaga kelgan. Ishlab chiqarish quvvatlarimiz hozirda mamlakat ehtiyojidan deyarli 1,5 baravar ko‘p, yaqinda esa bu ko‘rsatkich ikki baravarga chiqadi. Chunki bizda hozir yana uchta yangi zavod qurilyapti: ikkitasi Aqtobe viloyatida, bittasi esa G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida. Takror aytaman, shundoq ham bizda yetarli darajada sement bor», dedi u.