O‘zbekiston | 23:42 / 16.10.2025
3912
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayollar erkaklardan ko‘proq umr ko‘rishi ma’lum bo‘ldi

Uzoq umr ko‘ruvchilarning 66,3 foizini ayollar, 34,6 foizini erkaklar tashkil etmoqda.

Foto: Kun.uz

2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 90 va undan katta yoshdagi odam soni 18915 nafarni tashkil etdi. Bu haqda «Oila va gender» ilmiy tadqiqot instituti xabar berdi.

Qayd qilinishicha, uzoq umr ko‘ruvchilarning 66,3 foizini ayollar, 34,6 foizini erkaklar tashkil etadi.

Shahar joylarida uzoq umr ko‘ruvchilar soni qishloqlarga qaraganda ko‘pchilikni tashkil etadi (shaharda – 56,5 foiz, qishloqda – 43,5 foiz).

Hududlar kesimida uzoq umr ko‘ruvchilar soni Farg‘ona viloyati (2582 nafar) Toshkent shahri (2155 nafar), Qashqadaryo viloyati (2011 nafar), Surxondaryo viloyati (1799 nafar) va Toshkent viloyatida (1740 nafar) yuqori.

Demografik prognozlarga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar soni muntazam oshib boradi hamda 2030 yilda 45 mingga, 2040 yilda 94 mingga yaqinlashadi. Ta’kidlanishicha, bu o‘sishning asosiy sababi 1935–1950 yillarda tug‘ilgan avlodning uzoq umr ko‘ruvchi yoshga kirishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligining ortishi ham uzoq umr ko‘ruvchilar sonining ko‘payishini ta’minlamoqda. Jumladan, 2010 yilda respublikada hayot davomiyligi o‘rtacha 73 yoshni, 2024 yilga kelib esa 75,1 yoshni tashkil etgan.

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishning eng muhim omili – ijtimoiy faollik hisoblanadi. Qayd qilinishicha, uzoq umr ko‘ruvchilarning 76,3 foizi faol ijtimoiy hayot tarzi insonni ruhan va jismonan sog‘lom saqlashini ta’kidlagan. Bu tendensiya ayollar (76,4 foiz) va erkaklar (76 foiz) o‘rtasida deyarli bir xil darajada namoyon bo‘lgan.

Shu bilan birga, genetik omillar ham ahamiyatli bo‘lib, respondentlarning 38,8 foizi o‘z oilasida uzoq umr ko‘ruvchilar ko‘pligi o‘zining uzoq umr ko‘rishiga turtki bo‘lgan deb hisoblaydi.

Mavzuga oid