Jahon | 20:17 / 17.10.2025
10062
3 daqiqa o‘qiladi

Novosibirskda YTH oqibatida bir o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, ikkinchisi jarohatlandi

Rossiyaning Novosibirsk oblastida o‘zbekistonlik haydovchilar boshqaruvidagi yuk mashinalari to‘qnashdi. Haydovchilarning biri voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi shifoxonaga yotqizilgan. YTHga sababchi bo‘lgan yengil mashina haydovchisi o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Foto: Novosibirsk Davlat avtoinspeksiyasi

16 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Novosibirsk oblastida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Hudud Davlat avtoinspeksiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, voqea mahalliy vaqt bilan yarim tunda, soat 1:20 atrofida Orda rayonida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Renault Sandero boshqaruvida bo‘lgan 39 yoshli ayol haydovchi K-17R «Novosibirsk – Kochki – Pavlodar» yo‘lida ketayotganida, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Uning mashinasi DAF yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Natijada, DAF haydovchisi ham boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va Volvo yuk mashinasiga urilgan.

DAF haydovchisi, 42 yoshli o‘zbekistonlik olingan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Volvo haydovchisi – 55 yoshli o‘zbekistonlik esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.

Tarmoqlarda mazkur YTH oqibatlari aks etgan video tarqaldi. Video muallifi o‘zbek tilida gapirib, DAF ortidan kelayotganida fojiali voqeaga guvoh bo‘lganini aytadi va avariyaga uchragan yuk mashinalarini ko‘rsatadi – videoda 85 (85, Navoiy viloyati) 40 (Volvo, Farg‘ona viloyati) bilan boshlangan davlat raqamlarini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi Podrobno.uz nashri so‘roviga javoban, yuk mashinalari haydovchilari o‘zbekistonliklar bo‘lganini tasdiqlagan.

Mahalliy nashrlarda YTHga sababchi bo‘lgan haydovchi ayol o‘z joniga qasd qilgani, uning ikki farzandi yetim qolgani haqida xabar tarqalgan.

Bundan avvalroq Rossiyaning Amur oblastida yengil avtomobil va yo‘lovchi avtobus to‘qnashgani, yo‘lovchilar orasida o‘zbekistonlik ishchilar ham borligi haqida xabar berilgandi. Hodisa oqibatida 46 kishi jarohatlangan, 1 kishi vafot etgan. Keyinroq Migratsiya agentligi bu avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lganini rad etdi.

Mavzuga oid