Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Misr G‘azodagi xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga rahbarlik qilishi mumkin
Bu missiyaga nomzodlar sifatida Turkiya, Ozarboyjon va Indoneziya ham tilga olinmoqda.
Foto: Anadolu/Getty Images
Tinchlik rejasiga ko‘ra G‘azo sektoriga keyinroq joylashtiriladigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga, ehtimol, Misr boshchilik qiladi, deb xabar berdi The Guardian gazetasi.
«Diplomatlar BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azoda joylashtirishni rejalashtirayotgan xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga u yerdagi xavfsizlikni nazorat qilish huquqini berish bo‘yicha yevropaliklar va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan tashabbus ustida ish olib borilayotganini aytdi. Misr bu kuchlarga yetakchilik qilishiga jiddiy asoslar bor», deyiladi nashrda.
Bu missiyaga nomzodlar sifatida Turkiya, Ozarboyjon va Indoneziya ham tilga olinmoqda. Kontingentda Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlari harbiylari ishtirok etishi kutilmayapti.
Ayni paytda Misr hukumati BMTning anklavdagi to‘laqonli operatsiyasi haqida gap boradimi yoki yo‘qligi haqida maslahatlashmoqda. Agar kontingent vaziyatni barqarorlashtirishda samarali bo‘lsa, Isroil qo‘shinlari yanada uzoqroqqa chekinadi.
Shu bilan birga, britaniyalik diplomatlarning fikricha, HAMASning quroldan voz kechishi eng qiyin masala bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, ularning topshirilishi falastinliklar boshqaruvidagi tuzilmaga, ammo uchinchi tomon nazorati ostida amalga oshirilishi mumkin. Qurolsizlanish HAMASning og‘ir qurollari va raketa qurilmalarini topshirishidan boshlanishi mumkin.
Axios portali o‘z manbalariga tayanib, AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff tez orada Misr va Isroilga tashrif buyurishi va G‘azo sektoriga borishi mumkinligini ma’lum qildi. Uitkoff, aftidan, Amerika loyihasiga ko‘ra, G‘azo hududining bir qismiga joylashtiriladigan va Isroil mudofaa kuchlariga anklavdan chiqib ketish imkonini beradigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlari masalasi ustida ishlaydi.
Bungacha Axios ushbu kuchlar arab va musulmon davlatlari qo‘shinlaridan shakllantirilishi va ular Isroil bo‘linmalari chiqib ketayotgan sektor hududlarini egallashi haqida xabar bergan edi. Jarayon bir necha oy davom etishi mumkin. Portal manbalariga ko‘ra, bu qo‘shinlar HAMASning harbiy obektlari va og‘ir qurollarini yo‘q qilishi kerak.
Mavzuga oid
10:17 / 15.12.2025
HAMAS o‘z rahbarlaridan biri halok bo‘lganini tasdiqladi
23:30 / 14.12.2025
Erdo‘g‘an Turkiyaning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmasligini aytdi
22:21 / 12.12.2025
G‘azoda og‘ir humanitar vaziyat: yuzlab chodirlarni suv bosdi
16:16 / 11.12.2025