Moliya | 19:18 / 18.10.2025
23910
5 daqiqa o‘qiladi

To‘y uchun qarz olmaslikka uch sabab

Aytaylik, siz to‘y qilmoqchisiz, lekin orzungizdagi tantanaga yetarli pulingiz yo‘q. Xayolingizga esa bitta “sehrli ibora” qayta-qayta kelaveradi: “Axir to‘y umrda bir marta bo‘ladi!”

Foto: Kun.uz

Biz ham niyat qilamiz – bir marta bo‘lsin! Lekin bu ibora shaxsiy budjet chegaralarini (imkoniyat doirasidagi sarflar) butunlay buzib tashlamasligi kerak, qarz olish (kredit to‘lash)ga sabab bo‘lmasligi zarur.

Ko‘pchilik uchun to‘y juda muhim. Shu bois unga pul ayashmaydi. Ammo to‘y uchun kredit olishdan oldin quyidagi uch fikrga ko‘z yugurtirib ko‘ring, hech bo‘lmaganda qiziqish uchun.

1. To‘y – nolikvid, qaytmaydigan xarajat

Likvidlik – bu tovarni qanchalik oson va tez sotilishi xususiyati. Biror bir tovarni pulga aylantirish qanchalik oson bo‘lsa, uning likvidligi shuncha yuqori bo‘ladi. Likvid tovar uchun qarz olish xavfsizroq, chunki kerak bo‘lsa, uni sotib pulni qaytarish imkoniyati bor.

Masalan, siz yangi iPhone 17 smartfonini olsangiz va ertasiga pul kerak bo‘lib qolsa, uni bemalol biroz arzoniga bo‘lsa-da sota olasiz. Bunga yana mashina, tilla buyumlar va uyni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Lekin to‘y deyarli nol likvidlikka ega. To‘y budjetining katta qismi – bu xizmatlar va oziq-ovqat hisoblanadi. To‘ydan keyin siz faqat kuyovlik kostyumini sotsangiz bo‘ladi xolos. Demak, likvid bo‘lmagan narsa uchun kredit olish – moliyaviy savodsizlik.

Agar siz haqiqatan ham qimmat, ammo likvid bo‘lmagan tadbirga pul sarflamoqchi bo‘lsangiz, buni o‘z pulingizga qiling yoki sizga shunchaki to‘yona evaziga ajratilgan mablag‘ga.

2. To‘y – bu aktiv emas, boyligingizni oshirmaydi

Aktivlar – kelajakda pul yoki boshqa iqtisodiy foyda keltiradigan hujjat, mulk yoki huquq bo‘lishi mumkin. Masalan, mashina – uzog‘ingizni yaqin qilib, vaqtni tejaydi. Kvartira – dam olish maskani bo‘libgina qolmay, ijaraga berish yoki sotish orqali daromad olsa bo‘ladi. Kostyum – muhim uchrashuvlarda foydali tovar. Bularning barchasi daromad topishda yordamchi omillar, demak, ular aktiv. Hatto kursga borib, yangi kasb o‘rganib, so‘ng o‘sha yo‘nalishda ishlasangiz, bu ham aktiv: olgan malakangiz sizga daromad olib keladi.

Ammo to‘y – aktiv emas, xarajat. Bu yerda “to‘y” tushunchasini “oila” bilan almashtirmaslik kerak. Er-xotin bir-biriga yordam beradi, birgalikda moliyaviy barqarorlik yaratadi, hayot darajasini oshiradi – demak, oila ham aktiv.

3. To‘y dabdabasi va oila totuvligi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q

To‘y qanchalik dabdabali bo‘lishidan qat’i nazar, bu nikohning mustahkam bo‘lishini anglatmaydi. Afsuski, O‘zbekistondagi ajrimlar soni bunga yaqqol misol.

To‘y – bu quvonch, bir kunlik rasmiy marosim va tantana. Ammo oilaviy hayot – bu bir umrlik turmush.

Albatta, dabdabali to‘ydan saqlanishingizda sizni tushunadigan ota-ona va qo‘llab-quvvatlaydigan umr yo‘ldoshga ehtiyoj sezasiz. Ortingizdan gapiruvchilarning fikrlariga qiyin bo‘lsa-da chidashingiz va odamlarga ko‘rsatish, maqtanish yoki boshqalarning e’tiborini tortish uchun emas, balki samimiy niyat bilan to‘yni o‘z pulingizga o‘tkazganingiz afzal.

Xulosa o‘rnida muhim fikrlar:

  • Siz hech kimga qarzdor bo‘lmaysiz – na bankka, na qarindosh-urug‘ga.
  • Siz miyangizni qarz bilan band qilmaysiz va kunlik xarajatlar uchun yana kimning oldida qarzdor bo‘lishni o‘ylamaysiz.
  • Natijaga erishish uchun pul yig‘ish odatini shakllantirasiz va bu jarayonda siz moliyani boshqarishni, tejashni va sarmoya qilishni o‘rganasiz.

Mavzuga oid