Jahon | 16:31 / 18.10.2025
3304
10 daqiqa o‘qiladi

Trampdan raketa so‘rab kelgan Zelenskiy, G‘azoda nazorat saqlab qolmoqchi bo‘lgan Hamas va Xitoy armiyasida «tozalash» – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Zelenskiy raketa so‘radi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni AQShga mamlakatining Rossiyaga qarshi urushini davom ettirish uchun qurol so‘rab keldi. AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiy talab qilayotgan uzoq masofali raketalarini berish ehtimolini inkor etmadi, biroq u bunga sovuq munosabat bildirdi, chunki yaqin haftalarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Vengriyada bo‘ladigan uchrashuvga tayyorlanayotganini aytdi.

Ukraina rahbari ochiqchasiga Trampdan raketalarni so‘radi. «Bizda Tomahawk yo‘q, shuning uchun bizga Tomahawk kerak», - dedi Zelenskiy.

Tramp esa aniq javobdan qochdi: «Biz, albatta, sizga ular kerak bo‘lmasligini xohlaymiz. Bizga ham Tomahawk kerak. Mamlakatimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan narsalarni bermoqchi emasmiz», - dedi u.

Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy uni «samarali» deb atadi, biroq uzoq masofali raketalar haqida gapirmasligini, AQSh keskinlikni oshirishni istamayotganini va u o‘z imkoniyatlariga «real baho berayotganini» bildirdi.

So‘ng ular yopiq eshiklar ortida davom ettirgan suhbatda Tramp va Putin o‘rtasida o‘tgan kundagi telefon qo‘ng‘irog‘ini ham muhokama qildi.

Ikki soatdan ortiq davom etgan suhbatdan so‘ng Tramp ham Ukrainaga, ham Rossiyaga «urushni darhol to‘xtatish»ni, zarurat tug‘ilsa, Ukraina hududidan voz kechishini ham talab qildi.

«Jang chizig‘ida to‘xtaysiz, ikkala tomon ham uylariga, oilalariga qaytishsin. Shunchaki qotillikni to‘xtating. Jang chizig‘ida to‘xtang. Men buni Zelenskiyga aytdim. Men buni Putinga ham aytdim», - dedi Tramp.

Biroq Zelenskiy sulhga erishish naqadar qiyinligini ta’kidladi: «Biz xohlaymiz, lekin Putin xohlamaydi», - dedi u.

Hamas G‘azoda nazoratni saqlab qolmoqchi

Hamas G‘azoda oraliq davr mobaynida xavfsizlik nazoratini saqlab qolish niyatida, ammo harakat qurolsizlanishga kafolat bera olmaydi, dedi Hamas siyosiy byurosi a’zosi Muhammad Nazzol Reutersʼga bergan intervyusida.

Muhammad Nazzolning so‘zlariga ko‘ra, guruh vayron bo‘lgan G‘azoni qayta tiklash uchun besh yilgacha davom etuvchi sulhga tayyor, biroq bu muddatdan keyingi bosqich bo‘yicha kafolatlar falastinliklarga davlat barpo etish borasida «umid va istiqbol» berilishiga bog‘liq.

Doha shahridan bergan intervyusida Nazzol guruhning G‘azoda o‘tkazgan qat’iy choralarini himoya qildi.

«Har qanday urushda favqulodda choralar bo‘ladi. Qatl etilganlar jinoyatchilar edi, ular odam o‘ldirishda aybdor», dedi u.

Nazzolning izohlariga nisbatan so‘ralganda, Isroil bosh vaziri idorasi shunday dedi:

«Hamas birinchi bosqichda barcha garovdagilarni ozod qilishi kerak edi — u buni hali qilgani yo‘q. Ular bu kelishuvga binoan qurolsizlanishi shart. Hech qanday ‘lekinʼ yo‘q. Ular Trampning 20 bandli rejasiga rioya qilishlari kerak. Ularning vaqti tugayapti», - deyiladi bayonotda.

«Hamas qurolini topshiradimi?» degan savolga Nazzol chorshanba kuni shunday javob berdi: «Men bu savolga 'ha' yoki 'yo‘qʼ deb javob bera olmayman. Bu masala loyiha mohiyatiga bog‘liq. Siz aytayotgan qurolsizlanish loyihasi — bu nimani anglatadi? Qurollar kimga topshiriladi?»

Uning aytishicha, kelgusidagi muzokaralarda qurollar masalasi faqat Hamasga emas, balki boshqa falastinlik qurolli guruhlarga ham taalluqli bo‘ladi, shu bois qaror umumiy falastinlik pozitsiyaga asoslanishi kerak.

AQShdan Nazzolning izohlariga munosabat so‘ralganda «Bizda ulardan kelishuv bor va men ular bunga rioya qiladi deb o‘ylayman», - deya Trampning bayonoti ko‘rsatilgan.

Rossiyada ishchi kuchi yetishmovchiligi surunkali tus oldi

Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi surunkali tus oldi. Demografik pasayish, aholining qarishi va mehnatga layoqatli fuqarolarning qisqarishi tufayli ishchilar yetishmovchiligi o‘sishda davom etmoqda, deyiladi Yevrosiyo taraqqiyot banki hisobotida.

2010 yildan 2024 yilgacha iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 4 milliondan ortiq kishiga oshdi, biroq ishsizlik 2025 yilning may-iyun oylarida rekord darajadagi past ko‘rsatkichga — 2,2 foizga tushdi. Bu tabiiy darajadan past va mamlakatda mehnat resurslari yetishmasligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, faqat migrantlarni jalb qilish, keksalarning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirish va mehnat unumdorligini oshirish orqali bandlikni yanada oshirish mumkin.

So‘nggi 15 yil ichida Rossiyaga chet ellik ishchilarning yillik oqimi taxminan 250 ming kishini tashkil etgan va ularning mehnatga layoqatli aholining umumiy sonidagi ulushi 2025 yil o‘rtalariga kelib deyarli 3 foizga yetgan. Shuningdek, 2019 yilgi pensiya islohoti mehnat bozoriga ham ta’sir ko‘rsatdi: tobora ko‘proq keksa fuqarolar ishda qolmoqda.

Lekin shularni hisobga olganda ham kadrlar yetishmayapti.

Vaziyatning asosiy sababi — demografik o‘zgarishlar. Rossiya aholisi keksayib, mehnatga layoqatli fuqarolar soni kamayib bormoqda. BMT prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib barcha ishchilarning qariyb 40 foizi 50 yoshdan oshgan bo‘ladi. Bunda eng faol va mahsuldor hisoblangan 30-40 yoshlilar avlodi tobora kamayib boradi. Ishchi kuchining qarishi unumdorlik va harakatchanlikning pasayishiga olib kelishi mumkin, bu esa iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislar yuzaga kelgan vaziyatning bir nechta sabablarini aytmoqda. Bular — demografik jarlik, mutaxassislarning chet elga chiqib ketishi, bitiruvchilarni tayyorlash va biznesning haqiqiy talablari o‘rtasidagi nomuvofiqlik, shuningdek, ishchilarni faol ravishda jalb qilayotgan «mudofaa sektorining o‘sishi».

«Ibrohim kelishuvlari» kengayadi — Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp «Ibrohim kelishuvlari» yaqin orada kengayishini aytdi. U Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirish nazarda tutilgan ushbu kelishuvga Saudiya Arabistoni ham qo‘shilishiga umid bildirdi.

«Men Saudiya Arabistonining qo‘shilishini ko‘rishni umid qilaman. Boshqalar ham qo‘shilishini istayman. Menimcha, Saudiya Arabistoni kelishuvga kirsa, barcha [arab davlatlari] ham kiradi», - dedi Tramp 17 oktyabr kuni Fox Business Network telekanalida efirga uzatilgan intervyusida.

AQSh prezidenti bu bitimni «mo‘jiza» va «ajoyib» deb atadi: «Bu Yaqin Sharqda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga yordam beradi”.

Tramp aytishicha, u chorshanba kunigacha bitimga qo‘shilish istagini bildirgan davlatlar bilan «juda yaxshi suhbatlar» o‘tkazgan.

Ibrohim kelishuvlari (Abraham Accords) bu – Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Isroil bilan 4 ta musulmon davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha imzolangan kelishuvlar majmuasidir. U 2020 yilda BAA, Bahrayn, Sudan va Marokash bilan imzolangan.

So‘nggi yillarda G‘azoda Isroil olib borgan genotsid ko‘rinishidagi urush natijasida arab dunyosidagi boshqa davlatlarni «Ibrohim kelishuvlari»ga jalb etish qiyinlashdi. Xususan, Saudiya Arabistoni bir necha bor «Falastin davlatchiligi tan olinmaguncha Isroilni tan olmasligini» bildirgan.

Xitoy armiyasida «tozalash»

Xitoy Mudofaa vazirligining ikki eng yuqori lavozimli harbiy rahbari korrupsiya ayblovlari bilan Kommunistik partiya va qurolli kuchlardan haydaldi. Bu — 2023 yilda boshlangan korrupsiyaga qarshi kampaniya doirasida ishdan olingan eng yirik amaldorlar hisoblanadi.

Haydalganlar orasida Xitoy armiyasining ikkinchi raqamli generali Xe Veydun va harbiy-dengiz floti siyosiy ishlari sobiq rahbari, admiral Myao Xua bor. Ular Xalq ozodlik armiyasida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan keng ko‘lamli tozalash ishlarining navbatdagi nishoniga aylandi, deb yozmoqda Reuters

Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jan Syaogang «9 nafar yuqori lavozimli harbiylar partiya intizomini qo‘pol buzgan va o‘ta katta miqdordagi mablag‘ bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlarida gumon qilinayotganini» yozdi. Bayonotda ularning jinoyatlari «jiddiy tus olgan, oqibatlari nihoyatda zararli» deb ta’riflandi.

Bu e’lon Kommunistik partiyaning 200 dan ortiq yuqori martabali amaldorlarini birlashtirgan Markaziy qo‘mita yig‘ilishidan atigi bir necha kun avval yangradi. Tahlilchilarga ko‘ra, Si Jinpin «aniq tozalash ishlarini olib boryapti». Xe va Myaoning rasman ishdan olinishi ortidan u endi Markaziy harbiy kengashning yangi a’zolarini tayinlay oladi. 

Mavzuga oid