O‘zbekiston | 15:01 / 21.10.2025
33442
3 daqiqa o‘qiladi

Kimlar muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega?

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Shutterstock

"Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxatlariga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi:

  • yoshidan qat’i nazar;
  • umumiy belgilangan yoshni 10 yilga kamaytirish bilan;
  • umumiy belgilangan yoshni 5 yilga kamaytirish bilan.

Urush nogironlari, bolalikdan nogiron bolalarning onalari, liliputlar va pakanalar ham imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega.

Yoshidan qat’i nazar, quyidagilar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega:

  • konchilik sanoatining yetakchi kasblari xodimlari, basharti ular ushbu ishlarda kamida 20 yil band bo‘lgan bo‘lsa;
  • ko‘mir, ruda va boshqa foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha bevosita yer osti va ochiq kon ishlarida (shu jumladan kon-qutqaruv qismlarining shaxsiy tarkibi), shaxta va rudniklar qurilishida to‘liq ish kuni bilan band bo‘lgan xodimlar, agar ular ushbu ishlarda kamida 25 yil band bo‘lgan bo‘lsa;
  • uchuvchilar va uchuvchi-sinov tarkibi xodimlari, ular ishlagan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, ushbu lavozimlarda erkaklarda kamida 25 yil va ayollarda kamida 20 yil ishlagan bo‘lsa;
  • kamida 20 yil, 25 yil, 30 yil ijodiy ish stajiga ega bo‘lgan teatrlar va boshqa teatr-tomosha korxonalari artistlarining ayrim toifalari;
  • kamida 20 yillik ish stajiga ega bo‘lgan sportchilarning alohida toifalari.

Shuningdek, hujjat bilan imtiyozli pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun hujjatlarni taqdim etishga doir yagona talablarni belgilovchi nizom tasdiqlandi.

Korxonalarning ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflari ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va jarohatlash xavfi bo‘yicha jihozlanganligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra tasdiqlanadi.

Mavzuga oid