Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qog‘ozbozlik o‘tmishda qoldimi? Unicon Soft misolida raqamli boshqaruvga o‘tish tajribasi
Bitta imzo uchun rahbarni kutish zamoni o‘tdi. Bugun bu jarayonni onlayn amalga oshirish mumkin. Bu imkoniyatni mamlakat bo‘ylab joriy etib kelayotgan Unicon Soft kompaniyasi — O‘zbekistondagi elektron hukumat tizimining asosiy drayverlaridan biri.
Bugungi kunda davlat organlari o‘rtasidagi hujjat almashinuvi raqamlashtirilishi natijasida topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat ta’minlandi, davlat xizmatchilarining ish samaradorligi oshdi hamda mehnat intizomi ta’minlandi, eng muhimi, davlat xizmatlarining elektronlashishi natijasida fuqarolarining og‘iri yengil, mushkuli oson bo‘ldi.
Masalan, yaqin o‘tmishda sudga murojaat qilgan fuqarolar sud majlisi qaysi sanaga belgilanishi, sud ishiga qaysi sudya raislik qilishini sud kuniga qadar bilolmasdi. Bugun sud qarorini olish, ko‘rish uchun borish shart emas. 2017 yilda tashkil topgan Unicon Soft MChJ tomonidan yaratilgan sudlarni raqamlashtirish va odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan milliy platforma — “Adolat” axborot tizimlari kompleksi bugungi kunda bu jarayonlar shaffoflashdi.
“Sudlar faoliyatini raqamlashtirishda katta natijalarga erishdik. Ya’ni, fuqarolarning sudga murojaat qilishlari, to‘lovlarni ham raqamlashganligi, fuqarolar tomonidan berilgan arizalarning onlayn holatini ko‘rib turish, ya’ni arizasi qay holatda. Sud majlisi jarayonlari qaysi kunga belgilandi, sudni qaysi sudya olib borishi... Bundan juda ham ko‘p fuqarolarga qulayliklar va imkoniyatlar yaratildi”, — deydi Unicon Soft MChJ bosh direktori Umid Usmanov.
“Ilgari sudga murojaat qilish biroz murakkabroq, dahmazasi ko‘p jarayon bo‘lganini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Masalan, Samarqanddagi da’vogar Toshkentdagi javobgarning ustidan sudga ariza topshirmoqchi. Mazkur ish bo‘yicha guvoh esa Farg‘onada yashaydi. Ish sudga oshgudek bo‘lsa, ularning hammasini bitta joyga jamlash kerak bo‘lardi.
Hozir esa kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqilgan “Adolat” platformasida ularning barchasini onlayn to‘plash imkoniyati bor. Bundan tashqari, tizimda o‘tmishda bo‘lib o‘tgan bir xil mazmundagi ishlarning bazasi ham shakllantirilgan bo‘lib, bu sud xizmatchilarining ishlarini ham, murojaatchilarning da’vosini ko‘rib chiqilishini ham osonlashtirmoqda, tezlashtirmoqda.
2016 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlangan bu loyihaning hozirga qadar bir qancha versiyasi ishlab chiqildi. Chunki qaysidir yilga kelib qonunchilik takomillashtirildi, ba’zi sudlar qo‘shilishi yoki bo‘linishi hisobiga tizimni muntazam takomillashtirishga to‘g‘ri keldi. Mana, hozirgi kunda mazkur platforma sud faoliyati shaffofligini ta’minlamoqda”, — deydi Unicon Soft kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Sherzod Habibullayev.
Bundan bir necha yillar avval hujjatlarni rasmiylashtirish uchun mas’ullar qog‘oz ko‘tarib, idorama-idora yurar edi. Birgina imzoni olish uchun ham kunlab vaqt ketardi. Bu jarayonda mablag‘, inson resursi sarflanardi. Hozir esa hujjatlar elektron shaklda, ularni masofadan qabul qilish mumkin, rahbarlar chet el safarlarida bo‘lsa ham telefon orqali hujjatlarni bemalol imzolay olishadi. Bularning barchasi hujjatlarni raqamlashtirish natijasida paydo bo‘lmoqda.
Unicon Soft MChJ 8 yillik faoliyati davomida davlat boshqaruvini raqamlashtirish borasida ishonchli va sifatli yechimlar taqdim etib kelmoqda. Kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar ellikdan ziyod axborot tizimlarini ishlab chiqilib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilib kelmoqda.
“Raqamlashtirish davlat boshqaruvida juda ham kerakli qadam. Ya’ni u elektron hukumatni rivojlantirishning muhim sharti desam bo‘ladi. O‘zimiz ishlab chiqqan tizimlar misolida aytadigan bo‘lsam, vazirlik va idoralarda ichki va tashqi hujjatlar elektron ko‘rinishda aylanishni boshlagandan keyin ijrochilarga uni yetkazish juda ham oson va tez amalga osha boshladi.
Birinchi navbatda topshiriqlarni, hujjatlarni asosiy ijrochilariga, egalariga yetkazishda vaqt sarfining oldi olindi. Hujjatlarni qog‘ozga chiqarish, skanerlash, elektr energiyasi, transport, pochta va hokazo ko‘plab ortiqcha sarf-xarajatlar iqtisod qilindi. Eng muhimi, xodimlarning vaqti tejab qolindi”, deydi Umid Usmanov.

Unicon Soft kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan katta loyihalardan biri bu — Ijro.gov.uz platformasi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish uchun joriy etilgan yagona elektron tizim hisoblanadi.
Ushbu tizim davlat organlari, tashkilotlar va mahalliy hokimiyat idoralari o‘rtasidagi hujjat aylanishini raqamlashtirish, ijro intizomini kuchaytirish va shaffof boshqaruvni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
“Eng katta loyihalarimizdan bittasi bu Ijro.gov.uz nomli platforma bo‘lib, qonunchilik hujjatlarini nazorat qilish va ichki, idoralararo hujjat aylanishi ushbu tizim orqali amalga oshiriladi. Xo‘sh, bu tizim qanday manfaat keltirmoqda?
Avvallari yangi hujjat qabul qilinganda, undagi topshiriqlar va boshqa turdagi ko‘rsatmalar ijrosi nazorati qo‘lda, ya’ni qog‘oz shaklida yuritilgan. Bu jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga hozir har bir berilayotgan topshiriq, ijrochisi, ijro uchun belgilangan muddati tizimda aniq ko‘rsatilgan, ijroni paysalga solish uchun hech qanday bahonalarga imkon yo‘q. Yillar davomida sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgani uchun ham ushbu platforma hozirgi kunda davlat miqyosida keng miqyosda foydalanib kelinmoqda”, deydi Sherzod Habibullayev.
Kompaniya tomonidan taqdim etilgan yana bir loyiha Edo.ijro.uz esa davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida hujjat almashinuvini elektron shaklda amalga oshirishga mo‘ljallangan yagona platforma hisoblanib, tizim orqali hujjatlar elektron shaklda yaratiladi, yuboriladi, saqlanadi va raqamli imzo orqali tasdiqlanadi. Bu esa ularning haqqoniyligi va xavfsizligini ta’minlaydi.
“Bugungi kunda mana, barcha 64 ta vazirlik, idoralarda, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, tuman, shahar hokimliklarida, bundan tashqari, xo‘jalik birlashmalarida Edo.ijro.uz tizimi samarali ishlatilib kelmoqda.
Oldin davlat organlarida hujjatlar rahbarga navbat bilan kiritilardi. Agar u xizmat safarida yoki boshqa sabab bilan o‘z o‘rnida bo‘lmasa qaytib kelishini kutib hujjatlar to‘planib ketardi. Rahbar kunlab vaqt o‘tkazib, ular bilan tanishib, qo‘l qo‘yib chiqishi kerak bo‘lardi.
Yoki bo‘lmasa, hujjatlarni boshqa rahbarlar bilan kelishish, masalan, vazirga hujjat kiritishdan oldin vazir o‘rinbosarlari bilan, kotibiyat, boshqarmalar bilan kelishishlar ham anchagina vaqt olgan. Bizning elektron hujjat aylanish tizimimiz yordamida bu jarayonlar ancha yengillashdi. Bugun hujjat rahbarni kutib o‘tirmaydi”, deydi kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Farrux Saidmurodov.
Unicon Soft MChJ tomonidan taqdim etilgan «Raqamli mahalla» tizimini ishlab chiqishdagi asosiy maqsadlar — mahallaning «yettiligi» faoliyatini raqamlashtirish, ularning ishini osonlashtirishga qaratilgan. Hozir platforma qadamma-qadam joriy etib borilmoqda. Agar u to‘liq joriy qilinadigan bo‘lsa, mahalla raislarining barcha amaliyotlari to‘liq raqamlashtiriladi va ularga kelib tushadigan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish ham osonlashadi.
“Faoliyatimiz davomida ko‘plab axborot tizimlarimizni ishlab chiqqanimizdan keyin ularni texnik qo‘llab-quvvatlash ham talab etildi. Chunki chekka hududlarda tizimlarimizdan foydalanadigan foydalanuvchilarning kompyuter savodxonligi har doim ham talabga to‘liq javob bera olmaydi.
Shuning uchun Unicon Soft tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimlarini hududda, ya’ni joylarda texnik qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashish maqsadida hozirgi kunda respublikaning barcha tumanlarida Unicon Soft’ning texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tashkil qilingan”, deydi Sherzod Habibullayev.

Darhaqiqat, bugungi kunda respublikaning 14 ta hududi va 208 ta tuman (shahar)da Unicon Soft MJChning hududiy filiallari faoliyat yuritmoqda. Bu esa unga davlat darajasidagi loyihalarni faqat markazda emas, balki joylarda ham to‘liq qo‘llab-quvvatlash, texnik xizmat ko‘rsatish va tizimlarni doimiy nazoratda ushlab turish imkonini bermoqda.
“Hozir 40 mingga yaqin tashkilotni elektron hujjat almashinuvi tizimiga ulaganmiz va 200 mingga yaqin foydalanuvchi ayni paytda bu tizimdan foydalanib kelmoqda. Aynan elektron hujjat almashinuvi tizimiga 600 ga yaqin xodimni safarbar qilganmiz. Bundan tashqari, «Raqamli mahalla» va «Huquqshunos» axborot tizimlarimizga 200 ga yaqin xodimlarni biriktirganmiz”, deydi kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Saidakrom Muzaffarov.
“O‘zbekistonda IT-kompaniyalar judayam ko‘p. Unicon Soft’dan katta va xodimlar soni ko‘p kompaniyalar ham talaygina. Lekin aksariyatining biznes modellari, ya’ni boshqaruvi markazdan turib, ya’ni Toshkentdan turib boshqarishga qaratilgan. “Unicon Soft” MChJning eng chekka hududlarda ham bo‘lgan bizning texnik qo‘llab-quvvatlash markazlarimizning joriy etilganligi shu axborot tizimlarini samarali texnik qo‘llab-quvvatlash va o‘sha foydalanuvchilarga doimiy, tezkor yordam berish bo‘yicha qulay bo‘lgan, deb o‘ylayman”, deya ta’kidlaydi Sherzod Habibullayev.
Unicon Soft hozirda nafaqat ichki bozorda faol, balki tashqi bozorlarga ham chiqmoqda. Xususan, kompaniya shu vaqtga qadar o‘z mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilishni ham boshlagan. Bu borada o‘ndan ortiq mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Hozirgi kunga kelib “Unicon Soft” MChJ Xitoy Xalq Respublikasidagi bir qancha kompaniyalar bilan hamkorlikda elektron qurilmalarni ishlab chiqish va bu orqali eksport bilan shug‘ullanish hamda mahalliy bozorda yangi ish o‘rinlarini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Unicon Soft” MChJ raqamli boshqaruvdagi g‘oyalari va amaliyotlari bilan O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga hissa qo‘shmoqda. Kompaniyaning loyihalari orqali davlat boshqaruvi samaradorligi va shaffofligi yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Demak, raqamli O‘zbekiston g‘oyasi endi orzu emas, balki kundan-kunga amalga oshib borayotgan voqelikdir.