Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qumqo‘rg‘ondan xushxabar: Nogironligi bor shaxslarga «sovg‘a» deb kreditga o‘tkazilgan uylarning qarzdorligini homiy tashkilot to‘liq yopdi
Kun.uz Surxondaryo viloyatida nogironligi bor shaxslarga «sovg‘a» deb, aslida kreditga berilgan uylar qarzdorligi so‘ndirilmagani uchun bank ixtiyoriga tortib olinayotgani haqida material e’lon qilgandi. UNICON-SOFT rahbariyati bu 8 nafar fuqaroning muammosiga befarq qaramadi – ularning kreditdan qarzdorligi (jami 1 mlrd 344 mln) to‘liq so‘ndirilib, uy-joylar kadastr hujjatlari o‘z egalariga qaytarib berildi.
4 noyabr kuni Kun.uz nashrida «Qaytib olarkan, nega berdi?». Surxondaryoda nogironligi bor shaxslarga “sovg‘a” deb berilgan uylar tortib olinish arafasida» sarlavhali material e’lon qilingandi. Unda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘aro massivida yashovchi imkoniyati cheklangan bir guruh fuqarolarga 2018 yilda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida uylar berilgani, ammo keyinroq uy-joylar sovg‘a emas, kreditga rasmiylashtirilgani oydinlashgani, bank qarz hisobiga uy-joylarni tortib olish arafasida ekani, nogironliklari sababli ishlashga qodir emasliklari, davlat tomonidan beriladigan nogironlik nafaqasining 50 foizi kredit to‘lovi uchun ushlab qolinayotgani, uylarining kadastr hujjatlari bank tomonidan garov sifatida olib qo‘yilgani, kredit to‘lovlari to‘lanmayotgani vaji bilan uylaridan chiqarib yuborilishlaridan xavotirda ekanliklari haqida so‘z boradi.
UNICON-SOFT mas’uliyati cheklangan jamiyati esa nogironligi bor mazkur fuqarolarning muammolariga befarq bo‘lmasdan ularni qiynayotgan masalalarni o‘rgandi va ularning Ijtimoiy himoya Yagona reyestri axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgani, jismoniy imkoniyatlari cheklangani sababli ishlay olmasliklari, oilalari esa Kambag‘al oilalar reyestrida kambag‘al oilalar sifatida ro‘yxatga olinganini aniqladi.
Shuningdek, ularga 2018 yilda imtiyozli kredit sifatida ajratilgan uylarning boshlang‘ich to‘lovlari o‘sha vaqtda homiylar tomonidan to‘lab berilgani, biroq o‘tgan vaqt davomida to‘lovlar bank tomonidan taqdim etilgan grafik-jadvalga muvofiq to‘lanmagani oqibatida katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelgani, ularga penya va jarimalar qo‘llangani tufayli qarzdorlik oy sayin o‘sib borayotgani ma’lum bo‘ldi.
UNICON-SOFT MChJ tomonidan Kun.uz tahririyatiga yordam so‘rab murojaat qilgan 8 nafar nogironligi bor fuqaroning kredit va boshqa turdagi qarzdorliklari (jami 1 mlrd 344 mln so‘m) beg‘araz homiylik yordami sifatida to‘liq so‘ndirib berildi.
Banklar tomonidan ushbu yurtdoshlarimizga uylarining kadastr hujjatlari qaytarib berildi.
Ma’lumot uchun, nafaqat Qumqo‘rg‘on tumanining Bog‘aro massivida, balki respublikaning boshqa ko‘plab hududdlarida kredit to‘lovlarini vaqtida to‘lay olmayotgan yana ko‘plab shu kabi insonlar bor. UNICON-SOFT kompaniyasining bu xayrli tashabbusi respublikadagi yirik korxona va tashkilotlar uchun o‘rnak bo‘lishiga umid qilamiz.
Mavzuga oid
11:34 / 25.10.2025
Yer atrofidagi kelishuvlar: ikki hududda noqonuniy harakatlar to‘xtatildi
11:09 / 20.10.2025
Surxondaryoda Cobalt va Nexia to‘qnashdi
13:45 / 17.10.2025
Hindiston Surxondaryoda mis qazib olishga 650 mln dollar sarmoya kiritadi
14:55 / 16.10.2025