O‘zbekiston | 19:24 / 23.10.2025
9162
2 daqiqa o‘qiladi

Grin-karta mavsumi boshlanishi kechikmoqda

AQSh Davlat departamenti grin-kartaning yangi mavsumini “tez orada” boshlashga va’da bermoqda, lekin kechikish sabablariga izoh bermayapti. Taxminlarga ko‘ra, bu kechikish 1 dollarlik to‘lov joriy qilish rejasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Chikago shahri / Foto: Kun.uz

Oktabr oyining 4-haftasi tugayapti, lekin haliyam grin-karta boshlanmadi. Axir har yili oktyabrning ilk kunlarida boshlanardi-ku? Nahotki Tramp bu lotereyani bekor qilib yuborgan bo‘lsa?

Agar siz ham shunday shubhada bo‘lsangiz, xotirjam bo‘lavering: Donald Tramp migrantlarni qanchalik yoqtirmasin, grin-kartani bekor qilib yuborish uning qo‘lidan kelmaydi. Chunki bu dastur prezident farmoni bilan emas, qonun asosida yo‘lga qo‘yilgan. Qonunlarni o‘zgartirish esa Kongressga bog‘liq. Hozir AQSh parlamentida respublikachilar ko‘proq o‘ringa ega bo‘lsa ham, grin-kartani bekor qilish umuman kun tartibida yo‘q.

Xo‘sh, lotereyani hech kim bekor qilmagan ekan, unda nega bu yil uni o‘tkazish kechikyapti? Jurnalistlar bu savolga AQSh Davlat departamentidan rasmiy javob ololmayapti. Departament “tez orada boshlanadi” degan gap bilan cheklanyapti xolos.

Taxminlarga ko‘ra, bu kechikish lotereya o‘ynash uchun 1 dollarlik to‘lov kiritilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki dasturni pulli qilgandan keyin, dunyo bo‘ylab millionlab odamdan bu pulni muammosiz yig‘ib olish ham kerak bo‘ladi. Buning uchun esa puxta texnik tayyorgarlik kerak.

Agar haqiqatan ham to‘lov joriy etilsa, AQShga ko‘chib ketishni xohlovchilarga bu yil Visa yoki Mastercard kartasi kerak bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, bu kartalarni bir qator banklarning mobil ilovalarida virtual shaklda, tekinga ochsa ham bo‘ladi.

Mavzuga oid