Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Rossiyani ilk marta jazoladi: «Rosneft» va «Lukoyl»ga sanksiya kiritildi
«Har safar Vladimir bilan yaxshi suhbatlar bo‘ladi, lekin natija bo‘lmaydi. Menimcha vaqt keldi», deya sanksiyalarga izoh berdi Tramp. AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaning eng yirik ikki kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl»ni nishonga olgan. Maqsad — Moskvaning urush mashinasini moliyalashtirish imkoniyatini zaiflashtirish.
AQSh 22 oktabr kuni Rossiyaning yirik neft kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi va Rossiyani Ukrainadagi urushni tugatishga sadoqatsizlikda aybladi. Yangi sanksiyalar AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi sammit rejalari barbod bo‘lganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Tramp jurnalistlarga «bu uchrashuv menga to‘g‘ri tuyulmadi» deb aytdi.
AQSh Moliya vazirligi ma’lum qilishicha, sanksiyalar Rossiyaning eng yirik ikki kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl»ni nishonga olgan. Maqsad — Moskvaning urush mashinasini moliyalashtirish imkoniyatini zaiflashtirish.

Reutersʼning yozishicha, bu qaror Oq uy siyosatida keskin burilish bo‘ldi: Vashington so‘nggi oylar davomida Moskvaga bosim o‘tkazish va murosaga intilish o‘rtasida ikkilanishda edi. Faqat o‘tgan hafta Tramp Rossiyaga qarshi yangi choralardan tiyilish tarafdori edi.
«Endi qon to‘kishni to‘xtatish va darhol sulh e’lon qilish vaqti keldi,» — dedi AQSh moliya vaziri Skott Bessent. Uning so‘zlaridan so‘ng neft narxi bir barrel uchun 2 dollardan ortiq oshdi.
Tramp uzoq vaqt davomida Kongress bosimiga qaramay Rossiyaga energiya sanksiyalarini joriy etishdan bosh tortib kelgan. U Putin jangni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga umid qilgan. Ammo urush tugash belgisi ko‘rinmagach, u «vaqt keldi» deb hisobladi.
Tramp shuningdek, Ukrainaga uzoq masofali «Tomahawk» raketalarini berishga hali tayyor emasligini bildirdi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda u «ularni ishlatishni o‘rganish uchun ukrainaliklarga kamida olti oy kerak bo‘ladi,» dedi.
Shuningdek, Tramp kelasi hafta Xitoy prezidenti Si Jinping bilan uchrashuv arafasida «Si o‘z ta’siridan foydalanib, Putinni jangni to‘xtatishga undashini» xohlashini aytdi.
New York Times'ning yozishicha, chorshanba kuni Donald Trampning Rossiya rahbariga nisbatan noroziligi yaqqol sezildi.
.@POTUS: "These are tremendous sanctions. These are very big against their two big oil companies — and we hope that they won't be on for long. We hope that the war will be settled." https://t.co/6vbswraYmV pic.twitter.com/FONI7ECFAw
— Rapid Response 47 (@RapidResponse47) October 22, 2025
«Har safar Vladimir bilan gaplashaman — suhbatlar yaxshi o‘tadi, lekin natija bo‘lmaydi,» — dedi u. — «Ular hech qayoqqa olib bormaydi.»
U yaqinda rejalashtirilgan Budapesht sammitini bekor qilish qarorini ham izohladi: «Bu menga to‘g‘ri tuyulmadi,» — dedi Tramp. — «Biz kerakli joyga yetolmaymiz, deb his qildim. Shu sababli bekor qildim.»
Sanksiyalar haqida esa u qisqa javob berdi: «Bu to‘g‘ri vaqt edi, shunchaki shunday his qildim,» — dedi u.
Eng jiddiy sanksiyalar
Bu sanksiyalar AQSh tomonidan Rossiya energetika sektoriga qarshi urush boshlanganidan beri qo‘llanilgan eng muhim choralar bo‘ldi. Oldingi Bayden ma’muriyati Rossiya neft kompaniyalariga qarshi chora ko‘rishdan tiyilib, ittifoqchilarining qonuniy tarzda Rossiya neftini sotib olishiga ruxsat berardi. Endi esa bu kompaniyalarni nishonga olish Rossiyaning neft daromadlariga sezilarli zarba berishi mumkin.
Mutaxassislar sanksiyalarning ijrosi va nazorati ularning samaradorligini belgilashini ta’kidlamoqda.
«Bu sanksiyalar katta qadam, lekin AQSh endi uchinchi davlatlarga qarshi ham ikkilamchi sanksiyalar qo‘llashi yoki hech bo‘lmaganda bu bilan tahdid qilishi kerak»,- dedi Atlantika Kengashi tahlilchisi Daniel Tannebaum. Ikkilamchi sanksiyalar Rossiya bilan moliyaviy aloqada bo‘lgan boshqa mamlakatlarga nisbatan qo‘llanadi.
Tramp Oq uydagi nutqida shunday dedi:
«Bu nihoyatda kuchli sanksiyalar. Ular Rossiyaning ikkita eng yirik neft kompaniyasiga qarshi yo‘naltirilgan. Biz umid qilamiz, bu uzoqqa cho‘zilmaydi. Urush tez orada yakunlanadi”.
Kremlning «javobi»
Kreml esa shu kuni o‘zining qudratini namoyish qilib, Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovning Putin oldida hisobot berayotgan videosini e’lon qildi. Rossiya yer, suv osti kemalari va samolyotlardan qit’alararo ballistik raketalarni uchirganini bildirdi.

Ukrainadagi urushning muhim bosqichlarida Putin Rossiyaning yadro qudratini G‘arb va Kiyevga ogohlantirish sifatida eslatib keladi. Shu oy NATO ham o‘zining yadro to‘sqinlik mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham chorshanba kuni Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini ma’qulladi, u Rossiyadan suyuq tabiiy gaz importini taqiqlashni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Shvetsiya Ukraina bilan "Gripen" qiruvchi samolyotlarini eksport qilish bo‘yicha niyat xatini imzolaganini bildirdi. Bu Yevropa davlatlarining Kiyev mudofaasini kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘ldi. Prezident Volodimir Zelenskiy Shvetsiyadagi SAAB mudofaa kompaniyasiga tashrifi chog‘ida Ukrainaga kamida 100 dona "Gripen" samolyoti kerakligini, ularni kelasi yilda qabul qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Nashrining yozishicha, Putin-Tramp sammitining kechiktirilishi ortidan Yevropa mudofaa kompaniyalari aksiyalari o‘sdi. Aksar Yevropa hukumatlari Kiyevni qat’iy qo‘llab-quvvatlab, harbiy xarajatlarni oshirishga va’da bergan.
Yevropa Ittifoqi rahbarlari payshanba kuni muzlatilgan Rossiya aktivlarini garov sifatida ishlatib, Ukrainaga 163 milliard dollarlik qarz berish rejasini muhokama qiladi. Moskva bu rejani «o‘g‘rilik» deb atab, javob choralari ko‘rishini aytdi.
Mavzuga oid
16:15
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10
AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi
14:42