Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belarusdan uchib kelgan sharlar sabab Litva aeroportlari ishini to‘xtatdi
Litvaning Vilnyus va Kaunas shaharlaridagi aeroportlar meteozondlar tufayli mahalliy vaqt bilan soat 22:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 24:00) ishini to‘xtatdi. Tegishli bayonot Litva aeroportlarining X sahifasida paydo bo‘ldi, ushbu xabarni mamlakat Transport vazirligi ham juma, 24 oktyabr kuni tarqatdi.
Foto: Jörg Carstensen/picture alliance
«Bugun kechqurun Kaunas va Vilnyus aeroportlari ustida parvozlar vaqtincha to‘xtatildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo maydonini cheklash to‘g‘risidagi qaror meteorologik zondlar bilan bog‘liq. Cheklovlar soat 22:00 gacha amal qiladi», — deyiladi ma’lumotda.
Shu bilan birga, Transport vazirligi vakili LRT’ga bergan izohida shaharlarda aviaqatnov tungi soat ikkigacha to‘xtatilganini bildirgan. Reuters esa vazirlikka tayanilgan holda meteozondlar Belarusdan kelganini xabar qildi.
Litva bosh vaziri Inga Ruginenening bildirishicha, meteozondlar Litva havo hududida paydo bo‘lgani munosabati bilan 25 oktyabr, tushga qadar Belarus bilan chegaradagi qolgan ikki nazorat-o‘tkazish punkti ham yopiladi. «(Milliy xavfsizlik komissiyasi — tahr.) kelasi hafta yana yig‘ilib, qabul qilingan qarorlarning oqibatlarini baholaydi va qisqa muddatda kontrabandachilarga ham, ularga ish ko‘rishga yo‘l qo‘yayotgan Lukashenko rejimiga ham jiddiy zarar yetkazish uchun yana nima qilish mumkinligini aniqlaydi», — deb yozdi u Facebook sahifasida.
Bundan avval Litva poytaxti aeroporti 22 oktyabr tongida ham ishini to‘xtatgan edi. O‘shanda ham sabab osmonda paydo bo‘lgan meteozondlar bilan izohlangan. Sayt ma’lumotiga ko‘ra, sakkiz soatdan ziyod to‘xtash sabab 4000 yo‘lovchi ishtirokidagi 30 ta reys ko‘chirilgan.
Undan oldin esa 4 oktyabr kuni Vilnyusdan uchish va u yerga qo‘nish vaqtincha mumkin bo‘lmagan. O‘shanda mahalliy OAV Milliy inqiroz holatlarini boshqarish markaziga (NKVC) tayanib, mamlakat havo hududini Belarusdan kelgan, odatda kontrabandachilar foydalanadigan 25 ta meteozond buzganini xabar qilgan edi.
Avgust oyida NATO a’zosi bo‘lgan Litva Belarus chegarasiga parallel 90 kilometrlik parvozsiz zona joriy etgan — bu chora qo‘shni mamlakat hududidan uchirilgan dronlar kirib kelishiga javob sifatida qabul qilingan. Vilnyus chegaradan taxminan 30 km uzoqlikda joylashgan, umumiy chegara uzunligi 679 km. Vilnyus aeroporti Boltiqbo‘yida yo‘lovchi oqimi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda, birinchi o‘rinda — Riga aeroporti.
Mavzuga oid
10:03 / 03.12.2025
Litva 2026 yilda armiyaga 5 ming kishini chaqirishni rejalashtirmoqda
14:58 / 02.12.2025
YeI Litvaga qarshi gibrid hujumlar sabab Belarusga yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
14:47 / 02.12.2025
Wise Rossiya va Belarus fuqarolarining kartalarini YeI sanksiyalari asosida blokladi
12:33 / 01.12.2025