Jahon | 14:02 / 27.10.2025
5063
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda sulhni ta’minlovchi kuchlar, Rossiyaning yangi raketasi va Osiyoga kelgan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda sulhni ta’minlovchi kuchlar masalasi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda sulhni ta’minlashga ko‘maklashuvchi kuchlar tarkibidagi qaysi davlatlar armiyasi bo‘lishini o‘zi belgilamoqchi.

«Qaysi xalqaro kuchlar biz uchun qabul qilinmasligini Isroilning o‘zi aniqlaydi. Bu, albatta, AQShga ham ma’qul. AQShning eng yuqori darajadagi vakillari oxirgi kunlarda aynan shuni bayon etdi», — dedi u.

Shuningdek, Netanyahu hukumat yig‘ilishida qilgan chiqishida Isroil mustaqil davlat ekanini ta’kidlab, «Amerika ma’muriyati uni boshqaradi va Isroilning xavfsizlik siyosatini belgilaydi», degan fikrlarni inkor etdi.

AQSh ma’muriyati o‘z askarlarini G‘azo sektoriga yuborishni istisno qilgan, lekin Indoneziya, BAA, Misr, Qatar, Turkiya va Ozarboyjon bilan ko‘p millatli kuchga hissa qo‘shish borasida muzokara olib bormoqda.

O‘tgan hafta Netanyahu Turkiya xavfsizlik kuchlarining G‘azodagi har qanday roliga qarshi ekaniga ishora qilgandi. Bir paytlar iliq bo‘lgan Turkiya–Isroil aloqalari G‘azo urushi chog‘ida keskin yomonlashdi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan hafta xalqaro kuch aynan «Isroil o‘zini xotirjam his qiladigan davlatlardan» iborat bo‘lishi kerakligini aytgan, ammo Turkiya ishtiroki borasida izoh bermagandi.

Rossiya «Burevestnik» raketasini sinovdan o‘tkazdi

Rossiya yadroviy dvigatelga ega «Burevestnik» qanotli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Moskva ta’rificha, ushbu yadroviy qurol har qanday mudofaa qalqonini yorib o‘ta oladi.

O‘tgan haftadagi yadro mashqlari bilan birga o‘tkazilgan ushbu sinov Rossiyaga sanksiyalar bosimi kuchayayotgan bir paytda G‘arb bosimiga hech qachon bo‘ysunmaslik haqidagi signal deb hisoblanmoqda.

Rossiyaning qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general Valeriy Gerasimovning aytishicha, raketa 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan sinovda 14 000 km masofaga uchgan va taxminan 15 soat havoda bo‘lgan.

Rossiya tomoniga ko‘ra, «Burevestnik» — NATOning hozirgi va kelajakdagi raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun «yengilmas», deyarli cheksiz masofaga hamda oldindan aytib bo‘lmaydigan parvoz yo‘liga ega.

«Keng ma’noda, bunday qurol dunyoda hech kimda yo‘q», — dedi Putin Ukraina urushini boshqarayotgan generallar bilan uchrashuvda. Putinning aytishicha, bir vaqtlar rossiyalik mutaxassislar bu qurolni yaratish imkonsiz deb aytgan, biroq endi uning «hal qiluvchi sinovlari» yakunlangan.

Oq uy hozircha bu sinovlar borasida izoh bermadi.

AQSh va Xitoy muzokaralarida siljish

AQSh rasmiylarining aytishicha, Xitoy va AQShning yuqori martabali iqtisodiy amaldorlari ASEAN sammiti doirasida uchrashib, savdo kelishuvining asosiy qismlarini belgilab oldi.

Reutersʼning yozishicha, bu loyiha Donald Tramp va Si Jinpingga shu hafta oxirida ko‘rib chiqish uchun beriladi. Ushbu bitim AQShning keskin oshirilgan tariflarini va Xitoyning nodir yer metallari eksportiga qo‘yilgan nazorat choralarini vaqtincha to‘xtatib turadi.

Tramp va Si payshanba kuni Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti doirasida Janubiy Koreyada uchrashishi rejalashtirilgan. Oq uy ushbu kutilgan uchrashuvni rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, Xitoy hali bunday uchrashuvni tasdiqlamagan.

«Mening fikrimcha, yetakchilar payshanba kuni muhokama qilishi uchun juda muvaffaqiyatli asosga egamiz», — dedi AQSh moliya vaziri. Hafta oxiridagi muzokaralardan so‘ng Tramp o‘zi ham «Menimcha, biz Xitoy bilan kelishuvga erishamiz», — dedi.

AQSh va Xitoy rasmiylari ta’kidlashicha, muzokaralarda nodir yer metallari bilan bir qatorda savdo kengaytirilishi, AQShdagi fentanil inqirozi, AQSh portlariga kirish to‘lovlari va TikTokʼni AQSh nazoratiga o‘tkazish masalalari ham muhokama qilingan.

Tramp, shuningdek, Rossiya bilan munosabatlarda Xitoy yordamini so‘rashini aytdi. Buning fonida Rossiyaning Ukrainadagi urushi davom etmoqda.

Rossiya–Ukraina urushi

So‘nggi kunlardagi faol sanksiyalarga qaramay, Rossiya–Ukraina urushida «pauza» kuzatilmayapti.

Xususan, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Kiyevga zarba berdi, kamida uchta ko‘p qavatli turar joy uyi shikastlandi, ulardan birida yong‘in boshlandi. Rasmiylarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan; kamida 27 kishi jarohatlangan.

Bundan avvalroq ham Rossiya harbiylari Kiyevning chap qirg‘og‘iga ballistik raketalar bilan zarba bergandi. Unda ikki kishi halok bo‘lgan, 13 kishi jarohatlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra esa, dushanbaga o‘tar kechasi 193 ta Ukrain droni urib tushirildi. Hisobotga ko‘ra, eng faol hujum Bryansk va Kaluga viloyatlariga qaratilgan — u yerda mos ravishda 47 va 42 uchuvchisiz apparat urib tushirilgan.

Yana 34 dron Moskva yaqinida urib tushirilgan. Ukraina hozircha bu javob hujumlariga izoh bermadi.

Shu kunlarda Osiyo safarida yurgan Donald Tramp Ukraina urushi tugashiga ishonchi komil bo‘lmaguncha Rossiya prezidenti bilan uchrashmoqchi emasligini aytdi. Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati Rossiya iqtisodiyotining asosiy sektorlariga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlab qo‘ygan. Agar Putin urushni tugatishni yana kechiktiraversa, ular joriy qilinishi mumkin.

Luvrni tunashda gumonlanuvchilar ushlandi

Fransiya hukumati bir hafta oldin Luvrni qo‘pol ravishda talon-toroj qilishda gumonlangan ikki kishini hibsga olgan. Parij prokuraturasi qo‘lga olinganlar sonini rasman ochiqlamayapti.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilardan biri shanba kuni kechqurun soat 22:00 atrofida «Parij – Sharl-de-Goll» aeroportida samolyotga o‘tirib, xorijga uchmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Ikkinchisi ko‘p o‘tmay Parij chekkasida qo‘lga tushgan.

Qayd etilishicha, ular oldindan politsiya ro‘yxatida bo‘lgan. Ularning shaxsiyati haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. AFP manbasiga ko‘ra, erkaklardan biri Jazoirga uchayotgan samolyotga chiqmoqchi bo‘lgan.

Luvrning talon-toroj qilinishi o‘tgan yakshanba kuni sodir bo‘lgandi – kuppa-kunduzi dunyoning eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeyidan 100 million dollardan ortiq tarixiy boyliklar o‘g‘irlab ketilgandi.

«Putinning puli va askarlari tugayapti»

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, Vladimir Putin frontdagi minimal muvaffaqiyatlar uchun katta narx to‘lamoqda va uning resurslari tezda tugab bormoqda.

Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Londondagi «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Putinning tajovuzi uchun yuz minglab rossiyaliklar halok bo‘lmoqda. Ukraina jasorat bilan himoyalanishda davom etmoqda va bizning qo‘llab-quvvatlashimiz unga yordam bermoqda. Haqiqat shundaki, Putinning puli, askarlari va g‘oyalari tugab bormoqda», deb ta’kidladi Ryutte Londondagi «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi hozirgi vaziyat Rossiya armiyasi juda katta yo‘qotishlar evaziga faqat kichik yutuqlarga erishishga qodirligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, NATO bosh kotibi AQSh prezidenti Donald Trampning hozirgi front chizig‘ida jangovar harakatlarni to‘xtatish zarurligi haqidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.

«Jangovar harakatlarni to‘xtatish va Ukraina uchun adolatli tinchlik o‘rnatishga erishish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirish vaqti keldi», dedi Ryutte.

«Jang maydonidagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatadiki, bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz natija bermoqda va biz shu ruhda davom etishimiz kerak», dedi alyans rahbari.

Trampning Osiyo bo‘ylab turnesi

AQSh prezidenti Donald Tramp 26 oktyabr kuni Malayziyaga keldi. Bu uning Osiyo mamlakatlari bo‘ylab bir haftalik turnesidagi birinchi manzil bo‘lib, safar davomida ASEAN va APEC sammitlarida qatnashadi. Shuningdek, Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni Tailand va Kambodja yetakchilari Oq uy rahbari ishtirokida ikki davlat o‘rtasida harbiy mojaroni to‘xtatishga qaratilgan, Tramp «tinchlik kelishuvi» deb atagan shartnomani imzoladi.

OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti ushbu marosimni ASEAN sammiti davomida tashkil etishni talab qilgan. Yozda Tramp Tailand va Kambodja chegarasidagi janglarni to‘xtatishga yordam bergan va u bu urushni o‘zi to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan sakkizta urush qatoriga kiritgandi.

BBCʼga ko‘ra, hujjat imzolanishidan oldin Tailand va Kambodja rahbarlari uni «tinchlik kelishuvi» deb atamaslikni ma’qul ko‘rishgan. Hujjatning rasmiy nomi «Munosabatlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya» deb atalgan.

Ikki davlat o‘rtasida 24 iyul kuni chegara to‘qnashuvlari boshlandi, bu besh kun davom etdi va 33 kishining o‘limiga olib keldi. O‘n minglab aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. 

Mavzuga oid