Rossiya yadroviy dvigatelga ega «Burevestnik» qanotli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 26 oktyabr kuni Rossiya armiyasining boshqaruv punktlaridan biriga tashrif buyurgan prezident Vladimir Putin ma’lum qildi. O‘tgan haftadagi yadro mashqlari bilan birga o‘tkazilgan ushbu sinovlar – Rossiyaga sanksiyalar kuchayayotgan bir paytda kollektiv G‘arbga signal deb hisoblanmoqda.

«Burevestnik» qanday qurol?

Rossiyaning qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general Valeriy Gerasimovga ko‘ra, raketa 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan sinovda 14 000 km masofaga uchgan va taxminan 15 soat havoda bo‘lgan.

Yadroviy energiya manbayi sababli «Burevestnik» boshqa yadroviy qurollangan raketalarga qaraganda havoda ancha uzoq vaqt qolishi mumkin, dedi Gerasimov. U har qanday raketaga qarshi mudofaani yengib o‘tishi mumkinligi aytildi.

2018 yilda Putin chiqish qilganida namoyish qilingan, «Burevestnik» ekani aytilgan kadrlar / Foto: BBC

«Burevestnik» NATO tasnifida – SSC-X-9 Skyfall deb ataladi. Uning nomi bo‘ron kelishini oldindan sezdiruvchi deb hisoblangan «Bo‘ron qushi»dan (Storm petrel) olingan. U kelajakdagi raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun «yengilmas» ekani aytilmoqda. Shuningdek, deyarli cheksiz masofaga hamda oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan parvoz yo‘liga ega.

«Keng ma’noda bu – dunyoda hech kimda yo‘q bo‘lgan noyob mahsulot. Biz uning bo‘lajak qo‘llanish imkoniyatlarini aniqlashimiz va bu qurolni qurolli kuchlarimizda joylashtirish uchun infratuzilmani tayyorlashni boshlashimiz kerak», – deya Putinning so‘zlarini keltirmoqda New York Times.

Rossiya yetakchisiga ko‘ra, bir vaqtlar rossiyalik mutaxassislar bu qurolni yaratish imkonsiz deb aytgan, biroq endi uning «hal qiluvchi sinovlari» yakunlangan.