Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya g‘arbida yirik jangovar qurol-aslaha ombori topildi
Shimoliy Reyn - Vestfaliyada politsiya yirik miqdorda qurol-aslaha omborini aniqladi. Vuppertalda dushanba, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida prokuror vakili Volf-Tilman Baumert ma’lum qilishicha, bu Germaniyaning ushbu federal yerdagi «eng yirik jangovar qurol topilmalari»dan biri bo‘lishi mumkin. Qurol-savdosi bilan shug‘ullangan deb gumon qilinayotgan uch kishi hibsga olindi.
Foto: DPA
Baumertning dpa agentligi keltirgan so‘zlariga ko‘ra, Vuppertal yaqinidagi Remshayd shahridagi yerto‘ladan topilgan barcha qurol-aslahalarning yakuniy ro‘yxatini tuzish uchun yana bir necha kun kerak bo‘ladi. Faqat shundan keyin ularning barchasi ishlash holatidami va o‘q otishga yaroqlimi, aniq aytish mumkin bo‘ladi.
Musodara qilingan qurollar orasida shturm miltiqlari, granatomyotlar, minomyot snaryadlari va pistolet-pulemyotlar bor. Topilgan ashyolarning katta qismi Ikkinchi jahon urushi davriga taalluqli. Biroq yangiroq namunalar ham uchragan bo‘lib, ular yordamida og‘ir jinoyatlar sodir etilishi mumkin edi. «Bu narsalar nihoyatda xavfli», — dedi Baumert.
Qurol savdogarlarining mijozlari kim bo‘lgani haqida tergovchilar hozircha ma’lum qilmayapti. Yoshi 34, 37 va 59 da bo‘lgan uch asosiy gumonlanuvchi dastlabki hibsga olingan. AFP agentligi yozishicha, ularga jumladan, jangovar qurol-aslaha bilan noqonuniy savdo qilish ayblovi qo‘yilgan. Aybdor deb topilsa, ular o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Qamoqqa olishdan oldin uzoq davom etgan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Remshayddagi qurol savdogari haqida dastlabki ma’lumotlar 2024 yil may oyida paydo bo‘lgan. Asta-sekin tergovchilar «xalqaro ko‘lamga ega ish»dan shubhalangan, dedi Baumert. Tergov kengaytirilib, Yevropol ishtirokida olib borildi. 2024 yil sentabr oyida maxfiy xodimlar gumon qilinuvchilardan bir necha marta sinov tariqasida xarid amalga oshirgan.
Jurnalistlarga ma’lum qilinganidek, jami 11 ta tintuv o‘tkazilgan. Remshayddan tashqari, tintuvlar Ham va Tyuringiyadagi Borkslebenda ham bo‘lib o‘tgan. Amaliyotga 200 dan ortiq xodim, shu jumladan maxsus bo‘linmalar jalb qilingan. Tergov va musodara qilingan qurol-aslahani ekspertiza qilish ishlari davom etmoqda. Tintuvlar chog‘ida, shuningdek, narkotik vositalar va naqd pul ham musodara qilindi.
Mavzuga oid
15:05 / 17.12.2025
Germaniya: yangi dengiz vertolyoti suvosti kemalariga qarshi kurashni kuchaytiradi
12:08 / 17.12.2025
Berlin va London Kiyevga havo mudofaasini kuchaytirishda yordam va’da qildi
14:30 / 16.12.2025
Nemis biznesi Ukrainaga yordamni Germaniya buyurtmalari bilan bog‘lamoqchi
12:24 / 16.12.2025