Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeIda ukrainalik qochqinlarni himoya qilish tartibi o‘zgarishi mumkin
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ukrainalik qochqinlar uchun vaqtinchalik himoya maqomini 2028 yil martigacha uzaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq ayrim davlatlar harbiy xizmat yoshidagi erkaklarga nisbatan ushbu tartibni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.
Bu haqda Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Adliya va ichki ishlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Kiprning migratsiya masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Nikolas Ioannides ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish Yevropa davlatlarining Ukrainaga nisbatan qo‘llab-quvvatlovi saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, qaror qabul qiluvchi davlatlar qabul qilingan qochqinlar oqimi mamlakatlarga ortiqcha bosim yuklashiga yo‘l qo‘ymaslikka intilmoqda.
Muzokaralarda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri — 23 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majbur erkaklarni vaqtinchalik himoya direktivasi doirasidan chiqarish ehtimoli bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqining ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunnerning ta’kidlashicha, bu masala ukrain tomonidan ham ko‘tarilgan.
«Bu — ukrainaliklarning o‘zi ham bizdan so‘rayotgan masala», — dedi Brunner.
Uning aytishicha, muhokamalarda Chexiya, Polsha, Germaniya, Avstriya va Boltiqbo‘yi davlatlari kabi ukrainalik qochqinlarni eng ko‘p qabul qilgan mamlakatlar vakillarining fikrlari ham eshitilgan.
Yevrokomissar yaqin haftalarda Yevropa komissiyasi ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoya maqomining keyingi taqdiri bo‘yicha rasmiy taklifni taqdim etishini ma’lum qildi. Ushbu taklif Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlari tomonidan malakaviy ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlanishi lozim.
Hozircha harbiy xizmat yoshidagi erkaklarni vaqtinchalik himoyadan chiqarish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.