Jahon | 14:54 / 29.10.2025
4177
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Yevropa Ittifoqi ichida Ukrainaga qarshi blok tuzmoqchi

Vengriya Slovakiya va Chexiya bilan sa’y-harakatlarni birlashtirib, YeI ichida Ukrainaga nisbatan skeptik kayfiyatdagi alyans shakllantirishni maqsad qilgan, deb yozadi Politico Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning siyosiy maslahatchisi Balaj Orbanga tayanib. Kreml g‘oyaga baho berdi.

Foto: Geert Vanden Wijngaert/AP/picture alliance

Vengriya Chexiya va Slovakiya bilan birga Yevropa Ittifoqi ichida Ukrainaga nisbatan shubhali munosabatda bo‘ladigan blok yaratishni ko‘zlamoqda, deb yozadi Politico nashri bosh vazir Viktor Orbanning bosh siyosiy maslahatchisi Balaj Orbanga ishora qilgan holda 28 oktyabr kuni.

Praga tomonidan bu koalitsiyadagi hamkor sifatida Budapesht yaqinda saylovda g‘olib chiqib, hukumat tuzish bo‘yicha muzokara boshlagan o‘ng populist Andrey Babishni ko‘rmoqda. Bratislava tomonidan esa amaldagi bosh vazir Robert Fitso hukumati ko‘rilmoqda. Umuman olganda, ushbu uch sharqiy yevropalik rahbar YeI sammitlari oldidan o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirishni rejalashtirmoqda. «Mustahkam siyosiy birlashma hali uzoq bo‘lsa-da, uning yaratilishi YeIning Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatish sa’y-harakatlarini jiddiy qiyinlashtirishi mumkin», — deb yozadi Politico.

Balaj Orban «Vishegrad to‘rtligi» (Polsha, Vengriya, Chexiya va Slovakiya) bilan taqqosladi, u 2015 yildagi migratsiya inqirozi paytida YeIga noqonuniy migrantlar oqimiga qarshilik ko‘rsatgan edi. Biroq 2022 yilda Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bosqinidan so‘ng «to‘rtlik» ichida jiddiy qarama-qarshiliklar boshlandi. Shu bois, deb taxmin qiladi Politico, «Vishegrad to‘rtligi» Polsha ishtirokisiz «uchlik»ka aylanishi mumkin. Ammo bunday alyans yaratish ham vaqt talab etadi: chunki, Robert Fitso 2023 yilda Slovakiyada bosh vazir lavozimiga qayta saylangan bo‘lsa-da, hozircha Viktor Orban bilan aniq siyosat yo‘nalishlari bo‘yicha rasman ittifoq tuzmagan, Andrey Babish esa Chexiyada hukumat tuzishi kerak, deydi jurnalistlar.

Politico Balaj Orbanga tayanib yozishicha, yangi antiukrain guruh tarkibiga faqat yevropalik hukumatlar emas, balki boshqa davlatlarning Yevroparlamentdagi partiyalari ham kirishi mumkin. Ehtimoliy hamkorlar sifatida u «Yevropalik konservatorlar va islohotchilar» hamda «Suveren millatlar Yevropasi» o‘ng fraksiyalarini, shuningdek, «ayrim so‘l guruhlar»ni keltirdi.

Vaqt o‘tishi bilan, deb hisoblaydi Orbanning maslahatchisi, Bryusselning amaldagi siyosatini qoralaydiganlar safiga markazchi-o‘ng «Yevropa xalq partiyasi» vakillari ham qo‘shilishi mumkin, bu esa Yevroparlamentdagi markazchi ko‘pchilikni parokanda qilishi ehtimoldan holi emas.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropada yangi antiukrain blok yaratilishi haqidagi savolga javob berib, «davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi yevropalik militaristik meynstrimda… militaristik isteriya holatida», dedi.

«Kam bo‘lsa-da, YeIda o‘z huquqlarini mavjud mexanizmlar orqali himoya qilayotgan davlatlar ham bor. Ularga qiyin, ammo keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz», — deya Peskovning so‘zlarini keltiradi «Regnum» nashri.

Mavzuga oid