Jahon | 23:19 / 30.10.2025
1728
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy tibbiyot va moliya bo‘yicha maslahat beruvchi blogerlarga diplomli bo‘lish talabini qo‘ydi

Endi ushbu sohalarda maslahat yoki tahlil ulashadigan blogerlar tegishli ma’lumotga, litsenziyaga yoki malakasini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Foto: Getty images

2025 yil 25 oktyabrdan boshlab Xitoyda yangi qoidalar kuchga kirdi, ularga ko‘ra inflyuyenserlar (blogerlar) kasbiy mavzular - tibbiyot, moliya, huquq yoki ta’lim bo‘yicha kontent joylasa, malakasini tasdiqlashi shart.

Qaror internet-makonini nazorat qiluvchi davlat organi - Xitoy kibermakon ma’muriyati (CAC) tomonidan qabul qilingan. Endi ushbu sohalarda maslahat yoki tahlil ulashadigan blogerlar tegishli ma’lumotga, litsenziyaga yoki malakasini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Douyin (Xitoydagi TikTok muqobili), Weibo va Bilibili kabi platformalar muallifning malakasini tekshirishi va ma’lumot manbalarini belgilashi shart. Shuningdek, shaffoflikka qo‘shimcha talablar kiritilmoqda: sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent shu haqdagi belgiga ega bo‘lishi kerak.

CAC vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yangi choralar noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqalishiga qarshi kurashishga qaratilgan - ayniqsa, xatolar odamlarning puli yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sohalarda. So‘nggi yillarda Xitoyda yetarlicha tayyorgarliksiz davolanish, sarmoya kiritish yoki huquqiy masalalar bo‘yicha maslahat beradigan blogerlar soni keskin oshgan.

Qaror Xitoy internetida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Tarafdorlarning fikricha, yangilik kontent sifati va foydalanuvchilar ishonchini oshirishga yordam beradi. Tanqidchilar esa buni so‘z erkinligiga tahdid sifatida ko‘rmoqda va cheklovlar rasmiy diplomga ega bo‘lmagan, ammo tajriba va bilimga ega bo‘lgan jurnalistlar va fan targ‘ibotchilarining mustaqil fikrlarini bo‘g‘ib qo‘yishi va ishini murakkablashtirishi mumkinligidan xavotirda.

Bu Xitoyning kontent ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘lidagi birinchi qadami emas. Avvalroq, rasmiylar strimerlar va onlayn ma’ruzachilar uchun majburiy qoidalarni joriy etib, shaxsni aniqlash va axloqiy me’yorlarga rioya etishni talab qilgan edi. Endi muallifning nafaqat shaxsi, balki kasbiy malakasiga ham e’tibor qaratildi.

Diplom va sertifikatlar aynan qanday tekshirilishi, qoidabuzarlarni qanday sanksiyalar kutayotgani hozircha noma’lum. Ammo bir narsa aniq - Xitoy hukumati raqamli makon ustidan nazoratni kuchaytirish va kontent yaratuvchilarining auditoriyaga ta’sir ko‘rsatish mas’uliyatini oshirish yo‘lida davom etmoqda.

Mavzuga oid