Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amir Temur bog‘lari falsafasi va YuNeSKO g‘oyalari uyg‘unlashdi
Samarqandda Amir Temur bog‘lari an’anasi zamonaviy talqinda qayta tiklanmoqda. 5 gektar maydonda YuNeSKO tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan “Merosga tayanab, kelajak sari” shiori ostida “Yashil bog‘” barpo etildi. Loyiha tashkilotning asosiy qadriyatlari - tinchlik, madaniyatlararo muloqot, madaniy merosni asrash va ekologik barqarorlik g‘oyalarini ifoda etadi.
31 oktyabr kuni “Boqiy shahar” majmuasi hududida 1,2 gektar yerda 564 tup daraxt va butalar ekildi. Yangi bog‘ “Silk Road Samarkand” turistik markazi va Qorasuv massivi yaqinida, Zarafshon daryosining sohilida joylashgan bo‘lib, u dam olish, ma’rifat va xalqaro do‘stlik ramziga aylanishi ko‘zda tutilgan.
“Yashil bog‘” shunchaki ko‘kalamzor emas, balki zamonaviy ekologik innovatsiyalar markaziga aylanadi. Bu yerda suv sarfini kamaytiradigan tomchilatib sug‘orish tizimlari, quyosh panellari va energiya tejovchi nasoslar, yomg‘ir suvini yig‘ib, qayta foydalanish tizimlari, chiqindilarni kompost qilish va tuproqni boyitish maydonlari joriy etiladi. Yo‘laklar va o‘rindiqlar mahalliy tabiiy materiallardan tayyorlanadi. Bunday yechimlar shahar muhitida haroratni sezilarli darajada pasaytiradi.
Loyiha konsepsiyasi Amir Temur bog‘lari falsafasiga asoslangan bo‘lib, bog‘ 9 ta bo‘limga bo‘linadi. Bu bo‘limlar Sohibqiron barpo etgan mashhur bog‘lar - “Bog‘i Chinor”, “Bog‘i Behisht”, “Bog‘i Davlatobod”, “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Shamol”, “Bog‘i Nav”, “Bog‘i Jahonnamo”, “Bog‘i Maydon” va “Bog‘i Baland” g‘oyalarini ifoda etadi. Har bir bo‘limda o‘sha davrga xos daraxt va butalar + chinor, tut, xurmo, kedr, pavloniya, atirgul, lavanda, magnoliya, lola, akatsiya, fotiniya, sekvoyya va boshqalar ekiladi.
YuNeSKOning 80 yilligi sharafiga ramziy ma’noda 80 ming tup daraxt va buta ekilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat shahar ko‘rkini oshiradi, balki ekologik muvozanatni ham ta’minlaydi. Shu bilan birga, bog‘da o‘zbek rassom va dizaynerlari yaratgan zamonaviy art-installyatsiyalar ham o‘rnatiladi. Bu tabiat va inson ijodkorligini uyg‘unlashtirgan holda, ekologik mas’uliyat va ilmga asoslangan yondashuvni namoyon etadi.
“Yashil bog‘” loyihasi YuNeSKO qadriyatlariga mos holda, O‘zbekistonning ekologik yetakchiligi, madaniy boyligi va global hamjihatlikka sodiqligini namoyon etadi. U Samarqand va butun mamlakat uchun barqaror rivojlanishning tirik ramzi - kelajak avlodlar uchun sof havo, go‘zal tabiat va ma’naviy makon bo‘lib qoladi.
Mavzuga oid
12:00 / 04.12.2025
Samarqanddan Urgutga poyezd harakatlanmoqda - bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
14:26 / 29.11.2025
Toshkent va Samarqand fuqarolik obektlari qurilishi bo‘yicha yetakchi hududlar bo‘ldi
18:31 / 26.11.2025
Samarqand viloyatida volfram majmuasi quriladi
18:39 / 25.11.2025