Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azodagi vaziyat: Asirlar qaytarildi, endi Isroilning qo‘li yechildimi?
AQSh kafolati ostida katta tantana bilan e’lon qilingan sulh 1-bosqichdayoq boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek ko‘rinmoqda. Isroil Hamasni sulhbuzarlikda ayblab, otashkesim boshlanganidan beri yuzdan ortiq falastinlikni o‘ldirishga ulgurdi. Vaziyat yuzasidan Kun.uz studiyasida professor Farhod Karimov va Progressiv islohotlar markazi eksperti Umrbek Yusupov sharhi.
Farhod Karimov: Isroil o‘z hujumlarini go‘yoki Hamas tomonidan sulh shartlari buzilgani bilan bog‘lamoqda. Hamas jasadlarning hammasini ham topshirmagani yoki ayrim jasadlar boshqa odamlarga tegishli degan vajlar ilgari surilyapti. G‘azoda Isroil askari snayper hujumiga uchragani ham sabab qilib ko‘rsatilyapti.
Ikki yillik urush davomida Hamas generallari va yetakchilari yo‘q qilindi, shahar infratuzilmasi vayron qilingan. Buncha vaqt mobaynida, urush sharoitida jasadlarni bir joyda saqlash ham Hamas uchun jiddiy muammo bo‘lgan. Hozir ular o‘lgan asirlarning jasadlarini topishga harakat qilyapti, lekin buni qanchalik uddalashi so‘roq ostida. Chunki tunnellar vayron qilingan, harbiy omborxonalar va yirik kasalxonalar yo‘q qilingan. Isroil esa bu vaziyatni o‘z foydasiga ishlatmoqda va harbiy harakatlarni qayta tiklash uchun imkoniyat yaratmoqda.
Sulh tuzilishida musulmon davlatlardan Turkiya va Qatar vositachi edi, ular Hamasni sulh shartlariga rozi qilishga va muzokaralarga jalb etishga mas’ul edi. Shu bilan birga, G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini kafolatlash vazifasini ham bajardi. Lekin Isroil hujumlarini to‘xtatishga ular kafillik bermagan. AQSh esa, Isroil kabi Hamasni shartlarni bajarmaganlikda ayblab, Isroilning javobini qo‘llab-quvvatlayapti.
Shunday ekan, hatto 10 oy kutilsa ham, Hamasda jasadlarni topib berish imkoniyati noaniq. Shu sababli, Isroil bu vaziyatni o‘z foydasiga manipulyatsiya qilishi mumkin. Hozir Isroil uchun ichki bosim kamaygan, chunki tirik asirlarni qaytarish masalasi hal bo‘lgan va hukumatga deyarli bosim yo‘q. Shu bois, Isroil har qanday harbiy operatsiyani ma’lum sharoitda erkin amalga oshirishga qodir.
Umrbek Yusupov: G‘azodagi vaziyat ayni paytda juda murakkab. O‘tgan suhbatimizda aytganimdek, birinchi bosqich juda mo‘rt edi. Ikkinchi bosqichga o‘tiladimi-yo‘qmi, bu birinchi bosqichning qanday bajarilishiga bog‘liq. Isroil sulh boshida asirlar ro‘yxatini bekorga e’lon qilmadi; ularni birma-bir e’lon qilib, hech qayeriga zarar yetkazmasdan, oxirigacha yetkazish talabini qo‘ygan. Hamas bunga rozi bo‘lgan. Bunda, Isroil birinchi bosqich oxiriga yetkazilmasligini oldindan hisobga olgan, deb o‘ylayman.
Bir mergan bir Isroil askarini o‘ldirishi, Isroilning javob harakatlari va Trampning bu javobni legitimlashtirishi sulhning davom etishini murakkablashtiradi va yana urushga yo‘l ochadi. Shuning uchun necha marotaba kelishuv bo‘lsa ham, Isroil bahona topib urushni boshlashga harakat qilishi mumkin. Asosiy mas’uliyat Amerika Qo‘shma Shtatlari zimmasida qolyapti: ular Isroilning advokati emas, xolis hakam bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025