Jahon | 23:01 / 01.11.2025
4275
3 daqiqa o‘qiladi

Eron uranni boyitish va raketa dasturidan voz kechmaydi

Ammo AQSh bilan bilvosita muzokaralarga tayyor.

Foto: Sha Dati / XinHua / Global Look Press

Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi Tehron uranni boyitish va raketa dasturini rivojlantirishni davom ettirish niyatida ekanini, biroq AQSh bilan yadroviy muammolar bo‘yicha murosaga kelish imkoniyatidan voz kechmayotganini aytdi.

«Biz uranni boyitishni to‘xtata olmaymiz, (...) Vashington bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishni istamaymiz. Bilvosita muzokaralar orqali kelishuvga erishish mumkin», deb uning so‘zlarini keltirdi Mehr agentligi.

«Biz yadro dasturimizdan xavotirlanish sabablari haqida gapirishga tayyormiz. Uning tinchliksevarligini eslatib o‘tamiz. Halol kelishuv tuzish mumkin, ammo Vashington amalga oshirib bo‘lmaydigan va qabul qilib bo‘lmaydigan dastlabki shartlarni ilgari surmoqda. Bizning raketa dasturimiz bo‘yicha muzokaralar bo‘lmaydi», deb aniqlik kiritdi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida Isroil va AQSh zarbalaridan so‘ng yadroviy materiallar bombardimon qilingan obektlar ostida qolib ketgan va Eron ularni hech qayerga olib chiqmagan. Vazir binolar va uskunalarga zarar yetganini tan oldi, biroq Eron texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yo‘qotmadi.

Uning ishontirishicha, Tehron Isroilning «dushmanona xatti-harakatlarini» kutmoqda, u bilan iyun oyidagi to‘qnashuvdan saboq olgan va har qanday ssenariyga tayyor. Aroqchining qo‘shimcha qilishicha, Isroil AQSh roziligisiz Eronga qarshi yangi hujumga bormaydi.

Oktabr oyi oxirida XAEA bosh direktori Rafael Grossi Associated Press agentligiga bergan intervyusida Eron, ma’lumotlarga ko‘ra, uranni boyitishda davom etayotganini, ammo bu jadal sur’atlarda emasligini aytdi.

Isroil 13 iyun kuni Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, uning maqsadi Eron yadroviy dasturini yo‘q qilish ekani aytildi. Bunga javoban Isroilga zarbalar berdi.

22 iyun kuni AQSh Erondagi uchta yadroviy obektga zarba berdi: Fordo, Isfaxon va Natanz. Keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp sulh e’lon qildi, Eron va Isroil bunga rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid