Jahon | 11:27 / 02.11.2025
13720
7 daqiqa o‘qiladi

“Burevestnik” - o‘tgan asrning 50-60 yillar g‘oyasi, uning nimasi noyob? | “Geosiyosat”

Rossiya birin-ketin “Super qurollar” sinovini o‘tkazganini da’vo qildi. Xo‘sh, sinovlarning ayni shu fonda o‘tkazilishi, Putinning maqsadi va bu raketaning real harbiy salohiyati aslida qanday?

Mavzular muhokamasi – Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Putin aytganidek, “Burevestnik” dunyoda hech kimda yo‘q noyob mahsulotmi?

Anvar Yo‘ldoshev: “ Burevestnik yadro reaktori bilan jihozlangan raketa, aslida yadro dvigateli yordamida uzoq vaqt (Rossiyaning qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general Valeriy Gerasimovga ko‘ra, raketa 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan sinovda 14 000 km masofaga uchgan va taxminan 15 soat havoda bo‘lgan) davomida parvoz qila oladigan qurilma. Bunday g‘oya 1960–70 yillarda ham AQSh va Sovet Ittifoqida tadqiq etilgan edi. Masalan, AQSh “Pluton” loyihasini boshqatdan ko‘rib chiqqan, lekin xavfsizlik va nazorat masalalari sababli to‘xtatilgan. Reaktorli raketalarni nazorat qilish qiyin va yo‘l davomida portlash yoki boshqa favqulodda holatlar xavfi bo‘lishi mumkin, aynan shu xavfsizlik muammolari ko‘plab davlatlarni ushbu yo‘nalishdan qaytargan. So‘nggi vaqtlarda esa bu mavzu yana dolzarb bo‘lib, 2018 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dumadagi murojaatida “Burevestnik”, “Poseydon”, “Sarmat” kabi yangi kuchaytirilgan tizimlarni tezroq rivojlantirish topshirig‘ini bergan. Hozirgi paytda shu turdagi loyihalar amalga oshirilmoqda, lekin ular an’anaviy Tomahawkʼdan farq qiladi. Nazorat va kuzatuv jihatidan esa yer usti havo mudofaa tizimlari bunday raketalarni ushlab qolishda cheklangan bo‘lishi mumkin, ayniqsa uzoq va baland trayektoriyalarda. Buning uchun kosmik kuzatuv va aloqa vositalari, jumladan, sun’iy yo‘ldosh tarmoqlari (masalan, Ilon Maskning tizimlari kabi) muhim rol o‘ynashi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda ikki asosiy savol mavjud: birinchisi “Burevestnik” raketasining texnik xususiyatlari, ikkinchisi esa muhimroq masala — Vladimir Putinning bu raketa orqali qanday maqsadni ko‘zlagani va bu kimga signal ekani. “Burevestnik” bu qanotli, yadro reaktori bilan ishlaydigan raketa. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, u temirdan yasalgan bo‘lib, “ko‘rinmas” (stealth) texnologiyasiga ega emas. Raketani kuzatish nisbatan oson, chunki u taxminan 1000 km/soat tezlikda uchadi, ya’ni 14 ming kilometr masofani 15 soatda bosib o‘tgan. Uning asosiy yutug‘i — havoda juda uzoq vaqt, deyarli cheksiz parvoz qila olish qobiliyatidadir. Bu loyiha ilk bor Xrushchyov davridayoq boshlangan bo‘lsa-da, Rossiya so‘nggi yillarda uni qayta faollashtirib, bir necha marotaba sinovdan o‘tkazishga urinmoqda. So‘nggi 20 yil ichida o‘n martadan ortiq sinov o‘tkazilgan, ammo ulardan atigi ikkitasi to‘liq muvaffaqiyatli bo‘lgani aytiladi. Demak, texnik jihatdan bu tizim hali mukammal ishlamayapti. So‘nggi sinovlarga oid ma’lumotlar ham ziddiyatli. Rossiya bosh shtabi Putinga “Burevestnik” sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazildi” degan hisobot bergan. Bu holatni dunyo davlatlaridan faqat Norvegiya tasdiqlagan, ya’ni u Rossiyaning shimolidagi oroldan noma’lum raketa uchirilganini qayd etgan, biroq aynan qaysi raketa ekani haqida aniq ma’lumot bermagan. Putin sinovdan so‘ng “raketa yadro reaktori bilan uchirilganini” ta’kidlagan. Ammo oradan ikki kun o‘tib, Donald Tramp “AQSh ham yadroviy sinovlarni o‘tkazadi” degan bayonot bilan chiqqach, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu so‘zlarni rad etdi. Unga ko‘ra, “sinovda yadroviy kallak ishlatilmagan, raketa ichida yadro komponenti yo‘q edi, bu faqat korpus sinovi bo‘lgan”. Putin va Peskov bayonotlari ikki xil ohangda, ya’ni ziddiyatli.

Shuhrat Rasul: 1960–70 yillarda AQSh va SSSR qanotli raketalar (u jumladan, “Burevestnik”ka o‘xshash g‘oyalar) ustida tadqiqot olib borgan. O‘sha davrda bunday raketalar tezligi taxminan 875 km/soat atrofida bo‘lib, tovush to‘sig‘idan (≈1235 km/soat) sekinroq edi. Shu sababli ular o‘sha paytdagi sverxzakovoy (tovushdan tez uchuvchi) samolyotlar tomonidan 2,5 barobar tezroq ushlanib qolishi mumkin edi. Masalan, 1965 yilda SSSR Su-19 samolyotini qabul qilgan, AQSh esa “Seybr” tipidagi sverxzakovoy samolyotlarga ega bo‘lgan. Har ikkala tomonning tezkor samolyotlari va mudofaa tizimlari bunday sekin raketalarni muvaffaqiyatli yo‘q qilishi mumkin edi, shu sababli ularni qurol sifatida ommaviy qo‘llash maqsadga muvofiq emasligi uchun ishlanmalardan voz kechilgan. Yana bir muhim jihat, bunday raketalar uchib o‘tgan joyda iz qoldiradi (radiatsion iz qoldirishi), bu esa ularni topish va kuzatishni osonlashtiradi. Bugungi kunda ham ularni kosmik kuzatuv yoki maxsus radiatsion monitoring samolyotlari orqali aniqlash mumkin, shuningdek, yer usti radar tizimlarida ham seziladi. Agar raketa past balandlikda uchsa, uni hatto katta kalibrli pulemyot bilan ham yo‘q qilish mumkin. Shu boisdan ham ayrim ekspertlar hozirgi bayonotlarni yolg‘on yoki propaganda sifatida ko‘rishadi. Bunday bayonotlar geosiyosiy bosim sifatida foydalanishga urinish. So‘nggi voqealar fonida esa AQSh tomonidan ham yadroviy sinovlarni muhokama qilish haqidagi bayonotlar eshitildi; buni Kreml rasmiysi Peskov esa yumshatishga harakat qilib, sinovlar haqidagi ba’zi iddaolarni rad etdi. Boshqa tomondan, haqiqiy yadroviy sinovlar juda qimmat va texnik jihatdan talabchan jarayon bo‘lib, ularni o‘tkazish ham katta resurslarni talab qiladi; ayniqsa bugungi iqtisodiy sharoitlarda bu har doim ham Rossiya uchun oson emas.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid