Jahon | 14:05 / 03.11.2025
12751
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda kuchli zilzila: kamida 20 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar jabrlangan

Qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi mumkin.

Foto: ATIF ARYAN/AFP

Afg‘oniston shimolida, Mozori Sharif yaqinida 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Ayni vaqtga kelib 20 kishi halok bo‘lgani va yuzlab kishilar jarohat olgani ma’lum, ammo qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi kutilmoqda.

Kuchli yer silkinishi Afg‘onistonning 500 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan eng yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Mozori Sharif atrofida, mahalliy vaqt bilan tungi soat birda sodir bo‘ldi.

AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila magnitudasi 6,3 ballni tashkil etib, zilzila o‘chog‘i 28 kilometr chuqurlikda joylashgan. Xavfning «to‘q sariq» darajasi e’lon qilindi, bu qurbonlar ko‘p bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Mahalliy rasmiylar kamida 20 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Qutqaruv ishlari davom etishi bilan qurbonlar soni ortishi kutilmoqda.

320 dan ortiq kishi jarohat oldi, degan toliblar hukumati Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy vakili Sharofat Zamon Amar.

«Tolibon»ning Balx viloyatidagi (Mozori Sharif shahri shu viloyat hududiy markazi hisoblanadi) vakili Hoji Zayd X ijtimoiy tarmog‘ida Mozori Sharif janubidagi Sholgar tumanida «ko‘plab odamlar yaralangani» haqida yozgan.

U viloyatning barcha tumanlaridan odamlar jarohatlangani haqida xabarlar kelayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Jarohatlarning aksariyati odamlar baland binolardan yiqilishi bilan bog‘liq», deb yozgan u.

Zilzila ro‘y berganda ko‘pchilik uylari qulab tushishidan qo‘rqib, ko‘chalarga yugurib chiqishgan.

Foto: ATIF ARYAN/AFP

Toliblarning Balxdagi vakili X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Mozori Sharifning diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Moviy masjid hududidagi vayronagarchiliklar aks etgan videoni ham joylashtirgan.

Ushbu diniy kompleksda birinchi shia imomining qabri joylashgan deb ishoniladi. Hozir u ibodat qilish va diniy bayramlarni nishonlash uchun ziyoratchilar oqib keladigan joyga aylangan.

Kobul politsiyasi vakili Xolid Zadran X ijtimoiy tarmog‘ida politsiya guruhlari «vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani» haqida yozdi.

Mozori Sharif yaqinidagi tog‘li hududda joylashgan Samangon viloyati vakilining so‘zlariga ko‘ra, u yerda ham ko‘plab qurbonlar ro‘yxatga olingan.

Zilzila kuchi atrofdagi ko‘plab davlatlar, jumladan O‘zbekistonning janubiy hududlarida sezildi.

O‘zbekiston Seysmoprognostik monitoring respublika markazi epimarkazdagi silkinish kuchini 7 ballga baholadi (6,8 magnituda). Mamlakatdagi eng kuchli sezilish Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keldi – 5 ball.

Tarmoqlarda kuzatuv kameralarida qayd etilgan zilzila aks etgan videolar tarqalgan. Videolarning aksariyati Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Termizda olingan.

Kadrlarda silkinishlar bir daqiqadan ko‘proq vaqt davomida turli intensivlikda davom etganini ko‘rish mumkin. Videolardan birida eng kuchli silkinishlar paytida ko‘cha chiroqlari o‘chgan, shuningdek, odamlar uylardan ko‘chaga yugurib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida Afg‘oniston sharqidagi tog‘li hududda 6,0 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, ikki mingdan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Zilzila oqibatlari juda og‘ir bo‘lgandi, chunki bu hududdagi qishloq uylari odatda loy va yog‘ochdan quriladi. Natijada aholi qulab tushgan uylari ostida qolib ketgandi.

Afg‘oniston Hindiston va Yevrosiyo tektonik plitalari uchrashadigan bir nechta tektonik yoriqlar tutashgan joyda joylashgani sababli zilzilalarga moyil hudud hisoblanadi.

Mavzuga oid