Jahon | 09:36 / 04.11.2025
1999
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Suriyaliklar uchun boshpana berish asoslari yo‘qoldi

GFR kansleri Fridrix Mersning aytishicha, Suriyada fuqarolik urushi yakunlangani sabab suriyalik qochqinlarga boshpana berish uchun asoslar qolmagan. U ularni vataniga qaytib, mamlakatni tiklashga chorladi.

Foto: Annegret Hilse/REUTERS

Suriyadan kelgan qochqinlar Germaniyani tark etib, vataniga qaytishi kerak, chunki u yerda fuqarolik urushi yakunlandi, dedi 3 noyabr kuni GFR kansleri Fridrix Mers. «Suriyada fuqarolik urushi tugadi. Endi Germaniyada boshpana berish uchun asoslar yo‘q, shuning uchun deportatsiyani boshlashimiz mumkin», — dedi Mers Shlezvig-Golshteyn yeri bosh vaziri Daniel Gyunter bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

U, shuningdek, qochqinlarning ko‘pchiligi «ixtiyoriy tarzda mamlakatga qaytib, uni tiklashda ishtirok etishi»ga umid bildirdi, aks holda bu ishning iloji yo‘qligini qayd etdi. «Germaniyada qolgan holda qaytishdan bosh tortganlar esa, albatta, kelgusida mamlakatdan chiqarilishi mumkin», — dedi Mers.

Bundan tashqari, GFR kansleri boshpana berish tartib-taomillarini mehnat muhojirlarini qabul qilish jarayonlaridan ajratish zarurligini ta’kidladi. «Men juda norozimanki, bizda hali ham mehnat bozoriga integratsiya qilib bo‘lgan yoki qisman qila olgan odamlar bor, ammo ular hali ham boshpana olish jarayonida. Kelgusida bu tartibni ma’muriy jihatdan takomillashtirishni, boshpana berish va mehnat bozoriga integratsiya jarayonlarini to‘liq ajratishni taklif qilamiz — aynan shu uchun Work-And-Stay nomli agentlik mavjud. Tarjimada bu «ha, ishla va qol» degani», — dedi u.

Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ma’lumoticha, 2025 yil oktyabr oyida Germaniyada boshpana so‘rab berilgan dastlabki arizalar soni 8823 tani tashkil etdi — bu 2024 yilning shu oyiga (19 785) nisbatan taxminan 55 foizga kam.

U bundan oldin Germaniyadan deportatsiya jarayonlarini tezlashtirish rejalari haqida gapirgan edi. Dobrindt «Afg‘oniston hokimiyati bilan tegishli kelishuvlarga erishish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini» va «shunga o‘xshash ishlarni Suriya bilan ham urinib ko‘rishini» ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Suriyaga faqat jinoyatchilar emas, balki boshpana so‘rovi rad etilgan shaxslar ham yuborilishi rejalashtirilgan.

Afg‘onistonda esa 2021 yili «Tolibon» harakati hokimiyatga qaytganidan so‘ng Germaniya ikki marta afg‘onlarni chiqarib yuborgan: 2024 yil avgust oyida 28 kishi va 2025 yil iyul oyida 81 kishi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasi — sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan jinoyatchilar.

Mavzuga oid