Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tolibon”-Pokiston: to‘qnashuvlar Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qiladi?
“Tolibon”, “Tahriki Toliboni Pokiston” va Pokiston hukumati o‘rtasidagi ziddiyat Markaziy Osiyo xavfsizligi va mintaqa davlatlarining turli loyihalarini sekinlashtirishi muqarrar. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar “Tolibon”-Pokiston o‘rtasidagi konfliktning Markaziy Osiyo hayotiga ta’siri xususida batafsil so‘z yuritishdi.
Pokiston va «Tolibon» ziddiyati Markaziy Osiyo xavfsizlik tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Agar konflikt mana shunday muzlab turadigan bo‘lsa yoki oshib boradigan bo‘lsa, bu nafaqat Markaziy Osiyoga, balki Markaziy Yevrosiyoga katta ta’sir qiladi. Birinchidan, global maydondagi eng katta tirashuv — bu Amerika-Xitoy ziddiyati. Bu tirashuv borgan sari sekin-sekin oshib boryapti. Ular o‘rtasida gibrid kurash, to‘qnashuv allaqachon mavjud, savdo-iqtisodiy urushlar davom etmoqda. Xitoyning asosiy maqsadi shundan iboratki, agar kelajakda konflikt dengiz tarafida bo‘ladigan bo‘lsa, unga tinch, muqobil va kontinent ichidan o‘tadigan bir qancha parallel quruqlik yo‘llari kerak bo‘ladi. Shu yo‘llardan biri Rossiya orqali, ikkinchisi Qozog‘iston orqali, uchinchisi esa Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladi. Markaziy Osiyo yo‘lining ikki varianti mavjud: biri transkaspiy tomonga, Eron orqali, ikkinchisi Afg‘oniston va Pokiston orqali dunyo dengizlariga chiqish. Shu sababli Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning mavjudligi Markaziy Osiyo va Xitoy uchun juda muhim geosiyosiy hamda geoiqtisodiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Bugun afg‘onistonlik siyosatchilardan Afg‘onistonning do‘stlari kimlar deb so‘rasangiz, ular birinchi o‘rinda Rossiya va O‘zbekistonni aytadi. Masalan, Afg‘oniston ekspertlari va blogerlarning fikrlarini kuzatganimda, oddiy ko‘chadagi odamlar yoki siyosiy doiralarda birinchi do‘st sifatida Rossiya va ikkinchisi O‘zbekiston tan olinadi. Endi Afg‘onistondagi beqarorlik davom etsa, bu avvalambor kollektiv G‘arbga yoki Vashingtonga bonus bo‘ladi. Bu esa Xitoyning uzoq muddatli strategik loyihalarini bloklagan bo‘ladi. Misol uchun, Donald Tramp Bagram harbiy bazasini AQSh ixtiyoriga qaytarish masalasini bekorga ko‘tarmadi. Afg‘oniston shunday strategik nuqtada joylashgan: bir tomondan Xitoy, ikkinchi tomondan Eron, uchinchisi Rossiya — ya’ni Amerikaning dushmanlari o‘rtasida. Shu sababli Afg‘onistondan yuqoridagi uch davlatga ham psixologik va harbiy-strategik bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega. Oldin bu bosim urushlar orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, hozir balki kelishuvlar orqali amalga oshirilishi mumkin. Masalan, «Tolibon» ham pragmatik siyosat yuritadi va 20 yillik urushdan keyin diplomatiya bilan jadal shug‘ullanyapti. Afg‘onistonning yana urush o‘chog‘iga aylanishi turli loyihalar kelajagini murakkablashtiradi. Avvalambor O‘zbekistonning transport va logistika salohiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Tarixiy jihatdan O‘zbekiston faqat shimoliy koridor orqali Rossiyaga chiqish imkoniyatga ega. Shuning uchun ham yangi yo‘nalishlar kerak: Qirg‘iziston orqali Xitoyga bog‘lanish. Bu jarayon ketyapti va Xudo xohlasa to‘xtamaydi. Turkmaniston va Qozog‘iston orqali bir tomondan Kaspiyga, ikkinchisi Eronga chiqish. Bu ham multimodal va murakkab jarayon. Afg‘oniston orqali temiryo‘l qurilganida, bu eng arzon va dengizga chiqishning qulay yo‘li bo‘lar edi. Lekin hozirgi konflikt tufayli bu variant ham murakkablashgan.
Islomxon Gaffarov: «Tolibon» va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat darajasining ortishini, Markaziy Osiyoga ta’siri nuqtai nazaridan bir nechta muhim loyihalarni ko‘rib chiqish kerak. Birinchi navbatda, transafg‘on temiryo‘li, lekin bundan tashqari boshqa loyihalar ham bor. Masalan:
- TAPI gaz quvuri — Turkmanistondan Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga o‘tadi. Agar hududda urush bo‘lib turadigan bo‘lsa, bu loyiha ham muzlab qoladi.
- CASA-1000 loyihasi — elektr energiyani Qirg‘iziston va Tojikiston hududidan Afg‘oniston va Pokiston hududiga yetkazadi. Bu loyiha ham hududdagi urushlar sababli to‘xtab qolishi mumkin.
- Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligi konsepsiyasi — so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyiha. Bu konsepsiya tarixiy yo‘qotilgan bog‘liqlikni tiklashni maqsad qilgan.
Ammo bu loyihalarni amalga oshirish bir qator chaqiriqlar bilan bog‘liq. Bir tomondan, Hindiston va Pokiston o‘rtasida tarixiy qarama-qarshilik mavjud. Shu bilan birga, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida ham yangi qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan. Agar Janubiy Osiyoning markazida — Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston o‘rtasida ziddiyat davom etsa, bu konsepsiyani amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi. Eng katta xavf terrorizm va ekstremizm hisoblanadi. Hozirgi vaqtda «Tolibon» Afg‘oniston hududida o‘z davlatchiligini mustahkamlash bilan shug‘ullanmoqda. Jahon hamjamiyati va qo‘shni mamlakatlarga hech qanday shikoyat bildirmayapti, g‘oyalarini eksport qilmayapti va do‘stona aloqalarni davom ettirmoqda. Ammo Afg‘onistonda IShID Xuroson, Tahriki Toliboni Tojikiston (TTT) va Ansorulloh kabi guruhlar mavjud. Ular Tojikiston hududlariga da’vo bildirishga harakat qilmoqda va «Tolibon»ga o‘xshash hukumat tuzish niyatida. Bunday harakatlar kuchayishi Markaziy Osiyoga radikal g‘oyalarni eksport qilishi va terrorizm xavfini oshirishi mumkin. Shu sababli hududdagi barqarorlikni saqlash va xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun xavfsizlikni ta’minlash juda muhim.
Sardor Rahimov: Birinchi navbatda ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fikrlariga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekiston xavfsizligi. U shuningdek, butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining barqarorligi va taraqqiyoti Afg‘oniston bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonning O‘zbekiston va butun mintaqa uchun qanchalik muhimligi ochiq-oydin ko‘rinadi. Afg‘oniston transport va transafg‘on transport koridorlari orqali mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega. Shu jumladan, eng muhim yo‘nalishlardan biri — Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temiryo‘li. Termizdan Mozori Sharifgacha temiryo‘l qurib bo‘lingan, lekin dengizga chiqish imkoniyatini beruvchi to‘liq yo‘nalish hali oxirigacha amalga oshmagan. Yaqinda «Tolibon», O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari ushbu temiryo‘l bo‘yicha uch tomonlama bitim imzoladi. Biroq chegara hududlaridagi keskinliklar bu “azaliy orzu”ni amalga oshirishni kechiktirishi mumkin. Shu bois, ushbu temiryo‘lni ishga tushirishning muhim sharti — Afg‘oniston va Pokistonning tinchligi va barqarorlik o‘rnatilishi. Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining bog‘lanishi butun dunyo uchun katta foyda keltiradi. Masalan, Xitoy va Rossiya ham o‘zining janubga chiqish strategiyasini shu jarayonlarda qo‘llab-quvvatlayapti. Ayniqsa, G‘arbning sanksiyalar fonida Rossiya yangi bozorlarni izlamoqda. Shunga qaramay, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinliklar va ehtimoliy urush harakatlari, tashqi kuchlarning aralashuvi bilan kuchayishi mumkin. Shu sababli barqarorlikni ta’minlash va temiryo‘l loyihasini amalga oshirish mintaqaviy hamkorlik va tinchlikka bog‘liq.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
21:23 / 04.12.2025
Afg‘onistonda 13 yoshli bola qarindoshlarining qotilini 80 000 tomoshabin oldida qatl qildi
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025