Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinning «muhim» topshirig‘i, AQSh tarixidagi eng uzun «shutdown» va Pokrovsk xarobalaridagi janglar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Putin yadro bombasi sinovlariga tayyorlanishni topshirdi
5 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qatnashgan Vladimir Putin «agar boshqa davlatlar yadro sinovlarini boshlasa, Rossiya ham shunday qilishga tayyorligini» ma’lum qildi.
Putin xavfsizlik xodimlariga AQShning yadro sinovlari bilan bog‘liq xabarlarni tekshirishni, agar u tasdiqlansa, Rossiyaning o‘z sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Rossiya oxirgi marta 1990 yilda, hali SSSR tarkibida bo‘lgan paytda yadro sinovlarini o‘tkazgan edi.
«Shu munosabat bilan maxsus xizmatlarga va tegishli fuqarolik idoralariga ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot to‘plashni, uni tahlil qilishni hamda yadro qurol sinovlarini tayyorlashni boshlash imkoniyati yuzasidan muvofiqlashtirilgan takliflarni kiritishni topshiraman», degan Putin.
Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov Putinga AQShning so‘nggi harakatlarini inobatga olib, to‘liq ko‘lamli yadro sinovlariga darhol tayyorgarlik ko‘rishni maqsadga muvofiq deb aytdi.
Belousovga ko‘ra, Rossiyaning Novaya Zemlya orollaridagi sinov maydoni tayyorgarlik holatida va bu joyda qisqa muddat ichida sinovlar o‘tkazish mumkin.
Rossiya shimolida joylashgan bu orollar majmuasida SSSR tarixdagi eng qudratli yadro portlashi — «Tsar-bomba» sinovi ham o‘tkazilgandi.
Ruslarning bu bayonoti — AQSh prezidenti Donald Trampning yadro bombasi sinovlari haqidagi e’lonidan keyin yangramoqda.
AQShning raketa sinovi
AQSh harbiy havo kuchlari Minuteman III turidagi yadro kallagini olib yurish qobiliyatiga ega qit’alararo ballistik raketasini jangovar kallaksiz sinovdan o‘tkazdi.
Sinov parvozi Kaliforniyadagi Vandenberg Kosmik Kuchlari bazasidan amalga oshirildi. Raketa taxminan 6,7 ming km masofani bosib o‘tib, o‘z nishoniga yetib bordi. «GT 254 deb nomlangan ushbu sinov Amerika milliy mudofaasi tayanchlaridan biri bo‘lgan «Qit’alararo Ballistik Raketa» tizimining doimiy ishonchliligi, jangovar tayyorgarligi va aniqligini baholashga qaratilgan», deyiladi bayonotda.
Bir necha kun avval prezident Donald Tramp Vashingtonning yadro sinovlariga qaytishini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda «sayyorani 150 marta portlatishga yetadigan» miqdorda yadro qurollari mavjud.
AQSh va Xitoy: chiplar masalasida raqobat
Xitoy hukumati yangi yo‘riqnomani e’lon qildi. Unga ko‘ra, davlat mablag‘lari ajratilgan barcha yangi ma’lumot markazlari — Data center loyihalari faqat mahalliy ishlab chiqarilgan sun’iy intellekt chiplaridan foydalanishi shart. Bu haqda masalaga yaqin ikki manba Reutersʼga ma’lum qildi.
So‘nggi haftalarda Xitoy regulyatorlari 30 foizdan kam qurilgan data-markazlarga o‘rnatilgan barcha xorijiy chiplarni olib tashlash yoki ularni xarid rejasini bekor qilishni buyurgan. Qurilishi ilg‘or bosqichda bo‘lgan loyihalar esa alohida tartibda ko‘rib chiqiladi, dedi manbalar.
Bu qadam Pekin tomonidan kritik infratuzilmadan xorijiy texnologiyalarni to‘liq chiqarib tashlash yo‘lidagi eng qat’iy chora bo‘lishi mumkin.
AQSh va Xitoy o‘rtasida Nvidia kabi kompaniyalarning ilg‘or AI chiplariga kirish masalasi eng katta kelishmovchiliklardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu chiplar sun’iy intellektni o‘qitish va yuqori hisoblash quvvatini yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Qaror – Vashingtonning eksport cheklovlari va texnologik sanksiyalariga Pekinning javob choralari sifatida qaralmoqda. AQSh bu cheklovlarni «Xitoy armiyasi yadro va AI salohiyatini kuchaytiradi» degan xavotir bilan asoslaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Xitoy rahbari bilan uchrashuvdan keyin «biz ularni Nvidia bilan ishlashiga ruxsat beramiz, lekin eng ilg‘or chiplar darajasida emas», degandi.
Pokrovsk xarobalarida janglar davom etmoqda
Rossiya armiyasi 5 noyabr kuni, uning qo‘shinlari Pokrovsk shahrining shimoliy qismida oldinga siljiyotgani va shahar ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritishga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Ukraina armiyasi esa ruslarning yangi hududlar egallashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qattiq jang olib borayotganini bildirdi.
Ukraina — askarlari strategik ahamiyatga ega sharqiy Pokrovsk shahrida og‘ir vaziyatda ekanini tan olgan. Bu shahar ilgari Ukraina armiyasi uchun muhim transport va logistika markazi bo‘lgan, Rossiya esa uni bir yildan ortiq vaqt davomida qo‘lga kiritishga urinmoqda.
Rossiya bu shaharni Donbass sanoat mintaqasining qolgan 10 foizi hududini egallash sari yo‘l deb biladi. Bu mintaqa esa Rossiyaning to‘rt yillik urushdagi asosiy maqsadlaridan biridir.
Rossiya tomoniga ko‘ra, shaharda qurshovda qolgan ukrain askarlarini taslim bo‘lishdan boshqa yo‘li yo‘q. Ukraina armiyasi esa askarlari qurshovda qolganini inkor etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, rus askarlarining mustahkam o‘rnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda kengroq hududdagi logistika yo‘llarini himoya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Tomonlarning ushbu da’volarini jang sharoitlarida tekshirish imkonsizdir.
Pokrovsk — Ukraina sharqidagi Donetsk viloyatidagi yo‘l va temiryo‘l tuguni bo‘lib, urushdan oldin 60 mingga yaqin aholiga ega edi. Biroq hozir aholining aksariyati qochgan, barcha bolalar evakuatsiya qilingan. Shahar esa vayron bo‘lgan binolar va o‘pirilib ketgan yo‘llardan iborat.
Rossiya armiyasi hozir Ukraina hududining 19 foizidan ortig‘ini — taxminan 116 ming kvadrat kilometrni nazorat qilayotganini bildirgan.
AQSh tarixidagi eng uzun «shutdown»
AQShda federal hukumat 1 oktyabrdan buyon faoliyatini to‘xtatgan, chunki Kongress yangi moliyaviy yil boshlanishidan oldin vaqtinchalik budjetni ma’qullamadi. Natijada federal agentliklar moliyaviy vakolatlarini yo‘qotdi va o‘z faoliyatini davom ettira olmayapti.
5 noyabr holatiga ko‘ra, hukumat ishi to‘xtaganiga 36 kun bo‘ldi. Seshanba kuni Senatda vaqtinchalik budjet loyihasini qabul qilish bo‘yicha 14 marta o‘tkazilgan ovoz berish ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Demokratlar sog‘liqni saqlash sug‘urtasi subsidiyalarini uzaytirishni talab qilmoqda. Respublikachilar esa hech qanday o‘zgartirishsiz vaqtinchalik budjetni qabul qilish tarafdori.
Garchi Senatda 100 o‘rindan 53 tasi respublikachilarga tegishli bo‘lsa ham, budjet kabi qonunlarni o‘tkazish uchun ularga demokratlarning yana 7 ta ovozi kerak.
36 kunlik to‘xtash davrida AQShning minglab federal xodimlari maoshsiz ta’tilga chiqarildi, ammo muhim xizmatlar — harbiylar, razvedka, davlat shifoxonalari, aeroportlar va qamoqxonalar ishni davom ettirmoqda. Ammo bu xodimlar ish haqi olmayapti, natijada milliy bog‘lardan tortib oziq-ovqat yordam dasturlarigacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda uzilishlar sezilmoqda.
Transport vaziri Shon Daffiga ko‘ra, hukumat yopilishi tufayli AQSh bo‘ylab 40 ta aeroportda parvozlar soni 10 foizga qisqartiriladi.
Hozircha hukumat qachon normal ishlashga qaytishi noma’lum. Kongress budjet idorasining ogohlantirishicha, hozirgi to‘xtashning xarajatlari 14 milliard dollarga yetishi mumkin.
Mavzuga oid
16:20
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025