O‘zbekiston | 22:49 / 06.11.2025
3179
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSh Eksimbanki rahbari bilan uchrashdi

Jon Yovanovich bilan bo‘lgan uchrashuvda Eksimbankning O‘zbekiston aviaparkini modernizatsiya qilish va «Boeing» samolyotlarini yetkazib berishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSh Eksport-import banki (Eksimbank) rahbari Jon Yovanovichni qabul qildi.

Eksimbank hukumatning rasmiy eksport-kredit agentligi bo‘lib, AQSh kompaniyalarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularga sug‘urta, kafolat va kredit vositalarini taqdim etadi. Ushbu nufuzli institut bilan tayyorlangan qo‘shma dastur asosida energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, IT va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi yirik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Eksimbankning O‘zbekiston aviaparkini modernizatsiya qilish va Boeing samolyotlarini yetkazib berishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy hamkorlikni davom ettirish va uzoq muddatli sheriklik rejasini ishlab chiqishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari huzurida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSh Eksimbanki o‘rtasida imzolangan Qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitim almashildi.

Mavzuga oid