Moliya | 21:08 / 07.11.2025
24594
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun dollarda pul jamg‘arish qanchalik foydali?

So‘nggi paytlarda dollarning so‘mga nisbatan kursi hammani hayron qoldiryapti. To‘g‘ri-da, o‘zbekistonliklar umri bino bo‘lib hali bunaqasini ko‘rmagan. Iyun oyi boshida 12 800 so‘m bo‘lgan kurs, oradan 6 oy o‘tib, 12 ming so‘mdan pastga tushdi. Bu – ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy, chunki mamlakatdagi aksariyat yirik oldi-sotdilar dollarda amalga oshiriladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dollarda pul jamg‘arish qanchalik foydali?

O‘zbekistonda uy yoki mashina kabi kattaroq qiymatdagi savdolarda hisob-kitoblar dollarda amalga oshirilishi hech kimga sir emas. Hatto telefon xarid qilmoqchi bo‘lsangiz ham, qurilma Amerika valutasida narxlanadi. Shunga monand tarzda, aksariyat o‘zbekistonliklar milliy valutada daromad topsa-da, ortiqcha pulini tezda dollar qilishga va jamg‘arib borishga odatlangan. Bu usul qisman inflatsiyadan himoya qiladi, lekin daromad keltirmaydi.

Oxirgi yillardagi tendensiyaga qaraydigan bo‘lsak, so‘m dollarga nisbatan 2021 yilda (10 476/10 837) 3,4 foizga, 2022 yilda (10 837/11 225) 3,6 foizga, 2023 yilda (11 225/12 338) 9,9 foizga, 2024 yilda esa (12 338/12 920) 4,7 foizga o‘z qiymatini yo‘qotgan. 2025 yil boshidan 7 noyabrgacha bo‘lgan davrda milliy valuta dollarga nisbatan 7 foizga mustahkamlandi.

2021 yil boshidan beri so‘m AQSh valutasiga nisbatan umumiy hisobda 14,6 foizga qadrsizlangan. Bu davrda O‘zbekistondagi inflatsiya darajasi 54 foizni tashkil etgan. Ya’ni 2021 yilning boshida 40 ming dollar pulni sandiqqa solib qo‘ygan Toshmat ayni paytda o‘z jamg‘armasining real qiymatlarda sezilarli qismini yo‘qotdi.

Boshqa bir misol keltiramiz. Toshmat 2021 yilda 40 ming dollarga 2 xonali kvartira xarid qildi va hozir ko‘chmas mulkni 55 ming dollarga sotyapti. Bu yerda ham u real qiymatda 15 ming dollar foyda ko‘rmaydi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda dollarning yillik o‘rtacha kursi 10 609 so‘m bo‘lgan. Bunda 40 ming dollar 424 mln 360 ming so‘mni tashkil etadi. 2021 yilning o‘rtasidan 2025 yilning sentabr oyi yakunigacha to‘plangan inflatsiya darajasi 48 foizni tashkil etgan holda, 424 mln 360 ming so‘mga xarid qilish mumkin bo‘lgan mahsulotlarning qiymati 629 mln 448 ming so‘mga yetgan. Bu 52 ming 432 dollarga teng.

Yoki, 2021 yilda 100 dollarga o‘rtacha hisobda 18 kg go‘sht xarid qilgan bo‘lsangiz, bugun bu pulga 10 kg go‘sht olish mumkin. O‘zbekiston kabi inflatsiya yuqori mamlakatlarda ortiqcha daromadni dollarga aylantirib, sandiqda saqlash orqali ham yildan yilga kambag‘allashib borish mumkin. Shu jihatdan dollar inflatsiyadan faqat qisman himoya vositasigina xolos.

Dollar tushdi, nega narxlar arzonlashmayapti?

Savdo markazlarida narxlar nega oshdi degan savolga “dollar ko‘tarildi-ku” degan javobni ko‘p eshitganmiz. Aholining ham, biznesning ham inflyatsion kutilmalarida valuta kursining o‘zgarishi narxlar oshishiga ta’sir qiluvchi eng asosiy omillardan biri bo‘lib kelgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda eksport tovarlarining 15 foizi, import tovarlarining esa 40 foizi kurs o‘zgarishiga ta’sirchan bo‘lgan.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev dollar so‘mga nisbatan arzonlashayotgan bo‘lsa-da, narxlar nega tushmayotganini quyidagicha izohladi.

“Birinchi navbatda valuta kursining o‘zgarishi barcha tovarlarga emas, balki import tovarlari yoki import xomashyo ishlatiladigan tovarlar narxiga ta’sir qiladi. Import narxlariga esa siz bilan biz har kuni ishlatadigan valuta kursi emas, balki real valuta kursi ta’sir o‘tkazadi. Ya’ni import narxlariga nafaqat hamkorlar o‘rtasidagi valuta kursi, balki ulardagi inflatsiyaning o‘zgarishi ham ta’sir o‘tkazadi. Bunda asosiy hamkorlardagi inflatsiya darajasi va ularning valutasiga nisbatan so‘mning qanday o‘zgarayotgani ko‘proq ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, so‘m yil boshidan buyon dollarga nisbatan mustahkamlanayotgan bo‘lsa-da, birinchi chorakda asosiy hamkorlarimiz valutalaridagi keskin o‘zgarishlar (asosan rubl) real samarali almashinuv kursining qadrsizlanishiga olib keldi. Real samarali almashinuv kursining qadrsizlanishi esa import qimmatlashishiga olib keladi (narx o‘sishining tezlashishiga). Xususan, yanvar-aprel oylarida import tovarlarining narx o‘sishi 4,5 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida import tovarlari narxi 4,8 foizga, 2023 yilda esa 1,9 foizga oshgan edi. Ya’ni import narxlarining o‘sishi birinchi 4 oyda sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.

May oyidan esa nominal kurs (biz har kuni ko‘radigan va ishlatadigan kurs) qatorida real kurs ham mustahkamlanishni boshladi. Natijada may-sentabr oylarida import tovarlarining narx o‘sishi 1,1 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun 2024 yilning mos davrida import tovarlari narx o‘sishi 5,5 foizni, 2023 yilning mos davrida esa 4,3 foiz bo‘lgan. Ya’ni bu davrda import tovarlarining narx o‘sishi oldingi yillar bilan taqqoslaganda sezilarli sekinlashgan.

Ta’kidlash kerakki, bu davr savdo urushining ham kuchayishini ham o‘z ichiga oladi. AQSh kabi yirik iqtisodiyotning boshqa yirik iqtisodiyotga bojlarni oshirishi biz kabi kichik davlatlar uchun narxni pasaytiruvchi xarakterga ega. Ya’ni Xitoy tovarlariga AQShda talabning pasayishi boshqa davlatlarda Xitoy tovarlari narxi pasayishiga olib keladi”, deya yozdi iqtisodchi.

Hisob-kitoblarda so‘m ulushi ortyapti

So‘mning mustahkamlanishi fonida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi dollarlashuv darajasi sezilarli qisqargan. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, bank sektorida dollarlashuv darajasi kreditlar bo‘yicha 41 foizdan 37 foizgacha, depozitlar bo‘yicha 26 foizdan 23 foizgacha pasaygan.

Shuningdek, so‘mning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish imkonini bergan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat qarzi bo‘yicha 1,3 trillion so‘m, korporativ qarz bo‘yicha 3,6 trillion so‘m iqtisod qilinishi kutilyapti.

Mavzuga oid