Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
S5 prezidentlari bilan ko‘rishgan Tramp, Livanga hujum qilgan Isroil va Mask uchun $1 trillion maosh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh—Markaziy Osiyo
6 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Markaziy Osiyoning besh davlati: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan uchrashdi.
Tramp Markaziy Osiyoni «nihoyatda boy mintaqa» deb atab, AQShning bu besh davlat bilan hamkorligini yanada mustahkamlashni istashini aytdi.
«Kun tartibimizdagi eng muhim masalalardan biri — strategik minerallar», dedi Tramp. «So‘nggi haftalarda ma’muriyatim dunyo bo‘ylab ittifoqchilar va do‘stlar bilan bitimlar tuzish orqali AQShning iqtisodiy xavfsizligini mustahkamladi, bu bizning strategik mineral ta’minot zanjirlarimizni kengaytirish imkonini berdi».
Uchrashuv Markaziy Osiyoning boy tabiiy resurslari — uran, mis, oltin va «kamyob yer elementlari» uchun kuchayib borayotgan raqobat fonida o‘tdi. G‘arb davlatlari Moskva va Pekinga qaramlikni kamaytirish maqsadida yangi ta’minot yo‘llarini izlayotgan bir paytda, AQSh ham strategik minerallar bilan o‘zini ta’minlash uchun yangi sherikliklar izlamoqda.
Uchrashuv arafasida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston Isroil va musulmon davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirgan «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilishini bildirdi. O‘zbekiston esa Trampga Markaziy Osiyoda doimiy kotibiyat tashkil etishni taklif qildi.
AQSh va C5 davlatlari vakillari strategik minerallar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolashi kutilmoqda.
Xususan, Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda dunyodagi uran ishlab chiqarishning yarmidan ortig‘ini tashkil etadi — bu esa AQSh atom energetikasi uchun muhim manba, chunki yadro energiyasi AQSh elektr energiyasining sezilarli qismini ta’minlaydi.
Tramp ma’muriyati davrida AQSh strategik minerallarni himoya qilish va Xitoyga qaramlikni kamaytirish uchun ko‘p yo‘nalishli strategiyani amalga oshirmoqda.
Isroil yana Livanga hujum qildi
Isroil harbiy havo kuchlari 6 noyabr kuni janubiy Livandagi bir nechta shaharlarni bombardimon qildi. Harbiylar bu amaliyotni «Hizbullohning qayta qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslik» degan bahona bilan oqlamoqda.
Isroil qiruvchi samolyotlari 3 shaharni zarbaga tutdi. Bu hujumlardan bir soat avval aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha ogohlantirishlar yuborilgan.
Isroil bu zarbalarni Hizbulloh bilan bir yil avval imzolangan sulh bitimiga qaramay amalga oshirmoqda. Bitim shartlariga ko‘ra, Hizbulloh qurolsizlanishi, tomonlar bir-biriga o‘t ochishni to‘xtatishi va Isroil Livan hududidan chiqib ketishi kerak edi. Shunga qaramay, Isroil hanuz Livan hududidagi beshta pozitsiyani egallab turibdi.
The Guardian'ning yozishicha, hujumlardan bir necha soat avval Hizbulloh Livan rahbariyatiga ochiq xat yo‘llab, sulhga sodiqligini, biroq «Isroil ishg‘oli»ga qarshi qonuniy qarshilik ko‘rsatish huquqiga egaligini bildirdi. Guruh 2024 yil dekabr oyida sulh imzolanganidan beri Isroilga faqat bir marta o‘t ochgan.
Livan hukumati Hizbullohni qurolsizlantirish va mamlakatda qurolli kuchlar monopoliyasi faqat davlat qo‘lida bo‘lishini ta’minlash majburiyatini olgan. Rasmiylarning aytishicha, janubiy Livandagi qurol omborlarining 85 foizi allaqachon yo‘q qilingan va yil oxirigacha hududni to‘liq qurolsizlantirish rejalashtirilgan.
Isroil Livanni bu jarayonni tezlashtirishga chaqirgan, biroq Beyrut bunday qadam ichki fuqarolik ziddiyatlarini avj oldirishi mumkinligini bildirmoqda.
Mask uchun 1 trillion dollar
Tesla kompaniyasi bosh direktori Ilon Mask payshanba kuni tarixdagi eng yirik korporativ maosh paketiga aksiyadorlarning roziligini oldi. Investorlar uning “elektromobil ishlab chiqaruvchisini – sun’iy intellekt va robototexnika gigantiga aylantirish haqida”gi qarashlarini qo‘llab-quvvatladi.
Dunyodagi eng boy inson sanalgan Mask keyingi o‘n yillikda 1 trillion dollargacha qiymatdagi aksiyalarni qo‘lga kiritishi mumkin. To‘lanadigan soliqlar va boshqa to‘lovlarni hisobga olganda, bu miqdor 878 milliard dollarga tushadi. Taklif 75 foizdan ortiq ovoz bilan ma’qullandi.
Bu ovoz berish Tesla'ning kelajagi va bahosini belgilovchi muhim omil bo‘ldi. Kengash — Mask bu to‘lov paketini olmasa, ketishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ba’zi investorlar bu to‘lovni «haddan tashqari qimmat va keraksiz» deb baholamoqda. Lekin ko‘pchilik uni Maskni saqlab qolish vositasi sifatida ko‘rdi.
«Biz Tesla tarixidagi yangi bobni emas, butunlay yangi kitobni ochmoqchimiz», dedi Mask aksiyadorlarning olqishlari ostida.
U sahnada bir qator va’dalar berdi: 2026 yil aprelidan ikki o‘rindiqli, rulni talab qilmaydigan «Cybercab» robo-taksilarning ishlab chiqarilishi boshlanishi, yangi avlod «Roadster» sport elektromobili, robotlar sotuvini oshirish, «gigant chip zavodi» qurish va boshqalar.
U mukofot olish uchun Tesla aksiyalari qiymatini hozirgi 1,5 trillion dollardan 2 trillionga, keyin esa 8,5 trillion dollargacha oshirishi kerak.
BMT Suriya rahbariyatidan sanksiyalarni olib tashladi
BMT Xavfsizlik kengashi Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a va mamlakat ichki ishlar vaziri Anas Hattabni IShID va «Al-Qoida»ga oid xalqaro sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi.
AQSh taklif etgan rezolyutsiya uchun Xavfsizlik kengashi a’zolaridan 14 nafari (Rossiyani ham qo‘shgan holda) ovoz berdi, Xitoy betaraf qoldi. Hujjat matnida «Suriya Arab Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligiga to‘la hurmat» ta’kidlangan.
Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari bu qarorni Suriya iqtisodiy tiklanishi yo‘lida muhim qadam deb atadi. Suriya esa bu – yangi rahbariyatga nisbatan «ishonchning ortishi» va xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiya imkoniyati sifatida baholadi.
10 noyabr kuni Suriya prezidenti Vashingtonga ilk tashrifini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ash-Shar’a Donald Tramp bilan uchrashuvda AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi.
Gunvor «Lukoyl» aktivlarini sotib olishdan voz kechdi
Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Gunvor xalqaro neft treydingi kompaniyasi Rossiyaning eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi «Lukoyl»ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifini qaytarib oldi.
Bu qaror – AQSh Moliya vazirligi Gunvor’ning Rossiya bilan bog‘liqligi haqida bayonot berib, kompaniyaga Ukrainadagi urush tugamaguncha biznes yuritish uchun litsenziya bermasligini bildirganidan bir soat o‘tib ma’lum qilindi.
«Prezident Tramp urush darhol to‘xtashi kerakligini ochiq bayon qildi. Rossiya qotilliklarni davom ettirar ekan, Kreml qo‘g‘irchog‘i — Gunvor hech qachon faoliyat yuritish va foyda olish uchun litsenziya olmaydi», — deyiladi AQSh Moliya vazirligi bayonotida.
Kompaniya vakillari esa AQSh Moliya vazirligi bayonotini «butunlay dezinformatsiya va yolg‘on» deb atadi. Unga ko‘ra, «Gunvor o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Rossiyadan faol uzoqlashib, sanksiyalarga muvofiq savdoni to‘xtatgan».
AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida «Lukoyl» kompaniyasi vakillari 30 oktyabr kuni xorijiy biznesni Gunvor’ga sotish bo‘yicha kelishuv yuzasidan ma’lumot bergan edi. Biroq ehtimoliy bitim Rossiya kompaniyasiga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni aylanib o‘tishga urinish, deb baholanishi kutilgan edi.
Mavzuga oid
16:20
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025