Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Orban «perezagruzka» uchun Oq uyga bordi, Jo‘laniy endi terrorchi emas - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 9 noyabr, yakshanba. Ortda qolayotgan haftada Tramp Sudandagi urushni tinchitishga kirishdi, Jo‘laniy nihoyat terrorchilar ro‘yxatidan chiqarildi, Rossiya Pokrovskni olishga yaqinlashdi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini esga olamiz.
Sudanda nima gap?
O‘tgan hafta Sudanda dahshatli qirg‘in sodir etilgandi. Bu hafta nihoyat dunyo bu davlatdagi siyosiy, humanitar inqirozni hal qilish borasida bosh qotirishga kirishdi. AQSh sulh taklif qildi, urushayotgan tomonlardan biri — general Dagalo boshchiligidagi «Tezkor harakat kuchlari» Vashingtonning taklifini qabul qildi. Ikkinchi tomon — general Burxon boshchilik hukumat kuchlari Trampga rahmat aytish barobarida «isyonchilarga qarshi urushga tayyorlanishga haqli ekanini» bildirdi. Bu bayonot nimani anglatishi tushunarsiz.
Tarmoqda general Dagaloning «Tezkor harakat kuchlari» odamlarni qiynab o‘ldirayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda, kadrlar shunchaki dahshatli. Shuningdek, internetda isyonchilar Rossiyaning Il-76 harbiy samolyotini urib tushirgani aytilgan videolar paydo bo‘ldi.
Tramp va Orban uchrashuvi
Hafta davomida Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi sodiq do‘sti Mojariston bosh vaziri Viktor Orban AQSh prezidenti Tramp bilan ko‘rishish uchun Vashingtonga bordi. Bu safardan Orban ikkita maqsad ko‘zlagandi. Birinchidan, Rossiya neftini sotib olishda davom etish uchun Trampdan ruxsat so‘rash. AQSh Rossiya neftiga sanksiya joriy qilganidan keyin mojarlar qiyin ahvolda qolishdi, chunki bu davlat dengizga chiqa olmaydi.
Orbanning aytishicha, boshqa davlatdan neft sotib olish imkonsiz. To‘g‘ri, Orban Tramp bilan uchrashuvda qo‘shni Xorvatiya ulardan neft sotib olishni taklif qilgani haqida indagani yo‘q, faqat «Rossiya neftisiz mamlakat og‘ir holatda qolishini» aytdi. Orban Trampdan Rossiya neftini sotib olishda Mojariston uchun istisno so‘radi. Ya’ni sanksiya hujjatlarida «Hech kimga Rossiya neftini sotib olish mumkinmas, faqat do‘stim Orban boshchilik Mojaristonga mumkin», degan band kiritilishini so‘radi.
Orban buni tan olmaydi, albatta, lekin uning Oq uyga tashrifidan asosiy maqsad Donald Tramp hamda Vladimir Putin o‘rtasidagi Budapeshtda o‘tishi kerak bo‘lgan, lekin hozircha bekor qilingan uchrashuvni tiklash bo‘ldi. Viktor Orban urush boshlanganidan buyon xalqaro maydonda Mojariston manfaati da’vosi bilan aslida Rossiya manfaatlarini himoya qilayotgani, Moskvaning nuqtai nazarini ifoda etayotganini hamma ko‘rib turibdi. Tramp Budapeshtdagi sammit haliyam o‘tkazilishi mumkinligini aytdi, lekin bu borada konkret gapirmadi.
Viktor Orban Tramp bilan uchrashuvda o‘zini qanday tutgani alohida mavzu. Orban jurnalistlar bilan muloqot vaqtida bir necha marta Trampning gaplarini to‘ldirdi, bir necha marta unga berilgan savolga javob berdi, Trampni turtib qo‘yib, hatto kim savol berishini ham belgiladi. Agar bu ishni Zelenskiy qilganida, Jyey Di Vens degan AQSh vitse-prezidenti nimalar qilgan bo‘lishini taxmin ham qilish qiyin.
Darvoqe
Aytgancha, Putin va Tramp uchrashuvining bekor qilingani haqida ikki og‘iz. Rossiyadagi hukumatga muxolif kanallarda bu uchrashuv bekor qilingani uchun Putin Lavrovni ayblayotgani, shu sabab G-20 yig‘ilishiga ham delegatsiya boshlig‘i Lavrov emas, Oreshkin bo‘lishi haqida xabarlar chiqdi. Chindan Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv aynan Lavrovning Rubio bilan telefon suhbatidan keyin bekor bo‘ldi. Yuqoridagi xabarlarda aytilishicha, Lavrov bu diplomatik muvaffaqiyatsizlik uchun Kreml tomonidan shu tariqa jazolangan. Lavrov oxirgi Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolari yig‘ilishida ham ishtirok etmadi, bunaqasi doim ham bo‘lavermaydi.
Pokrovskda nima gap?
Ukrainaning Pokrovsk shahri ruslar tomonidan egallab olinishi ehtimoli oshyapti. Biroq shahar hamon qulagani yo‘q. Oxirgi oylarda Pokrovsk frontning asosiy nuqtasiga aylandi. Rossiya bu shaharni olish uchun 170 ming harbiy tashlagani aytilmoqda. Tinchlik zamonida 300 ming atrofida odam yashagan shahar uchun shuncha askar tashlagani shahar ruslar uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Moskva Pokrovskni Donbassni to‘liq egallash yo‘lidagi muhim nuqta deb hisoblamoqda.
Harbiy nashrlarga ko‘ra, Ukraina allaqachon ehtiyotini qilib qo‘ygan. Avval Pokrovsk Donbass mudofaasidagi eng muhim stretegik tranzit bo‘lgan, endi bunday emas. Ekspertlar bu shaharni olish ruslarga kutilganidek butun Donbassni osongina olish imkonini bermasligini aytmoqda.
OAV: Maduro iste’foga chiqishi mumkin
AQSh va Venesuela o‘rtasidagi eskalatsiyada hamon harorat pasaymadi. Vashington Karakas yaqiniga harbiy yuborishni to‘xtatdi, lekin yaqin o‘rtadagi harbiy bazani qayta tiklash haqida o‘ylamoqda. Bu esa Venesuela sohiliga harbiy yuborishdan ham xavfliroq.
Bu orada The Atlantic nashri Venesuela prezidenti Nikolas Maduro unga amnistiya e’lon qilishsa, iste’foga chiqishga tayyorligi haqida yozib chiqdi. Bilmadim-u, men negadir shu xabarga ishondim.
Kepqoling, arzon neft bor
AQSh Rossiya neftiga sanksiya e’lon qilganidan keyin dunyodagi eng yirik ikki iste’molchi — Xitoy va Hindiston «qora oltin»ni qayerdan olishi savol bo‘lib qoldi. Chunki ular ham ikkilamchi sanksiyalarga tushishni istamaydi.
Bu hafta qiziq ish bo‘ldi, Rossiya bilan aloqalari yomon bo‘lmagan Saudiya kutilmaganda Xitoy va Hindiston uchun neftga chegirma e’lon qilib qoldi. Barreli uchun 1.2, 1.4 dollar chegirmalar arimasdek tuyulishi mumkin, lekin katta miqdorda sotib olganda, bu narx yaxshigina farq qiladi. Va eng asosiysi Saudiya bu ishi orqali Hindiston va Xitoyga «Rossiya nefti o‘rnini bizning neft bilan to‘ldiring» qabilida signal berganidir.
Aytgancha, Rossiyaning «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalariga kiritilgan sanksiyalar 21 noyabrdan amalga kiradi. Shu kundan boshlab bu shirkatlardan neft olganlar sanksiyaga tushadi. Balki o‘shandan keyin Trampning sanksiyalari ta’sir qilishni boshlar, lekin hozircha Rossiya iqtisodiyoti bu taqiqlarga jiddiy reaksiya ko‘rsatmadi.
Grin karta kechikmoqda
O‘zbekistonda ham ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masalalardan biri AQShda ishlash va yashash huquqini beradigan grin karta lotereyasi hozircha boshlanmagani bo‘lsa kerak. Keyingi yil uchun arizalarni qabul qilish odatda oktyabrda boshlanib, noyabrda tugardi. Biroq Davlat departamenti hamon lotereya uchun ariza topshirishga start bermadi.
Oldinroq Trampning buyrug‘i bilan lotereyani o‘ynash pulli bo‘lgan, har bir arizachi 1 dollardan to‘lashi belgilangandi. Odamlar orasida «grin karta bekor bo‘libdi» degan gaplar chiqa boshladi. Lekin Davlat departamenti lotereya bekor qilinmagani, ariza topshirish muddati haqida ma’lumot berilishini bildirdi.
Anjyelina Joli front chizig‘ida
Hollivud yulduzi Anjyelina Joli faqat kinolarida emas, hayotda ham qo‘rqmas ayol. Masalan, bu hafta dunyodagi eng go‘zal aktrisalaridan biri hech kimga aytmay humanitar missiya doirasida Ukrainaning Xerson oblastiga bordi. Bu amalda front chizig‘i hisoblanadi. Agar Joli xonim aytib qo‘yganida u uchun maxsus kortejlar qilib berishardi. Lekin amerikaliklar boshqacha jamiyatda ulg‘aygan, ular bunaqa takallufbozlikka odatlanmagan.
Anjyelina Joli bemalol chegaradan mashinada o‘tgan, benzin quygan. Lekin Ukrainaga kirganidan keyin unda muammo kuzatilgan. Aktrisaning ukrainalik hamrohini TsK, ya’ni ukrain erkaklarni armiyaga majburan olib boruvchi tashkilot xodimlari ushlab ro‘yxatdan o‘tkazgan. Biroq bu ham Hollivud yulduzini to‘xtata olmadi, u o‘zi olib kelgan yordam mahsulotlarini ukrain bolalarga ulashdi. Bu Jolining urush boshidan buyon Ukrainaga ikkinchi tashrifi bo‘ldi. Aktrisa 2022 yil aprel oyida ham Ukrainaga borgandi.
Jo‘laniy terrorchilar ro‘yxatidan chiqarildi
Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash Shar’a, biz uni Abu Muhammad Jo‘laniy deyishga odatlanganmiz, AQShda terrorchilar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda AQSh davlat departamenti 7 noyabr kuni xabar berdi. Xabarda Jo‘laniy rosa maqtalgan, «uning inklyuziv hukumat tuzish yo‘lidagi ishlari» e’tirof etilgan. 6 noyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi ham Jo‘laniyni IShID va «Al Qoida»ga aloqador sanksiyalardan chiqargandi.
Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: agar Jo‘laniy 7 noyabrgacha Vashington terrorchilar ro‘yxatida turgan bo‘lsa, demak Donald Tramp rasman terror ro‘yxatidagi odam bilan ko‘rishganmi? Nyu Yorkdagi BMT minbarida ham terror ro‘yxatidagi odam nutq so‘zlaganmi?
Bilmaganlar uchun aytib qo‘yay, Jo‘laniy «Al Qoida»da butun boshli qo‘mondon edi, amerikaliklar uning kallasi uchun mukofot va’da qilishgan, «dunyodagi eng xavfli terrorchilardan biri» deb e’lon qilingan. Biroq isyonchi kuchlar yordamida Bashar Asadni ag‘dargach, Suriyaning legitim rahbariga aylandi. Shu yerda bir haqiqat o‘z isbotini topadi: tarixni g‘oliblar yozadi. Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
15:55 / 30.11.2025
Putinga «aql o‘rgatgan» Uitkoff, tozalash boshlagan Zelenskiy – hafta dayjesti
21:23 / 23.11.2025
Tramp va Amerika Ukrainani «sotmoqchi» - hafta dayjesti
19:18 / 16.11.2025
Ukraina pora botqog‘ida, Jo‘laniy Oq uyda - hafta dayjesti
19:13 / 02.11.2025