Iqtisodiyot | 14:47 / 10.11.2025
3027
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 18 ta bankni 102 mln so‘mdan jarimaga tortdi

Bunga davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablarining buzilishi va axborotlarni oshkor etish bo‘yicha qonunchilik normalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan. «Joylashtirilgan axborotlarni oshkor etishda iste’molchilarining to‘liq, ishonchli va tushunarli ma’lumot olish huquqi hisobga olinishi kerak», deyiladi Markaziy bank xabarida.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank sentabr-oktyabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarini monitoringdan o‘tkazdi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Monitoringdan maqsad — moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun axborotlar oshkor etilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda foydalanuvchilarning to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqi ta’minlanishini tekshirish.

Monitoring natijasida qator kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Jumladan, davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya etilmasdan, ayrim banklarning veb-saytlarida ma’lumotlar o‘zbek tilida joylashtirilmagan.

Bundan tashqari, ayrim banklar axborotlarni oshkor etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilmagan. Ularning veb-saytlarida kredit ta’minotiga olingan garov mulklarini qarz qoldig‘iga mutanosib tarzda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmagan.

Xususan, Agrobank, Anorbank, Hayotbank, Universalbank, Garantbank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Oriyent Finans bank, Ipotekabank, Tenge bank, Ziraat bank, AVO bank va Open bank’larning veb-saytlarida ushbu tartib joylashtirilmagani kuzatilgan.

Monitoring yakunlariga ko‘ra Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarning har biriga nisbatan 102 mln so‘mdan jarima qo‘llangan.

Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rasmiy veb-saytlardagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborilgan.

Markaziy bank barcha tijorat banklaridan axborotlarni iste’molchilarga oshkor etishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishini talab qiladi.

Shu bilan birga, rasmiy veb-saytlarda joylashtirilayotgan ma’lumotlarning to‘liqligi va dolzarbligi ta’minlanishi lozim. Joylashtirilgan axborotlarni oshkor etishda iste’molchilarining to‘liq, ishonchli va tushunarli ma’lumot olish huquqi hisobga olinishi kerak.

Mavzuga oid