Jamiyat | 19:18 / 10.11.2025
4502
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni biologik faol qo‘shimchalardan foydalanishda ogohlikka chaqirdi

Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, aksariyat hollarda fuqarolar televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ta’sirida biologik faol qo‘shimchalarni sotib olgan, ammo ular kutilgan samarani bermagan yoki sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: Getty images

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqirdi. Qayd etilishicha, qo‘mita oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarga oid muntazam nazorat xaridlarini amalga oshirib kelyapti. 2023 yilda o‘tkazilgan 397 ta xariddan 24 tasi, 2024 yilda 560 ta xariddan 95 tasi, joriy 2025 yilda esa 618 ta xariddan 123 tasi sifat talablariga javob bermagan.

Shuningdek, hozirga qadar qo‘mitaga ushbu mahsulotlar bo‘yicha 2 345 dan ortiq fuqarolik murojaatlari kelib tushgan. Ulardan 337 tasi, ya’ni 14 foizi biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari bilan bog‘liq shikoyatlardir. Aksariyat hollarda fuqarolar televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ta’sirida bu mahsulotlarni sotib olgan, ammo ular kutilgan samarani bermagan yoki sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Qo‘mita aholini «barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi» kabi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.

«Biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qo‘llanishi mumkin», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Regulyator iste’molchilarga o‘z sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘yishni va faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalanishni tavsiya etyapti. Shu bilan birga, har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarurligi ta’kidlanyapti. 

Mavzuga oid