O‘zbekiston | 14:57
939
3 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi dominant viza markazlarini reyestrga kiritdi

VFS Global Services UBKN hamda Vizametric viza markazlari O‘zbekistondagi muayyan xizmatlar bozorida ustun mavqega ega sub’yektlar deya e’tirof etildi. TLScontact esa ustun muzokara kuchiga ega deb topildi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi VFS Global va Vizametric viza markazlarini ustun mavqega sub’yektlar qatoriga kiritdi. TLScontact esa ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash doirasida xorijiy davlatlarga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozori tahlil qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, “VFS Global Services UBKN” MChJ Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta davlatlariga; “Vizametric” MChJ Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ustun mavqega ega deb e’tirof etildi.

Mazkur qaror “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asoslangan. Bu moddaga ko‘ra, raqobatchilarga bog‘liq bo‘lmagan holda faoliyat yuritish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa sub’yektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqe hisoblanadi.

“TLS Contact” MChJ esa Germaniya va Fransiya davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, ustun mavqega ega bo‘lmagan sub’yekt tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi.

Qonunga asosan, ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega sub’yektning raqobatni cheklashga, iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.

Avvalroq bloger Nikita Makarenko Fransiyaga viza olish uchun TLScontact viza markaziga hujjat topshirishdagi bo‘sh navbat vaqtini topish amalda imkonsiz bo‘lib qolgani va viza markazida unga telefon ishlatishga ruxsat berilmagani kabi muammolar tufayli Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgandi.

Shundan keyin TLScontact kompaniyasi 1 iyuldan boshlab Toshkentdagi viza markazida Fransiyaga qisqa muddatli vizalar uchun hujjat topshirish maqsadida navbatga yozilishning yangi tizimi joriy etilishini bildirib chiqqan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid