Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi ko‘p qavatli uy liftlarida 37 mingdan ortiq nosozlik qayd etildi
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlagani, texnik sinovdan o‘tmagan liftga “Lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan” yozuvli yorliq yopishtirgani ta’kidlanmoqda.
Illyustrativ foto
Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan 9147 ta liftda jami 37103 ta kamchilik aniqlandi. Bu haqda sanoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan nazorat-profilaktika tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev ma’lum qilganidek, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi yil boshidan buyon 121 ta nazorat tadbiri, 10381 ta profilaktika tadbiri hamda 2 755 ta korxona xodimlarining bilim sinovlarini o‘tkazdi. Unda 1145 ta qonun talablari buzilishi aniqlandi. Mazkur holatlarga yo‘l qo‘ygan 135 nafar shaxsga ma’muriy jazo choralari qo‘llandi.
Olimjon Jo‘rayev so‘zlariga ko‘ra, 8 sentabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida “Do'mbirobod City” turar joy qurilish obektida kran qulab tushishi oqibatida bitta o‘lim qayd etilgan va 2 ta og‘ir jarohatlanish ro‘y bergan. Kelgusida shunga o‘xshagan holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma tegishli choralarni ko‘rgan.
Shu bilan birga, Toshkent shahridagi barcha 17 ta madaniyat va istirohat bog‘lari hamda ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan attraksionlarning 45 tasida texnik pasporti mavjud emasligi, 23 tasida attraksionlarga soz holatda xizmat ko‘rsatish va xavfsiz foydalanish uchun mas’ul shaxs tayinlanmagani hamda 39 ta attraksion mavsum oldidan beriladigan ruxsatnomalarsiz noqonuniy faoliyat olib borayotgani qayd etilgan va ularning faoliyati to‘xtatilgan.
Tegishli topshiriqlarga asosan respublikadagi barcha liftlar, jumladan, Toshkent sharidagi ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan 9147 ta lift uskunalari tekshirilgan. O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar “Xavfsiz lift” platformasiga Toshkent shahar tuman hokimliklari tomonidan kiritildi. Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan 9 147 ta liftda jami 37 103 ta kamchilik aniqlangan.
– Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan qabul qilingan reglamentga muvofiq, liftlarning texnik holatini jamoatchilikka xabardor qilish maqsadida lift kabinasiga yashil (yaroqli), moviy (qisman nosoz), sariq (nosoz) va qizil (foydalanish uchun xavfli) stikerlar yopishtiriladi. Mazkur texnik reglamentlarni 2026 yil 1 iyuldan kuchga kirishi inobatga olib, barcha nosoz liftlardan foydalanish taqiqlanadi. Poytaxtimiz fuqarolarini avariya va baxtsiz hodisalardan himoya qilish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 6844 ta texnik sinovdan o‘tmagan liftga “Lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan” yozuvli yorliqlar yopishtirildi, dedi Jo‘rayev.
Mavzuga oid
08:47 / 12.11.2025
Qurilish vazirligi: «Toshkentda 9 ming lift nosoz» degan xabarlar asossiz
13:50 / 11.11.2025
Poytaxtda 263 attraksion tekshirildi: 39 tasi ruxsatnomasiz ishlayotgani aniqlandi
11:35 / 27.09.2025
Toshkentda lift ichida qolib ketgan 5 nafar fuqaro qutqarildi
10:22 / 24.09.2025