O‘zbekiston | 19:58 / 12.11.2025
3037
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni sotishda yurgan masofasini yashirganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etildi

O‘zbekistonda transport vositasining odometr ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki odometrni almashtirish to‘g‘risida xabardor qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish taklif qilindi. Bunday qoidabuzarlik uchun 4,1 milliondan 6,1 million so‘mgacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekistonda avtomobilni sotishdan oldin bosib o‘tgan masofasini o‘zgartirish faktini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish taklif qilinmoqda. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hozirgi kunda foydalanilgan transport vositalarini qimmat narxlarda sotish maqsadida odometr ko‘rsatkichini soxtalashtirish holatlari kuzatilayotganiga e’tibor qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 121–1-modda (Transport vositasining odometr – transport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatadigan tablo – ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki odometrni almashtirish to‘g‘risida xabardor qilmaslik) bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Bunda transport vositasi egasi u sotilgunga qadar xaridorni transport vositasining bosib o‘tgan yo‘lini qayd etuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr uskunasining o‘zi almashtirilgani to‘g‘risida xabardor qilmasa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Loyiha muhokamasi 20 noyabrga qadar davom etadi.

Mavzuga oid