Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev: Biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida Markaziy Osiyoning yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘yayotgani, mintaqada o‘zaro ishonch va hamjihatlikka tayanadigan hamkorlik modeli shakllanayotganini ta’kidladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 13 noyabr kungi 234-sonida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida ta’kidlanishicha, mintaqa mamlakatlari uzoq yillardan keyin birinchi marta birgalikda oldinga yurish, umumiy rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi bosqichga kirib keldi.
Davlat rahbari fikricha, bu jarayon “o‘z-o‘zidan” emas, balki Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari siyosiy irodasi, aniq maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlari natijasidir. Mintaqada o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti mustahkamlanib, hamkorlik keng ko‘lamdagi zaruratga aylandi.
Prezident Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yangi mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini yaratganini, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammit esa barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishda muhim bosqich bo‘lishini qayd etadi.
Maqolada oxirgi yillarda chegara masalalari uzil-kesil hal etilib, davlatlar o‘rtasidagi chegaralar do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylangani alohida ta’kidlanadi. Farg‘ona tinchlik forumi, suv-energetika sohasidagi qo‘shma loyihalar, jumladan, Qambarota GES-1ni barpo etish bo‘yicha kelishuvlar mintaqada o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy namunalari sifatida tilga olingan.
Shavkat Mirziyoyev mintaqaning iqtisodiy salohiyati keskin oshganini ham qayd etadi: so‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga, o‘zaro savdo esa ikki baravarga oshgan. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildagi 2,4 milliard dollardan 2024 yilda 7,2 milliard dollarga yetgani, mintaqadagi qo‘shma korxonalar soni keskin ko‘paygani ta’kidlanadi.
«Amaliy harakatlarimiz, kelajak uchun mas’uliyatimiz, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga sodiqligimiz shuni isbotladi: Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz», deb yozadi prezident.
Maqolada Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlardagi o‘rni ham alohida yoritilgan. “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida — Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, AQSh va boshqa hamkorlar bilan sammitlar o‘tkazilayotgani, mintaqaning yagona va mas’uliyatli xalqaro sub’yekt sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotgani qayd etiladi.
Prezident Afg‘onistonni butun Markaziy Osiyo barqarorligi bilan uzviy bog‘liq deb baholab, bu mamlakatni mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga izchil jalb etish, Transafg‘on temir yo‘lini amalga oshirish, gumanitar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidlaydi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, yaqin o‘n yilliklarda Markaziy Osiyo aholisi 100 milliondan oshadi, aholining o‘rtacha yoshi esa hamon juda yosh bo‘lib qoladi. Shu munosabat bilan yoshlar salohiyatini rivojlanish va innovatsiyaning asosiy drayveriga aylantirish, ekologiya, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, “yashil iqtisodiyot”, raqamli texnologiyalar, sanoat kooperatsiyasi, gumanitar aloqalar va tashqi siyosiy muvofiqlashuvni chuqurlashtirish mintaqa oldidagi ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston rahbari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish mamlakat uchun taktik emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy mas’uliyatdan kelib chiqqan strategik tanlov ekanini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash — global noaniqlik sharoitida Markaziy Osiyoning eng katta resursi hisoblanadi.
Maqola yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Markaziy Osiyoni barpo etish borasida boshlangan jarayon ortga qaytmas yo‘l ekanini ta’kidlar ekan, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lidagi tarixiy sur’atni asrab-avaylash barcha mamlakatlar oldidagi umumiy vazifa ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
18:29 / 04.12.2025
Gulistondagi portlashda halok bo‘lganlar oilasiga 100 mln so‘mdan beriladi
17:56 / 04.12.2025