Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: ukrainalik erkaklar ona yurtida xizmat qilishi kerak
Germaniya kansleri Fridrix Mers ukrainalik erkaklarni Germaniyaga kelmasdan, o‘z yurtida qolishga chaqirdi. U shuningdek, Ukrainadan kelayotgan yangi qochqinlar Bürgergeld fuqarolik nafaqasini olish huquqidan mahrum etilishini tasdiqladi.
Foto: AP
GFR kansleri Fridrix Mers Ukrainadan chiqqan yosh erkaklar Germaniyaga kelmasdan, «o‘z mamlakatlarida xizmat qilishi» kerakligini aytdi. Bu haqda u 13 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan Germaniya Savdo kongressida qilgan nutqida bayon qildi. «Men Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan buning ta’minlanishini so‘radim», — dedi Mers. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ukrainalik yosh erkaklar Ukrainada kerak».
Federal kansler shuningdek, hukumat rejalariga ko‘ra, endi Ukrainadan kelgan qochqinlar «byurgergeld» (Bürgergeld) deb nomlanuvchi fuqarolik nafaqasini olish huquqiga ega bo‘lmasligini tasdiqladi. Uning o‘rniga ularga boshpana izlovchilarga imtiyozlar to‘g‘risidagi qonun asosida to‘lovlar beriladi. Mersning ta’kidlashicha, hukumat ukrainaliklar Germaniyada ish qidirishi, «ijtimoiy to‘lovlar tizimida qolib ketmasligi» uchun «aniq o‘zgarishlar kiritishga» intilyapti.
Hukumatdagi manbalarga ko‘ra, mehnat vaziri Berbel Bas va ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt yangi qoidalar yuzasidan kelishib olgan. Unga muvofiq, 2025 yil 1 aprelidan keyin kelgan ukrainaliklar «byurgergeld» olish huquqini yo‘qotadi. O‘zgarishlar ort sana bilan (retroaktiv) kuchga kiradi, ammo oldin tayinlangan to‘lovlar muddati tugaguncha saqlanib qoladi.
Bu kelishuv umuman olganda yozda idoraviy muvofiqlashtirish uchun yuborilgan GFR Mehnat vazirligi loyihasini tasdiqlaydi. Hukumat doiralarida tushuntirilishicha, «boshqa har qanday qaror ma’muriy xarajatlarni keskin oshirib yuborgan bo‘lardi». Vazirlar mahkamasi ushbu o‘zgarishlarni kelasi hafta ma’qullashi rejalashtirilgan.
Bild gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi norma tufayli bir necha o‘n minglab ukrainaliklar «byurgergeld» olish huquqidan mahrum bo‘ladi, ammo 1 aprelga qadar kelganlar ushbu to‘lovni saqlab qoladi.
Qonunchilik rejimini o‘zgartirish deb atalgan choralar hisobidan 2026 yilda budjet uchun taxminan 730 mln yevro tejamkorlik kutilmoqda — shundan 680 mln yevro federal markaz hissasiga va 50 mln yevro kommunalar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2027 yilda tejamkorlik hajmi taxminan 320 mln yevroni tashkil etadi — 300 mln yevro federal, 20 mln yevro kommunalar uchun.
Shu bilan birga, federal yerlar va munitsipalitetlar boshpana izlovchilarga imtiyozlar to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha to‘lovlar uchun sezilarli qo‘shimcha xarajatlar ko‘ryapti. 2026 yilda ular taxminan 862 mln yevro, 2027 yilda esa 394 mln yevro atrofida bo‘lishi mumkin. Yerlar federal hukumatdan kompensatsiya olishi lozim.
Umuman olganda, davlat uchun aniq tejamkorlik kutilmayapti, chunki boshpana izlovchilarga imtiyozlar tizimidagi ma’muriy xarajatlar yuqoriroq bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:47
So‘rov: nemislar hukumat va pensiya tizimidan norozi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
09:26 / 04.12.2025