O‘zbekiston | 19:15 / 14.11.2025
1646
2 daqiqa o‘qiladi

Ota-ona uchun farzandining narkotik moddani iste’mol qilishini ixtiyoriy tekshirish imkoniyati yaratiladi

Shu maqsadda 2026 yilning birinchi yarmida ekspress narkotestlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Freepik

Prezidentning «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar joriy etiladi.

Jumladan:

- Ota-onalarning farzandlari tomonidan narkotik moddalarni iste’mol qilish holatini ixtiyoriy ravishda tekshirib borish imkoniyatini yaratish maqsadida 2026 yilning birinchi yarmida ekspress narkotestlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

- Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida tajriba-sinov tariqasida «Antinarko» yoshlar front-ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Volontyorlar jamoasi tomonidan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi manzilli targ‘ibot ishlari olib boriladi.

- Narkojinoyat sodir etishga moyil yoki sodir etayotgan o‘quvchi va talabalarni aniqlab, huquq-tartibot organlariga xabar bergan pedagoglar maxsus tartibda rag‘batlantiriladi.

- Narkojinoyatga aloqador o‘quvchi va talabalar haqida anonim xabar berish imkoniyatini yaratish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida ichki ishlar organlari tomonidan muhrlanadigan maxsus qutilar o‘rnatiladi va kelib tushgan xabarlarni tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

- Eksperiment tariqasida Toshkent shahridagi 10 ta maktabda 9-11 sinf o‘quvchilari bilan anonim so‘rov o‘tkazish orqali xavf guruhi aniqlanib, ular bilan psixologlar ko‘magida profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid