Jahon | 10:00 / 18.11.2025
2990
9 daqiqa o‘qiladi

«Mindichgeyt»: Rossiya uchun sovg‘aga aylangan mojaro

Kecha sizga Ukrainadagi korrupsion mojaro haqida alohida maqola tayyorlashga va’da bergandim. Bugun ana shu jiddiy mavzu haqida gaplashamiz. Masala shunchalik kattaki, 100 millionlab dollar o‘marilgani isbotlangan poraxo‘rlik mojarosining bir uchi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga borib taqaladi. Katta ehtimol aynan mana shu mojaro Zelenskiy iste’fosiga sabab bo‘ladi, balki urush davrida, balki urushdan keyin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Gap nimada o‘zi?

Ukrainada bo‘layotgan korrupsion mojaro haqida qisqa va oddiy tilda gapirib berishga harakat qilaman. Demak, gap Ukraina prezidenti Zelenskiyning aktyorlik paytidagi do‘sti Timur Mindich boshchilik jinoiy to‘da to‘rt yildan buyon urushayotgan Ukraina g‘aznasidan kamida 100 million dollar o‘margani haqida.

Albatta, ular Markaziy bankka borib 100 million dollarni sumkaga solib Isroilga qochmagan, korrupsionerlar juda aqlli, hisob-kitobga usta odamlar bo‘ladi. Boshqacha aytganda, intellegent, kostyum-galstukda yuradigan, chiroyli gaplarni gapiradigan, vatanparvarlik haqida ayyuhannos soladigan o‘g‘rilar. Ko‘chadagi oddiy o‘g‘ridan farqli ular biror boyning pulini emas, xalqning, nogiron nafaqaxo‘rning, xomilador ayollarning, davlat beradigan pulsiz yashay olmaydigan kambag‘al odamlarning pulini o‘g‘irlaydi.

Ukrainadagi korrupsion mojaro tepasida Zelenskiyning biznes sherigi, u bilan birga «Kvartal-95» studiyasini ochgan Timur Mindich turgan. Zelenskiyning oligarx Kolomoyskiy bilan aynan Mindich tanishtirgani aytiladi. «Kolomoyskiy Zelenskiyni prezident qilgan» degan versiyalar qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak. Mindich boshchilik to‘daga butun boshli vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, yuqori lavozimli prokurorlar kirgan. To‘da Ukrainadagi barcha AESlarni boshqaradigan «Energoatom» orqali davlatni shilishga asoslangan reja ishlab chiqib, unga «Shlagbaum» deb nom ham berishadi.

Umuman olganda, reja juda oddiy: «Energoatom» Ukrainaga elektr energiyasining aksar qismini yetkazib beradigan gigant davlat korxonasi. Uning to‘liq ulushi davlatga tegishli. Bunday korxona bilan ishlashni, unga ehtiyot qismlar yetkazib berish, turli servis ko‘rsatishni barcha istaydi, chunki shartnomalar juda katta summalarga imzolanadi. Mindich boshchilik to‘da ana shu «Energoatom» bilan ishlaydigan korxonalardan siz-u biz tushunadigan tilda aytganda «otkat» talab qiladi.

Aytaylik Bogdan degan odam «Energoatom»ga ehtiyot qismlar yetkazib berish uchun shartnoma imzolagani boradi. Mindich va uning jinoiy sheriklari Bogdandan shartnoma imzolash uchun unda ko‘rsatilgan pulning 15 foizini berishni talab qiladi. Korxona majbur o‘sha pulni naqdlashtirib, Zelenskiyning poraxo‘r sherigiga olib borib beradi.

«Toma-toma ko‘l bo‘lur» degan maqol Ukrainada bormi-yo‘qmi bilmadim, lekin prezidentning do‘stlari mana shunday qilib tergovga ko‘ra kamida 100 million dollarni o‘zlashtirgan. Bu hali aniqlangani, aniqlanmagani yana qancha. Eng qizig‘i, bu o‘marilgan pullarning bir qismi Rossiyaga ham yuborilgan. Yanayam qizig‘i, Zelenskiyning do‘sti Mindich har kuni soatlab elektrsiz, issiqliksiz yashashga majbur bo‘layotgan ukrainlarning «svet» uchun to‘lagan pulini o‘g‘irlash bilan cheklanmay, VSUga harbiy dronlar yetkazib beradigan korxona ham ochadi. Hali bu yo‘nalish orqali muttaham «tadbirkor» qancha pul o‘g‘rilagani aniq emas.

Endi sizga savol: mamlakatda butun boshli Energetika vazirligi bo‘laturib qayoqdagi kinochi Mindich butun boshli mamlakat energetikasi ustidan nazorat o‘rnatishiga tovarish Zelenskiyning ruxsatisiz erisha olarmidi? Yo‘q, albatta. Yana bir savol: prezident Zelenskiyning do‘sti, biznes sherigi, o‘z vaqtida u bilan bir uyda yashagan Mindich o‘zining ustidan ish ochilganini qayerdan biladi?

Urush ichida yashayotgan ukrainlarni o‘marib kelgan Mindich tergov boshlanishidan bir necha soat oldin Isroilga qochib ketgan. Qizig‘i, u mamlakatdan Ukraina pasporti bilan chiqqan, lekin keyinroq Zelenskiy Isroil fuqarosi bo‘lgan Mindichga sanksiya kiritdi. Aytgancha, pasport masalasida. Zelenskiyning kinochilikdagi yana bir do‘sti Sergey Shefir ham mojaroga aralashgan. Va bu Shefirning rasman Rossiya pasporti bor.

Bilasizmi, pasportni nega olgan? Shefir ancha avval Volodimir Zelenskiy bilan birga uning kinolarini Rossiya hududida sotish uchun firma ochishadi. Firma ochish uchun Rossiya fuqaroligi kerak bo‘ladi. Shu tariqa keyinchalik butun boshli Ukraina prezidenti maslahatchisi bo‘lgan Shefir Rossiya fuqarosiga aylanadi. Zelenskiyda ham Rossiya pasporti borligi aytiladi, lekin bu isbotlanmagan, bunga alohida to‘xtalarmiz.

Rossiya uchun sovg‘a

Ukrainadagi korrupsion mojaro Rossiya uchun juda katta sovg‘a bo‘ldi. Endi ruslar bemalol «Ko‘rdinglarmi, qanaqa poraxo‘rlar bilan urushyapmiz?» deb ko‘krak kerishi mumkin. Rossiyada balki bundan ham katta korrupsion sxemalar bordir, lekin hech kim uni ko‘tarib chiqmaydi, Putin uchun ichki muammolar hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Lekin Ukrainada jamiyat boshqacha. Prezident urush davrida har qancha katta vakolatlarga ega bo‘lmasin, xalq uni o‘ziga hisob berishga majbur qiladi.

Aftidan, tovarish Zelenskiy Ukrainani ham Rossiyaday deb o‘ylagan ko‘rinadi, axir u uzoq vaqt Rossiyada yashagan. Lekin Ukraina to‘liq demokratik bo‘lmasa ham, shunga intilayotgan davlat, jamiyat hech qachon hukmdorlarga istaganini qilishga ruxsat bermaydi.

NABUga hujum

Endi sal orqaroqqa qaytib sizga Ukrainadagi urush davrida kuzatilgan ilk namoyishlarni eslatsam. 2014 yil Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida operativ agentlik, prokuratura va sud tashkil qilgandi. Uchala tashkilot ham mustaqil va prezidentga bo‘ysunmas edi. Yaqinda Zelenskiy bu uch tashkilotni o‘ziga bo‘ysundiruvchi qonun imzoladi. Lekin odamlar ko‘chalarga chiqib namoyish o‘tkazdi, oqibatda Zelenskiy qonunni qaytib olib, NABU va yana ikki tashkilot mustaqilligini saqlab qoldi. Va bir necha oy o‘tib NABU Ukraina tarixidagi eng yirik korrupsion mojaroni ochdi.

Demak, bindan bir xulosaga kelish mumkin: Zelenskiy do‘stlari Ukrainani, urushayotgan Ukrainani, o‘marayotganini juda yaxshi bilgan va bu ish ochilmasligini istagan. Shaxsan mening fikrimcha, bunday holatda prezident Zelenskiy iste’foga chiqishi va tergov qilinishi kerak.

Pul emas, umr o‘g‘rilari

Korrupsiya shundog‘am jirkanch illat, lekin tinchlik davridagi korrupsiyada chinovniklar g‘aznadan pul o‘marishadi. Urush davrida esa o‘marilgan har bir sent bu odamlarning hayoti degani. Agar Zelenskiyning do‘stlari o‘sha pullarni o‘g‘irlamaganida, bugun kamroq askar halok bo‘lardi, kamroq bolalar yetim, kamroq ayollar beva qolardi. Agar Zelenskiyning do‘stlari Yevropadagi ittifoqchilar berayotgan pullarni o‘g‘irlamaganida, bugun qit’adagilar Kiyevga yordam berishga ikkilanib qolmasdi. Agar Zelenskiyning jo‘ralari urush davrida boshqa davlatlarda kayf qilish uchun urushayotgan odamlarning pulini o‘g‘rilamaganida, bugun Viktor Orban va Rossiyadagilar baland ovozda «Ko‘rdinglarmi, bu ukrainlar qanaqa poraxo‘r», deb baqirib yurmagan bo‘lardi.

Men ukrainlar ajoyib insonlar ekaniga shubha qilmayman, o‘zidan ming chandon katta qo‘shnisiga qarshi mustaqilligini saqlab qolish uchun cheklangan imkoniyat bilan mardonavor urushayotgan millatni faqat qahramon millat deb atash mumkin. Lekin xalq ishonib saylagan prezidentning do‘stlari davlatni bezbetlarcha o‘marayotgan bo‘lsa, bu millat o‘g‘rilar va ularning pushti panohi jazolanishini ko‘rishga ham haqli. Kechagi xulosani bugun yana takrorlamoqchiman: korrupsiya shunchalik jirkanch illatki, bir kun kelib butun boshli mamlakat mustaqilligini xavf ostida qoldiradi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid