Jahon | 19:04 / 19.11.2025
8694
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ternopilni o‘qqa tutdi. 25 kishi halok bo‘lgan

Shahardagi ikkita ko‘p qavatli uy vayronaga aylangan. RF mudofaa vazirligi o‘z bayonotida zarba «Ukrainaning Rossiyadagi fuqarolik obektlariga terrorchilik hujumlari»ga javob sifatida berilganini ma’lum qildi.

Andriy Bodak / Suspilne Ukraine / JSC «UA:PBC» / Global Images Ukraine / Getty Images

Rossiyalik harbiylar 19 noyabrga o‘tar kechasi Ukrainaning bir necha regionlari, jumladan, mamlakat g‘arbiy hududlariga yopirilma zarba yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, hujumda 48 ta raketa va 470 dan ortiq dron qo‘llangan.

Ukraina energetika vazirligi hujum nishonlaridan biri energetika infratuzilmasi bo‘lganini xabar qildi. G‘arbdagi qator oblastlarda elektr energiyasini avariyaviy o‘chirish rejimi joriy etilgan.

Eng jiddiy vayrongarchiliklar Ternopilda kuzatildi, bu shaharda raketalar va dronlar ikkita ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib urilgan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabariga ko‘ra, binolardan birining yuqori qavatlari butunlay qulab tushgan, boshqasida esa katta yong‘in yuzaga kelgan.

Favqulodda xizmatlarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ternopilda 25 kishi halok bo‘lgan, shundan uch nafari bolalar. Shuningdek, 73 kishi, jumladan, 15 bola yaralangan. Qutqaruvchilar xarobalar ostidan 40 dan ortiq kishini chiqarib olishgan.

Andriy Bodak / Suspilne Ukraine / JSC «UA:PBC» / Global Images Ukraine / Getty Images
Rostyslav Kovalchuk / AP / Scanpix / LETA
Andriy Bodak / Reuters / Scanpix / LETA
Vlad Kravchuk / AP / Scanpix / LETA
Rostyslav Kovalchuk / AP / Scanpix / LETA
Rostyslav Kovalchuk / AP / Scanpix / LETA
Andriy Bodak / Suspilne Ukraine / JSC «UA:PBC» / Global Images Ukraine / Getty Images
Vlad Kravchuk / AP / Scanpix / LETA
Rostyslav Kovalchuk / AP / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shinlari yana bir zarbani mamlakat sharqidagi Xarkivga yo‘lladi. Dronlar hujumi oqibatida bu shaharda kamida 10 ta ko‘p kvartirali uylar, shuningdek, supermarket, do‘kon, maktab va boshqa binolar shikastlangan. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, hujum oqibatida 46 kishi jarohatlangan.

RF mudofaa vazirligi o‘z bayonotida zarba «Ukrainaning Rossiyadagi fuqarolik obektlariga terrorchilik hujumlari»ga javob sifatida berilgani hamda Ukrainaning g‘arbiy oblastlaridagi harbiy sanoat kompleksi korxonalari hamda dronlar saqlanuvchi omborlar nishonga olinganini bildirgan.

Ukrainaning oxirgi zarbasi

Ukrainalik harbiylar bir kun oldin Amerika yetkazib bergan uzoq masofali ATACMS ballistik raketalari bilan Voronejga zarba yo‘llagandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi hujum nishoni «Rossiya hududidagi harbiy obektlar bo‘lgani»ni ma’lum qilib, boshqa tafsilotlarni keltirmagandi. Bu urush boshidan buyon Kiyev RFning xalqaro miqyosda tan olingan hududlariga ATACMS bilan zarba berganini rasman tan olishi bilan bog‘liq birinchi holat bo‘ldi.

Rossiya mudofaa vazirligi 19 noyabr tongida zarba faktini tasdiqladi. Rossiya idorasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari to‘rtta raketa uchirgan va ularning barchasi S-400 tizimlari hamda «Pansir» kompleksi orqali to‘xtatilgan. Rossiya harbiy idorasi parchalar tushishi oqibatida Voronej oblasti gerontologiya markazi, bolalar uyi va xususiy qurilmalar shikastlangani, jarohatlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Hujumning asl nishoni nima bo‘lgani va bu hujum qanchalik muvaffaqiyatli chiqqani ma’lum emas. Ommaviy axborot vositalari Voronejda «Baltimor» aviabazasi joylashganiga e’tibor qaratgan, bu 47-bombardimonchi aviatsiya polki bazasi hisoblanadi. Bu polkning Su-34 bombardimonchi samolyotlari Ukrainaga zarba berish uchun faol qo‘llanmoqda.

AQSh 2023 yildan beri Ukrainaga ATACMS raketalarini yetkazib berib keladi. Shu bilan birga, Vashington mojaro keskinlashuvidan qochib, ushbu raketalar bilan Rossiyaning xalqaro tan olingan hududiga zarba berishni taqiqlagandi. 2024 yil kuzida Kursk oblastidagi janglar fonida taqiq qisman bekor qilingandi: AQSh «kechiktirib bo‘lmaydigan zarurat tug‘ilganda muayyan nishonlarga hujum qilish uchun» raketalardan foydalanishga ruxsat berdi. Keyingi bir necha oy ichida Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina Kursk, Rostov va Bryansk oblastlariga ATACMS raketalari bilan zarba yo‘llagani haqida bir necha bor xabar berdi. Ukraina qurolli kuchlari buni rasman tasdiqlamadi.

Saylovoldi kampaniyasi davrida Ukrainadagi urushni tinchlik muzokaralari orqali qisqa muddatda tugatishni va’da qilgan Donald Tramp Oq uyga qaytgach, bunday zarbalarga rasman taqiq qo‘ydi: keyinroq OAV xabar topishicha, bunday hujumlarning har biri uchun Pentagon rahbariyatining ruxsatini olish talab etilgan va bunday ruxsat berilmagan. Oktyabr oyida The Wall Street Journal o‘z manbasiga asoslanib, cheklov yana olib tashlanganini xabar qildi, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi.

Mavzuga oid