Jahon | 15:10 / 20.11.2025
13019
8 daqiqa o‘qiladi

Donbassni topshirish va armiyani qisqartirish. AQShning yangi tinchlik rejasi haqida nimalar ma’lum?

Buning evaziga Ukraina va Yevropaga xavfsizlik kafolatlari taklif etiladi.

Foto: Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha yangi rejasi Donetsk oblasti hududlarini Rossiyaga topshirish, AQSh Qrim va Donbassni Rossiyaniki deb tan olishi hamda Zaporijjya va Xerson oblastlarida front chizig‘ini muzlatishni nazarda tutadi. Vashington ishlab chiqqan kelishuv tafsilotlari haqida Axios, Reuters, Financial Times va The Economist o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, yangi reja «Kremlning maksimalistik talablarini o‘z ichiga oladi», Ukraina va uning tarafdorlari esa buni «Rossiyaga katta yon berish» sifatida ko‘rishi mumkin. «Meduza» bu haqda nimalar ma’lumligini ko‘rib chiqdi.

Axios nashri ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyatining yangi tinchlik rejasi 28 banddan iborat. Ukrainaga qo‘shinlarini Donetsk oblasti hududlaridan olib chiqish va amalda Donbassni Rossiyaga topshirish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, Donetsk va Luhansk oblastlari harbiylardan xoli hududga aylanadi – RF ham u yerga o‘z armiyasini joylashtira olmaydi.

AQSh rejasiga ko‘ra, Rossiya qisman anneksiya qilgan, lekin to‘liq egallab ololmagan Zaporijjya va Xerson oblastlarida front chizig‘i muzlatiladi. Kelgusida Rossiya muzokaralar orqali ushbu hududlarning bir qismini Ukrainaga qaytaradi – bu aynan qanday bo‘lishiga oydinlik kiritilmagan.

Reja AQSh va boshqa mamlakatlar (aynan qaysi davlatlar ekani keltirilmagan, gap katta ehtimol bilan Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari haqida boradi) Donbass va Qrimni rasman Rossiyaniki deb tan oladi, ammo Ukraina ham tan olishga majbur qilinmaydi.

Reja Ukraina qurolli kuchlari saflarini qisqartirishni (Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, ikki baravarga, The Economist ma’lumotiga ko‘ra, ikki yarim baravarga), shuningdek, Kiyevning Rossiyaning ichki hududlariga zarbalar berishga qodir bo‘lgan uzoq masofali qurollardan foydalanish imkoniyatini cheklashni ham o‘z ichiga oladi. FT manbalari versiyasiga ko‘ra, reja Ukrainaga rus tilini mamlakatda rasmiy davlat tili sifatida tan olish va Rus pravoslav cherkoviga rasmiy maqom berish majburiyatini ham yuklaydi. Bundan tashqari, rejada Ukrainada xorijiy qo‘shinlarni joylashtirish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Axios nashri yozishicha, AQSh bunday yon berishlar evaziga Rossiya yana harbiy tajovuz qilgan taqdirda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga va’da bermoqda. Ular qanday bo‘lishi noma’lum.

G‘arb nashrlari AQShning yangi rejasi ko‘p jihatdan Rossiya urushni to‘xtatish uchun ilgari surgan talablarga mos kelishini qayd etmoqda. Masalan, iyun oyida Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga topshirilgan memorandumida ham shunga o‘xshash ultimatum bor edi.

Rejani ishlab chiqishda Rossiya va AQShning amaldagi va sobiq amaldorlari, shuningdek, Qatar va Turkiya vakillari ishtirok etgan. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh tomonidan rejani prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ilgari surmoqda. O‘z navbatida, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerovni kelishuv bo‘yicha uchrashuvga yubordi. Muhokama 15–16 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan. Ta’kidlanishicha, rejaga Umerovning ko‘plab qo‘shimchalari kiritilgan. Uchrashuvdan oldin, oktyabr oyida Uitkoff Rossiya maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan rejani muhokama qilgan.

G‘arb mediasi yozishicha, Ukraina bu rejaga rozi emas. Xususan, shu sababli Uitkoff, Zelenskiy va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ishtirokida Anqarada o‘tkazilishi (AQSh tashabbusini muhokama qilish uchun) rejalashtirilgan uchrashuv o‘tkazilmay qoldi. Amerika rasmiysining Axios’ga aytishicha, Ukraina yetakchisi muzokaralarga Kiyev yevropalik ittifoqchilari bilan birgalikda ishlab chiqqan va «Rossiya hech qachon qabul qilmaydigan» boshqa tinchlik kelishuvi rejasini olib kelgan. Nashrning Ukrainadagi manbasi ta’kidlashicha, uchrashuv qoldirilgan, chunki Zelenskiy rejani kengroq formatda, jumladan, Yevropa davlatlari ishtirokida muhokama qilishni so‘ragan. Shuningdek, muzokaralar Ukrainaning «Energoatom» kompaniyasi atrofida yuzaga kelgan korrupsiya mojarosi tufayli barbod bo‘lgani haqidagi versiya ham bor.

Vashington Kiyev rejadagi asosiy qoidalarga rozi bo‘lishiga erishmoqchi, deydi Reuters manbalari. Oq uydagilar fikricha, agar urush davom etadigan bo‘lsa, Ukraina shundoq ham Donbass hududini yo‘qotadi, «shuning uchun hozir kelishuv tuzish Ukraina manfaatlariga mos keladi», dedi Axios’ga amerikalik rasmiylardan biri.

Tramp prezidentlik lavozimiga qaytganidan so‘ng, bu AQShning Rossiya-Ukraina urushini tugatish uchun mumkin bo‘lgan shartlarni aniqlashga bo‘lgan to‘rtinchi urinishidir, deya ta’kidlaydi «Agenstvo». Bir kun avval Oq uyning yuqori martabali vakili Politico nashriga urushni to‘xtatish bo‘yicha doiraviy kelishuv barcha tomonlar tomonidan noyabr oyi oxirigacha, ehtimol, «shu haftadayoq» kelishib olinishi mumkinligini aytgandi.

The Bell’ning Kremldagi aloqalar bo‘yicha manbasi AQSh takliflari «reja emas, balki yaxshi niyatdagi real bandlar aralashmasi» ekanini aytib, bandlarning bir qismi Ukraina uchun mutlaqo nomaqbul ekanini ta’kidladi. Ammo u reja paydo bo‘lishining o‘zini, garchi tinchlikka hali uzoq bo‘lsa-da, olg‘a siljish deb atadi.

O‘z navbatida, Yevropadagilar so‘nggi voqealarga shubha bilan qarashmoqda hamda Rossiya yana Ukraina bo‘yicha yangi «muzokaralar» tashkil etib, AQSh va Uitkoff bilan «o‘ynashish»ga harakat qilmoqda, deb hisoblashadi, deb ta’kidlaydi Bloomberg muxbiri Aleks Uikhem.

«Yevropa bu muzokaralarda ishtirok etmayapti. Amerika tomonidan ularni kim qo‘llab-quvvatlayotgani noma’lum. Bu Uitkoff –Dmitriyevning Rossiya talablariga yon beriladigan navbatdagi g‘oyasi bo‘lsa kerak», – deb yozadi jurnalist. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa rasmiylari Rossiya AQShga muzokaralardan manfaatdorligini ko‘rsatish orqali sanksiyalardan qochishga harakat qilmoqda, deb hisoblamoqda.

Kreml tinchlik rejasi tafsilotlari haqidagi xabarlar fonida Rossiya Istanbulda muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor ma’lum qildi. «Moskva muzokaralarga ochiq. Pauza, aslida, Kiyev rejimi bu muloqotni davom ettirishni istamasligi tufayli yuzaga keldi», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Turkiyada tashrif bilan bo‘lib turgan Volodimir Zelenskiy mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga vositachilik qilgani va «urushni ishonchli va munosib yakunlashning haqiqiy yo‘li»ni muhokama qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

«Biz Ukrainada shu yil boshidan buyon prezident Trampning barcha qat’iy qadamlari va yetakchiligini, bu urushni tugatish bo‘yicha har bir kuchli va adolatli taklifni qo‘llab-quvvatlaymiz. Va faqat prezident Tramp va AQSh urush nihoyat tugashi uchun yetarli kuchga ega. Prezident Erdo‘g‘an bugun men qo‘llab-quvvatlagan muloqot formatlarini taklif qildi va Turkiya zarur maydonni taqdim etishga tayyor ekani biz uchun muhim. Biz natija berishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday mazmunli formatlarda ham ishlashga tayyormiz», – degan Ukraina rahbari.

Mavzuga oid